Istanbulda Markaziy Osiyo mamlakatlarida qurg‘oqchilikka qarshi kompleks kurash muhokama qilindi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Global Ekologik Jamg‘arma (GEF)ning moliyaviy ko‘magi bilan CACILM-2 – «Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish» mintaqaviy loyihasini amalga oshirmoqda. Ushbu loyihaning O‘zbekistondagi jamoasi mintaqaning boshqa mamlakatlari vakillari bilan birgalikda Markaziy Osiyoda qurg‘oqchilikka qarshi kompleks kurashishni rejalashtirish bo‘yicha Istanbulda o‘tkazilgan seminarda ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, 2000-2016-yillarda Markaziy Osiyoda qurg‘oqchilikdan ko‘rilgan iqtisodiy yo‘qotishlar 2 milliard dollardan oshgan. Hukumatlararo komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi allaqachon qurg‘oqchilikning tezligi, intensivligi va davomiyligini oshirib, ko‘plab iqtisodiyot tarmoqlariga, jumladan oziq-ovqat va energiya ishlab chiqarishga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
«Olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yaqin kelajakda bu sohadagi harakatsizlik bahosi bugungi harakat bahosidan 10 baravar yuqori bo‘ladi, ya’ni landshaftni tiklash va qurg‘oqchilik xavfini boshqarish dasturlariga bugun investitsiya qilingan bir dollar kelajakda o‘n dollarni tejaydi», – dedi CACILM-2 loyihasining mintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi Mahmud Shoumarov.
Seminarda qayd etilganidek, BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi Konvensiyasi Qurg‘oqchilikka qarshi kurash tashabbusini yo‘lga qo‘ydi va bu o‘z navbatida qurg‘oqchilikka qarshi kurash bo‘yicha milliy rejalarni ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni boshladi. O‘zbekistonlik ishtirokchilar olgan bilim va tajribalaridan mamlakatda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash choralarini qo‘llab-quvvatlashda foydalanishlarini ta’kidladilar.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekistonda loyiha Qishloq xo‘jaligi vazirligi va bir qator milliy hamkorlar bilan hamkorlikda qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga eng moyil hududlar – Buxoro viloyatining Buxoro va Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanlarida amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida mutaxassislar sho‘rlanish jarayonlarini boshqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar ishlab chiqmoqdalar, shu jumladan, joylarda sho‘rlanishni kamaytirish bo‘yicha innovatsion yondashuvlar va texnologiyalar, shuningdek,sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli ekinlar ekish yo‘lga qo‘yilmoqda. FAO tomonidan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari, issiqxonalar va boshqa daromad olish vositalari mahalliy dehqon va fermerlarga topshirilmoqda. Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter