Prezident yangi farmonni imzoladi
Orolbo‘yi mintaqasida tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni e’lon qilindi.
Unga ko‘ra investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati hokimligining 2022-yil 1-yanvardan:
2031-yil 1-yanvargacha Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlik sub’yektlari uchun:
foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, ijtimoiy soliq, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha o‘rnatilgan soliq stavkalarini 1 foiz etib belgilash;
mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summadan 1 foiz miqdorida belgilash;
2025-yil 1-yanvargacha Xorazm viloyatining Tuproqqal’a, Yangiariq, Yangibozor tumanlarida yangi tashkil etiladigan va shu tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan holda faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlik sub’yektlari (klasterlar bundan mustasno) bo‘yicha:
foyda solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalarini 50 foizga kamaytirish;
ular tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan o‘z ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) ehtiyojlari uchun olib kiriladigan xomashyo, materiallarni bojxona bojidan ozod qilish;
Xorazm viloyatida yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlarga, daraxtlarning qator oralaridan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun foydalanilishidan qat’i nazar, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lash bo‘yicha imtiyozli davrni besh yil etib belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-avgustdagi “Investitsiya loyihalarini tashqi infratuzilma bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5233-son qaroriga muvofiq zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ta’minlanadigan investitsiya loyihalari qiymati kamida 50 milliard so‘m miqdorida belgilandi.
Bunda, ushbu tartib bo‘yicha 50 milliard so‘mdan 200 milliard so‘mgacha bo‘lgan investitsiya loyihalarining tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlar ushbu loyihalar qiymatining 20 foizidan oshmasligi lozim.
Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Markaziy bank (M.Nurmuratov) bilan birgalikda Xorazm viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan ortda qolayotgan va ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan 98 ta mahalla uchun 2022-2026-yillar davomida:
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida:
“mahallabay” ishlash tizimini joriy etish maqsadida 200 milliard so‘m;
aholini tadbirkorlikka o‘qitish va jalb qilish loyihalarini amalga oshiradigan nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 50 milliard so‘m miqdorida kredit resurslari ajratilishi ko‘zda tutiladi;
O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan infratuzilmani rivojlantirish uchun 150 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ta’minlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter