Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islom dunyosi ilmda nega G‘arbdan ortda qolmoqda? Islomshunos olim Mubashshir Ahmad javob beradi

Islom dunyosi ilmda nega G‘arbdan ortda qolmoqda? Islomshunos olim Mubashshir Ahmad javob beradi

– Mubashshir domla, dunyoda ro‘y berayotgan turfa hodisalarni sinchkovlik bilan kuzatib borishingizdan xabardormiz. Yangi yuzyillikda o‘zga din vakillari zehniyatida musulmonlardan qo‘rqish, hadiksirash tuyg‘usi ildiz otdi. Qolaversa, muqaddas dinimizni yomonotliq qilish, ahli mo‘mindan «olabo‘ji» yasash avj olgan. Hatto G‘arb rasmiy doiralarida musulmonlar soni oshib borayotganidan ochiq xavotir bildirilmoqda. Cizningcha, islomofobiyaning asl sababi nima? Bu holning vujudga kelishida xudkushlik, xunrezlik singari jinoyatlarga qo‘l urayotgan ayrim qibladoshlarimizning ham aybi yo‘qmikan? 

– Siz sanagan holatlar bizning asrimizda paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Johiliyat arablari yangi va oxirgi hanafiylik dinini qabul qilmay, unga qarshi kurashni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam davrlaridayoq boshlagan edi. Bu qarshilik hozirga qadar bir kun ham to‘xtagan emas. Salb yurishlari, mo‘g‘ul vayrongarchiliklari va musulmon o‘lkalarning keyingi istilolari fikrimiz dalilidir. Bu haq bilan botilning, diyonat bilan zalolatning ziddiyati bo‘lib, u Qiyomatga qadar davom etadi.

Mazkur qadim munoqashaning bugunida vositalar bir oz o‘zgargan, albatta. Bizning davrimizda o‘tmishdagi harbiy yurishlar o‘rnini mafkuraviy kurashlar egallagan. Bunda islomofobiyadan qurol sifatida foydalanilmoqda. Dinidan chekingan, diyonati nochor, ilm-ma’rifati haminqadar va islomi ko‘proq zohirda aks etgan hozirgi musulmonning ahvoli esa muxoliflarga qo‘l kelmoqda. Ularning «musulmon qashshoq, johil, madaniyatsiz, terrorchi bo‘ladi, mutaraqqiy insoniyatga qarshi chiqadi» qabilidagi g‘arazli fikrlariga misol bo‘ladigan toifalar islom olamida ko‘plab topiladi. Zamondosh musulmon mutafakkirlar muammo tashxisini qo‘yib, yechimlar berayotganiga qaramay, afsuslar bo‘lsinki, ahvol kundan-kun og‘irlashmoqda. Nazarimda, islomofobiya qo‘lida o‘yinchoq bo‘lishimizga jaholat, qashshoqlik, qoloqlik va ongsizlik kabi ichki; nifoq, tamagirlik va g‘araz kabi tashqi omillar sabab bo‘lmoqda. Biz o‘zimizga daxldor ichki omillarni muolaja qila olsak, tashqi omillar o‘z-o‘zidan kuchiyu ta’sirini yo‘qotadi.

– Bizni ko‘pdan beri o‘ylantirib kelayotgan yana bir masalada fikringizni so‘rasak. Arab o‘lkalari boylarining hashamat va dabdaba ichida hayot kechirishi zarbulmasal bo‘lib ketgan. Ajabki, to‘qlikka sho‘xlik qabilida aql bovar qilmas noma’qulchiliklarni o‘ylab topayotgan boyonlar boshqa diyorlardagi dindoshlari bir burda nonga zor ekani bilan ishi yo‘q. Nima, ular isrofdan yiroq bo‘lish xususidagi ilohiy amrlardan bexabarmi? «Yon qo‘shnisi ochligini bilaturib, to‘q uxlagan kimsa menga imon keltirmabdi» degan mazmundagi hadisi shariflarni o‘qimaganmi? Musulmonlar nega bunday xudpisand, dunyoparast bo‘lib ketdi?

– Bu, asli, nafaqat musulmon boylar, balki farovon yashayotgan va Ollohning risolatidan uzoqlashib ketgan har bir qavmga xos qusurdir. G‘arbdagi bir-ikki kamtarin va insonparvar boyning mehribonlik va saxovatpeshaligini ko‘z-ko‘z qilib targ‘ib etilishi ularda bu muammo yo‘qligini anglatmaydi. Agar arab boylari boshqa qit’adagi inson bilan davlatini baham ko‘rmayotgan bo‘lsa, g‘arblik g‘ayridin boyon o‘sha qit’adagilarning qo‘lidagiga chang solmoqda. Bu o‘rinda yarim asr oldin rasman tugatilgan bo‘lsa-da, bugun yangi shakl-nizomda yashayotgan zamonaviy mustamlakachilik va jafokash millatu davlatlar ustida kechayotgan turfa o‘yinlar nazarda tutilmoqda.

Endi bu borada faqat arab boyigina yomon emasligi ma’lum bo‘lgach, asosiy sababni aytaman: inson davlatmand va qudratli bo‘lib, o‘zida ehtiyoj kamaygani sari tug‘yonga keta boshlaydi. Olloh taolo aytadi: «Yo‘q! Albatta inson tug‘yonga ketadi, o‘zini boy ko‘rgani uchun» («Alaq» surasi, 6-7-oyatlar). Qur’oniy iboraga e’tibor bering! Tug‘yonga ketish sababi boy bo‘lish, deyilmayapti, balki «o‘zini boy ko‘rgani uchun» degan ibora ishlatilmoqda. Ya’ni, islom ta’limotiga ko‘ra, inson hech qachon boy va behojat bo‘la olmaydi. Zotan, uning qo‘lidagi davlati ham, o‘zi ham Ollohnikidir. Qo‘lidagini o‘ziniki deb o‘ylab, bu borada Ollohning haqqini unutar ekan, u tug‘yonga ketadi. Modomiki, u o‘zini boy sanamay, mol-mulki unga Olloh tomonidan sinov tariqasida muvaqqat berilganini anglasa, minba’d haddidan oshmaydi. Davlatini haloldan topib, halolga – Olloh buyurgan amallarga sarflaydi. Demak, muammo arab yo musulmonlikda emas, balki Ollohning risolati va ta’limotlaridan uzoqlashuvda ekan. Agar mol-mulk to‘g‘risidagi e’tiqod va tushunchalarimizni to‘g‘rilab olsak, siz aytgan muammo ham bartaraf bo‘ladi.

– Qaysi bir allomaning «Futbolda sevimli jamoasi yutqazib qo‘ysa dod-voy soladigan, ammo tamaddunda ortda qolayotganidan jilla tashvish chekmaydigan ummatning holiga hayronman» degan tanbehini o‘qigan edim. G‘arb dunyosi ilm-fan jabhasida musulmon olamidan ildamlab ketgani ma’lum. Taassufki, aksar musulmon o‘lkalarda fikriy tanazzul hukm surayotir. Birgina ilm-fan yo‘nalishida Nobel mukofoti ko‘rsatkichini tahlil qilib ko‘raylik. Bir asrdan ziyod vaqt mobaynida musulmon olamidan uchtagina olim (Muhammad Abdussalom – fizika, Ahmad Zevayl va Aziz Sanjar – kimyo) ushbu nufuzli mukofotga loyiq ko‘rilgan. Albatta, Nobel mukofoti ilm-fan taraqqiyotining yakkash mezoni bo‘la olmaydi, sovrindorlarni aniqlashda siyosiy omillar rol o‘ynashi-da bor gap. Ammo mazkur raqam bir zamonlar tamaddun beshigi sanalgan diyorlarning qoloqlik iskanjasidan qutulishi qiyin kechayotganini tasdiqlaydi. Sizningcha, islom dunyosi ilm jabhasida nega bunchalar ortda qoldi?

– Siz eslab o‘tgan tanbehni misrlik zabardast alloma, shayx Muhammad G‘azzoliy (1917 – 1996) bergan edilar. Ummatning holiga qayg‘urgan bu zot muammolarni hal etish yo‘llarini izlab umr o‘tkazdilar. Allomaning talay kitoblarini mutolaa qildim. Muammo aniq. Yechim ma’lum. Aslida, jiddu jahd qilinsa, bizdan ham ko‘plab Nobel sovrindorlari chiqishi va hatto musulmonlarning o‘zi shu kabi mukofotlarni ta’sis etishi mumkin. Faqat... ha, hamma gap ana shu «faqat»da.

«Islom dunyosi ilm jabhasida nega bunchalar ortda qolmoqda?» degan savolga turli yo‘sinda javoblar aytilgan. Masalan, islom olamining keyingi asrlarda mustamlaka bo‘lgani va mustamlakachilar jafokash xalqlarni jaholatda ushlab turishdan manfaatdor ekani; musulmon xalqlarning mustabid hokimlari boshqaruv jilovini qo‘ldan chiqarmaslik uchun xalqni qashshoq va johil tutgani yoxud sekulyar qatlamga ko‘ra, bunga eng asosiy aybdor dinning o‘zi ekani haqidagi mulohazalar shular jumlasidan. Lekin bu javoblar muayyan sabablarga ko‘ra to‘g‘ri emas. Chunki mustamlakachilik, istibdod yoki jaholat tanazzul sababchisi emas, balki ularning o‘zi tanazzul asoratidir. Sekulyar fikrning noto‘g‘riligi shundaki, biron din yo ta’limot islom dinichalik ilm-ma’rifatga targ‘ib etmagan. Bunga tarix va buyuk islom sivilizatsiyasi shohid. Sekulyar yondashuv tarafdorlari dinning ilm-ma’rifatga qarshiligi borasida fikr yuritar ekan, islomni o‘zga ta’limotlar bilan qorishtirib yuboradi. Bu – alohida maqola mavzusi. Mavridi kelganda, bunga ham batafsil to‘xtalamiz, inshoolloh. 

Yechimga kelsak, salaflarimizni nima isloh qilgan, ilm cho‘qqilariga olib chiqqan va sivilizatsiya egasiga aylantirgan bo‘lsa, bizning ham najotu muvaffaqiyatimiz aynan o‘sha narsada. U ham bo‘lsa sof islomda! Xalqimiz musulmon, butun islom olamida ham dinga keng erkinlik berilgan, lekin siz aytgan yechim ko‘rinmayapti-ku, deya e’tiroz bildirishingiz mumkin. Gap shundaki, sivilizitsiyaning cho‘qqisiga chiqqan davrdagi musulmon bilan hozirgi qoloq va qashshoq musulmon o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Oldingi musulmon dinini yaxshi bilgan, uning ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilgan. Din va dunyo uyg‘unligini to‘g‘ri anglagan va ana shu to‘g‘ri aqida asosida hayot kechirgan. Hozirgi musulmonga o‘xshab faqat zohiri, surati, shakligina islomiy bo‘lmagan, bil’aks – botini, siyrati, xulqi ham islomiy bo‘lgan. Har ishda Ollohdan qo‘rqish – taqvo uning qon-qoniga singib ketgan. Qur’oni karimda bunday musulmonlarga Ollohning yordami yor bo‘lishi va ular yerda xalifa qilib qo‘yilishi alohida ta’kidlanadi: «Olloh sizlardan imon keltirib, solih amallarni qilganlarga ularni yer yuzida xuddi ulardan oldin o‘tganlarni xalifa qilganidek xalifa qilishni, ular uchun O‘zi rozi bo‘lgan dinni mustahkamlashni va ularning xavf-xatarlaridan so‘ng omonlikni badal qilib berishni va’da qildi. Mengagina ibodat qilurlar va Menga hech narsani shirk keltirmaslar» («Nur» surasi, 55-oyat). Oyati karimada ta’riflangan musulmonning sifatlariga e’tibor qiling: imon keltirgan, solih amal qilgan, Ollohgagina ibodat etgan va Unga shirk keltirmagan. Bu so‘zlarni ko‘p eshitganimiz bois quloqlarimiz ularga o‘rganib qolgan. Lekin bu xislatlarning tub mohiyatini chuqur mushohada qilib o‘zimizni taftish etsak, ulardan juda olislab ketganimizni anglaymiz.

Taassufki, biz Olloh nusrat va’da qilgan va millatlarning peshqadami bo‘lishga haqli millat yoki ummat maqomini boy berganmiz. Mazkur oyatni shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh qanday tafsir etganlariga diqqat qilaylik: «Oldingi o‘tgan ummatlardan qaysi biri Olloh taologa imon keltirgan va bu imoni haqiqiy bo‘lib, butun vujudini qamrab olgan hamda o‘sha haqiqiy imoni taqozosi ila solih amallar qilib hayot kechirgan bo‘lsa, Olloh taolo ularni yer yuziga O‘zining xalifasi etib tayinlab qo‘ygan edi. Yer yuzida hukm yuritilishi uchun ularni O‘ziga o‘rinbosar qilib qo‘ygan edi. Endi o‘shalar kabi yer yuzida xalifa bo‘lish imkoniyati faqat Muhammad sollallohu alayhi va sallam ummatlarida bordir. Ularning mazkur xalifalikka erishishlari uchun asosiy shart  –  imon keltirib, amali solih qilishdir. Islom ummati qachon ushbu shartni bajarganida, Olloh taolo va’dasining ustidan chiqqan» va bundan keyin ham chiqadi.

– Taqsir, xabaringiz bor, din va ilm ahli o‘rtasida evolyusiya (tadrijiylik) nazariyasi borasida munozaralar ko‘pdan buyon davom etib keladi. Ushbu ilmiy yondashuv islom ulamolari tomonidan rad etilgani ma’lum. Ammo keyingi vaqtlarda «evolyusiya nazariyasi islomga zid emas» degan qarash ham ilgari surilmoqda. Masalan, atoqli matematik va adabiyotshunos, akademik Abdulla A’zam jurnalimizda bir necha yil avval chop etilgan «Fan va din: qayta tirilish» nomli turkum maqolalarida evolyusiya nazariyasi fizika va kimyo qonunlari singari Yaratganning irodasini ifodalashi va ushbu ilmiy ta’limot islomiy ta’limotga zid emasligini uqtirgan edi. Bu borada ham fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

– Bu maqolalarni o‘qimagan ekanman. Ammo muallifning «evolyusiya nazariyasi fizika va kimyo qonunlari singari Yaratganning irodasini ifodalashi va ushbu ilmiy ta’limot islomiy ta’limotga zid emas»ligi xususidagi fikrlariga qo‘shilolmayman. Chunki islom ta’limotiga muvofiq, eng kichik zarradan tortib eng katta galaktikagacha – butun olam Olloh taoloning xohish-irodasi ifodasi bo‘lgan «Kun!», ya’ni «Bo‘l!» amri ila vujudga kelgan. Olloh taolo «Yosin» surasining 82-oyatida bunday deydi: «Qachon biron narsani iroda qilsa, Uning ishi «Bo‘l» demoqlikdir, xolos. Bas, u narsa bo‘lur». Lo‘nda aytsak, Olloh taolo biror narsaning yo‘qlikdan borlikka do‘nishini xohlaganda, «Bo‘l!» degan buyrug‘ini bergan va u daf’atan bo‘lgan. Aslida, «koinot» istilohining lug‘aviy ma’nosi ham «bo‘luvchilar» demakdir.

Yaralishning qayeridadir tadrijiylik, ya’ni evolyusiya joriy bo‘lgan esa (ona qornida homilaning tadrijiy rivojlanishi kabi), u ham Ollohning xohishi va buyrug‘i bilan yuzaga kelgan va har bir bosqich Ollohning bo‘ldirishi bilan ro‘y bergan. U jarayonni bir lahzaga bo‘lsa ham o‘z holicha tashlab qo‘ymagan. Biron hodisa Ollohning xohish va buyrug‘isiz, o‘z ixtiyori ila yoki boshboshdoqlik bilan, o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan emas. Hurfikrlilik tamoyiliga ko‘ra jamiyatda olam va odam yaralishi borasida turfa yondashuvlar yashashga haqli. Ammo kamina evolyusiya nazariyasini botil ta’limot deb hisoblayman. Olam yaralganidan beri har bir hodisa va harakat, hatto harakatsizlik ham Ollohning irodasi bilan ro‘y beradi.

– Yaqinda Toshkent viloyatidagi bir ziyoratgohda bo‘ldik. Ne tongki, u yerda ko‘p sonli ziyoratchilar ko‘hna qabr atrofida xuddi Ka’batullohni tavof qilgandek yetti marotabadan aylanayotganini ko‘rdik. Yoki ijtimoiy tarmoqda yurtdoshlarimiz Bahouddin Naqshband ziyoratgohidagi daraxtga sig‘inayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. Siz yo‘lkezar insonsiz, safarlar asnosida bu kabi noxush holatlarga o‘zingiz ham necha bor guvoh bo‘lgandirsiz. Keyingi chorak asrda diyorimizda yuz minglab adadda islomiy adabiyotlar chop etildi. Ammo Kitob va Sunnatda qattiq qoralangan shirk amallari hamon, har qadamda uchramoqda. Xo‘sh, buning boisi ne? Nahot, muqaddas dinimiz javhari – mohiyatini anglab yetishimiz uchun chorak asr kifoya qilmagan bo‘lsa?

– Bu hol e’tiqod sustligi va diniy savodsizlik oqibatidir. Mazkur ikki illat dahriylik zamonida avjiga chiqqani ma’lum, ammo keyingi davrda ham bu sohadagi ishlarimiz bilan maqtana olmaymiz. Siz eslab o‘tgan adabiyotlar aholining hamma qatlamiga yetib bormadi, borganlarida ham muammo ochiq muhokama qilinmadi. Mamlakatimizning aksar hududlarida yurtdoshlarimiz hali ham maqbara qurish, marhumlarga atab jonliq so‘yish va uni ziyoratgoh atrofida tanovul qilish, umuman qabriston ziyoratini dindagi asosiy vazifa deb biladi. Vaholanki, sanab o‘tganim amallarning ayrimlari bor-yo‘g‘i mustahab bo‘lsa, qolganlari makruh yo shirk hisoblanadi. Haqiqat baralla aytilmasa, kishilar islomda man etilgan va eng og‘ir gunoh sanalgan shirkdan butkul xalos bo‘la olmaydi. Muammo va uning yechimini ochiq-oshkora aytish bilan birga, u keng ommaga yetib borishi uchun birgalikda va muttasil harakat qilish lozim. Ana shunda xalqimizning e’tiqodiga raxna solayotgan va uni sof islomdan uzoqlashtirayotgan qabrparastlik kabi xastaliklardan qutulamiz.

– «Ey inson! Sen zamonning Yusufisan, bu olam esa quduqdir. Seni bu quduqdan Olloh taoloning pishiq arqoni – Qur’oni karim xalos etadi. Ey, zamonning Yusufi bo‘lmish musulmon! Qo‘llaringni uzat va bu arqonni mahkam tut, shundagina quduqdan chiqa olasan». Jaloliddin Rumiyning bu o‘giti har birimizni Kalomullohni teran idrok etishga undashi shubhasiz. Qur’oni karim targ‘iboti yo‘lida kamarbasta olim sifatida ayting-chi, bugungi avlodning ilohiy kalomni anglash darajasidan ko‘nglingiz to‘ladimi? U faqat azayu ma’rakada tilovat qilinadigan, sandiqlarda saqlanadigan kitob bo‘lib qolmayaptimi?

– Negadir savollaringizning bari tanqidiy ruhda, pessimistik kayfiyatda. Shuning uchun bu gal boshqacha ohangda javob qilsam. Haqiqatan, Qur’oni karim faqat yodlanadigan va aza-ma’rakalarda o‘qiladigan Kitob emas. U olamlar Parvardigorining insonlarga yuborgan mukammal qo‘llanmasi – hayot dasturidir. Biz uni shunday deb qabul qilaylik. Ana shunda yodlagan oyatlarimiz ma’nosini o‘rganishga, mag‘zini chaqishga kirishamiz. Chunki hamma narsani biluvchi Zot o‘z oyatlarida qanday ko‘rsatmalar berganini bilmoq ham qarz, ham farzdir. Ilohiy ko‘rsatmalarni o‘rganganimizdan keyin esa galdagi vazifa ularni hayotimizga tatbiq etish bo‘ladi. Agar biz shu taxlit sa’y-ko‘shish ko‘rsatsak, qalbimiz tobora yorisha va yumshay boshlaydi. Zotan, ilohiy ko‘rsatmalarga rioya qilish nomai a’molga savob, qalbga nur bag‘ishlaydi. Shu tariqa Qur’oni karimning qolgan qismlarini ham o‘rganishga ishtiyoq ortadi.

Yaratganning ko‘rsatmalariga amal qilgan insonning muammolari go‘zal shaklda yechiladi, hayoti farovonlashadi va ko‘ngliga halovat inadi. Bu ham kishini Kitobni qalbga joylash va o‘rganishga undaydi, albatta. Mana shu zaylda qalblar Qur’oni karimga oshno bo‘ladi. Qur’onga amal qilinmayapti-ku deya yozg‘irmay, har birimiz Ollohning Kalomini baqadrihol o‘rganishga harakat qilsak, muammolar chekina boradi, murod hosil bo‘ladi.

S.Yoqubov suhbatlashdi.
«Tafakkur» jurnalidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring