Ish vaqtida pochta eshiklari nimaga yopiq?
![Ish vaqtida pochta eshiklari nimaga yopiq?](https://static.xabaruz.com/crop/2/6/720_460_95_2615825581.jpg)
«O‘zbekiston pochtasi» AJ Qoraqalpog‘iston filialining Nukus tumanlararo pochta aloqasi bog‘lamasining bir nechta aloqa bo‘limlari eshigi 2018-yil 27-mart sanasida ish vaqtida berk bo‘lgan. Ya’ni mijozlar ichkariga kiritilmagan, xizmat ko‘rsatilmagan.
Bu holat Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilgan navbatdagi monitoring jarayonida aniqlandi, deb xabar berdi inspeksiya matbuot xizmati.
28-mart kuni Inspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi tomonidan «O‘zbekiston pochtasi» AJ Qoraqalpog‘iston filialiga ish vaqtida pochta aloqa ob’yektlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash choralarini ko‘rish yuzasidan ko‘rsatma taqdim etilgan.
Ushbu ko‘rsatmaning bajarilishi yuzasidan «O‘zbekiston pochtasi» AJ Qoraqalpog‘iston filiali tomonidan Inspeksiyaga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, qayd etilgan holatlar yuzasidan mas’ul xodimlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilgan.
Ma’lumot sifatida keltirilishicha, O‘zbekiston Respublikasining «Pochta aloqasi to‘g‘risida»gi qonunining 25-moddasida pochta operatori tomonidan foydalanuvchilarning pochta aloqasi xizmatlaridan erkin foydalana olishini ta’minlashi, ko‘rsatilayotgan pochta aloqasi xizmatlarining sifatini ta’minlashi va pochta aloqasining uzluksiz va xavfsiz ishlashini ta’minlashi majburligi belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter