Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Italiyalik sayyoh: «Orolning holatini ko‘rib ko‘zimga yosh keldi...»

Italiyalik sayyoh: «Orolning holatini ko‘rib ko‘zimga yosh keldi...»

Bundan 70-80 yillar ilgari bilol suvlari bilan mavjlanib ko‘zlarni quvontirgan Orol bugun qaqrab, qurib bormoqda. Yaqin o‘tmishgacha Mo‘ynoqliklarning eng yaxshi dastyori hisoblangan kema va paraxodlardan bugun bir uyum temir qoldiqlari qolgan. Bir paytlar toshqin suvlari bilan mavjlanib, baliqlarga makon bo‘lgan bu dengiz uchun Ona-tabiat odamzotdan qasos olayotgandek go‘yo.

Azim Amudaryo va Sirdaryoning suvlari ko‘p yillar davomida Orolga yetib bormadi. Buning natijasida Ummon bir necha yuz kilometr nariga siljidi. Mo‘ynoqning biqinida joylashgan Oroldan endi Kemalar qabristoni deb nomlangan manzillar qoldi.

II Xalqaro baxshichilik festivali doirasida xorijiy mehmonlar, olimlar, madaniyat va san’at ustalari, baxshi va jirovlar, ommaviy axborot vositalari vakillari Mo‘ynoqqa safar qilishdi.

Qaqragan, chanqagan Orolga san’at sehri ila taskin berish, musiqa orqali Ona tabiatga bo‘lgan muhabbatini izhor qilish uchun tashrif buyurgan festival ishtirokchilari uchun Mo‘ynoq safari unutilmas lahzalar bilan boyidi. Sayohat chog‘ida Orol dengizi tarixi muzeyida bo‘lib, u bilan bog‘liq eksponatlar, suratlar va videofilmlarni tomosha qilishdi.

- Men videofilmda ko‘rgan tasvirlar bilan bugungi Orolning holatini solishtirib ko‘rishga botinolmadim. Ko‘zlarimga yosh keldi. Dengizning katta qismi o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘lmagan. Bunday fojeaga insoniyatni o‘zi sababchi. Biz tabiatga munosabatimizni o‘zgartirishimiz lozim. Juda xafaman. «Orol sendan umidiz bor, ortingga qayt, Seni butun insoniyat kutmoqda deya dod solgim keldi», - deydi italiyalik Sara Gigante.

Mo‘ynoq mehmonlari uchun Ekologiya muzeyida musiqiy guldasta tayyorlandi. Diltortar navolar, go‘zal xonishlar yangradi. Baxshi kuylari jarang sochdi. Bir so‘z bilan aytganda, tashrif buyurganlar qaysi kasb egasi, qanday millat vakili bo‘lmasin, Orol dengizi taqdiriga dahldorlik tuyg‘usini namoyon etdi. Bir muddat bo‘lsada Baxshi navolarini, musiqa ohanglarini sog‘ingan Orolga quvonch baxsh etildi go‘yo.

Biz bag‘ringga kuy qo‘shiqlar bilan yana qaytamiz, Orol!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring