Ilm yo‘lidagi mashaqqatlar natijasi — qandli diabet-2 kasalligini jarrohlik yo‘li bilan davolash mumkin
Umid Ro‘ziyev — umumiy jarroh, Toshkent tibbiyot akademiyasi xirurgik kasalliklar kafedrasi tayanch doktoranti.
— Umidjon, biz siz bilan 2018 yilda gaplashganimizda «jarrohlik sohasida yangilik bor, shuni ilk amaliyotda qo‘llaganimga uch yil bo‘ldi. Operatsiya muvaffaqiyatli kechdi», deb qandli diabetning ikkinchi tipini jarrohlik yo‘li bilan davolash amaliyoti dunyo miqyosida bir-ikkita davlatda qo‘llanilayotganini, shu amaliyotni siz ham O‘zbekistonda qo‘llaganingiz haqida aytgandingiz. Bu yangilikni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari televideniyeda, bosma va elektron nashrlarda faol yoritgandilar. O‘shandan beri bu sohada qanday o‘zgarishlar bo‘ldi, rivojlanish bormi yo aksinchami?
— Muhayyo opa, keling yaxshisi, men bir boshdan bu soha O‘zbekistonga qanday kirib kelgani haqida gapirsam-da, uni qanday qilib yoritish masalasini siz hal qilsangiz. Chunki bu soha mening hayotim mazmuniga, yashash tarzimga aylangan. Sizga bir narsani aytib o‘tishim kerak, bu sohaning yurtimizda rivojlanishida qisman sizning ham hissangiz bor. Uch yil avval shogirdlaringiz OAV orqali bu sohada olib borayotgan ishlarim haqida qisqa xabarlar berishdi. Bu amaliyotga keng yo‘l ochdi. Lekin baribir chuqur tahliliy axborot zarur. Shuning uchun bir boshdan aytsam agar, bir etak orzu-havaslar bilan klinik ordinaturani bitirib, shifoxonaga ishga kelgan paytlarim kafedramiz mudirining tashabbusi bilan, shuningdek, ingliz va rus tillarini yaxshi bilganim sababli meni Koreyaga tajriba o‘rganish uchun yuborishdi. U yerda olti oy o‘qidim, ya’ni tajriba o‘rgandim desam to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki biz borgan klinikada juda katta jarrohlik bloki mavjud bo‘lib, yo‘lak bo‘ylab 20 ta operatsiya xonalari joylashgan. Deyarli har kuni bu xonalarda ish qizg‘in kechadi. Yo‘lak boshida ro‘yxat osib qo‘yilgan bo‘lib, u har kuni yangilanadi va ro‘yxatda qaysi xonada, qanday jarrohlik amaliyoti bo‘layotgani haqidagi ma’lumotlar bo‘lardi. Biz bir nechta o‘zbekistonlik jarrohlar u xonadan bu xonaga kirib jarrohlik amaliyotlarini kuzatar edik. Tasavvur qiling, shifokorlar, hamshiralar bir soniya ham tinim bilmay u yoqdan bu yoqqa yurib turgan xonada jarrohlik amaliyoti bo‘lyapti, biz ish jarayoniga xalaqit bermaslik uchun devor bo‘ylab qisinib-qimtinib xonaga kiramiz-da, bir chetda turib operatsiya stolida yotgan bemorni, jarrohlar harakatini kuzatamiz. Har kuni operatsiya xonalarini aylanamiz, bu go‘yo tibbiyot turizmi edi (jilmayadi). Xorijdagi hayotim bir necha hafta shu taqlid davom etdi. Keyin men o‘yladim, murakkab operatsiyalarni shunchaki kuzatganimdan nima foyda, Koreyadagi sharoit bizda yo‘q. Operatsiyani mukammal o‘rganish imkonini topsangiz-da, lekin yurtimizga qaytganda buni oddiy sharoit yo‘qligi sababli amalga oshirolmasak o‘rganishdan nima naf, lekin bizning o‘qishimizga sarflanayotgan sa’y-harakatlar, mablag‘ni oqlashimiz kerak-ku, shunchaki kelib, xorijni aylanib ketish emas-ku bu, degan xayollar bilan yurgan kezlarim bir koreyalik professorga duch keldim. U bizdan: «Sizlar qayerdansizlar?» deb so‘radi. Biz O‘zbekistondan ekanligimizni aytdik. Shunda til bilishim menga qo‘l keldi. Professor o‘zini tanishtirdi, mutaxassisligini aytdi: bariatrik va metabolik xirurg. Men jarrohlikning bu yo‘nalishi haqida eshitmagandim, bilmasdim ham. U ushbu yo‘nalishda qandli diabetning ikkinchi tip tashxisini jarrohlik yo‘li bilan davolash haqida gapira ketdi. Men hayratda qoldim: qanday qilib qandli diabetni jarrohlik yo‘li bilan davolash mumkin? U ingliz tilida gapirardi: qandli diabet, 2-tip, jarrohlik... Men tilni yaxshi bilaman, lekin quloqlarimga ishonmasdim. Chunki kasallikning bu turi jarrohlik yo‘li bilan davolanishi mumkinligini eshitmagandim. Men uyalib qolmaslik uchun u nima desa «ha-ha» ishorasini qilib, jon qulog‘im bilan uni tingladim. Agar istasang, hozirning o‘zida operatsiyam bor, birga ishtirok etishing mumkin, deb qoldi professor. Xullas, u bilan birga operatsiyaga kirdik. Har doimgidek devor bo‘ylab, bir chetdan... jarrohlarga xalaqit bermaslik uchun jarayonni jim kuzatdik. Ikki yuz kilolik bemorni g‘ildirakli stolda olib kirib, operatsiya stoliga olishdi. Operatsiya xonasidagi sharoit, uskunalar menga notanish. Texnologiya ilg‘or. Menga notanish lazer uskunalarida operatsiya boshlandi. Jarrohlik amaliyoti bir soat deganda tugadi. Men uchun bu go‘yo kosmik kemani uchirish bilan baravar hayratlanarli jarayon bo‘ldi. Koreyalik bir magistrni tanirdim, o‘shani sekin gapga tortdim. Nima bo‘ldi hozir, bu qanaqa operatsiya, uni so‘rovga tutdim. Ustozi bariatrik va metabolik jarrohlik amaliyoti bilan qandli diabetni davolashini aytganida yana quloqlarimga ishonmadim. Bilsam, bu usul dunyo miqyosida bor-yo‘g‘i bir-ikki davlatda qo‘llanilarkan. Juda qiziqib qoldim. O‘zbekistonga qaytganimda ustozim nimani o‘rganding deb so‘rasa, javobim tayyor edi.
Xullas, yurtga qaytganimda ustozim nimani o‘rganding deb so‘radilar. Aytdim. Ustozim hayron: «Qandli diabetni davolashyapti? Qanday qilib?» Men aytdim: «Shunday-shunday...» ko‘rganlarimni aytib berdim. «Bu haqda adabiyot bormi?» so‘radi ustozim. «Bor, faqat ingliz tilida, tarjima qilib olib kelaman», dedim. Bu yo‘nalishda olib borilgan barcha tadqiqotlar haqidagi ilmiy maqolalarni yig‘ib, rus tiliga tarjima qildim. Tarjima jarayonida jarrohlikning ushbu yo‘nalishiga nazariy jihatdan kirishib ketdim. Tayyor tarjimani ustozim professor Oktyabr Teshayevga berdim. U kishi nazariyani diqqat bilan o‘qib chiqqach: «Ilmiy asoslangan ekan», dedilar. Tushunyapsizmi, bu ilmiy asoslangan amaliyot. Tibbiyotda bu juda muhim.
Tibbiyotda ilmiy asos muhim:
In God we trust, other must bring data!
Misol uchun yaqinda menga bir kishi dori olib keldi: «shuni bemorlaringizga tavsiya qiling, bu juda zo‘r dori, hamma kasalga davo. Sizga daromaddan foiz beramiz», dedi. Men qanaqasiga men buni bemorlarimga tavsiya qilaman, aynan qaysi kasallikka davo bu doringiz deb so‘radim. U «Hamma dardga davo – boshi og‘riydimi, ichi yaxshi kelmaydimi, oshqozoni og‘riydimi, qon bosimi bormi, hammasiga davo», deb shunaqangi ishonch bilan aytdi beixtiyor ishongingiz keladi. Lekin men ilmiy asoslangan ma’lumotlarga tayanaman hamisha. Shuning uchun ham men u bilan tortishib o‘tirmadim-da, shunchaki aytdim: keling, shu dorini hozirgina o‘tkir ko‘richak xuruji bilan kasalxonamizga kelib tushgan yoshgina kelinchakka beraylik, uyda go‘dak bolasi bor, jarrohlik stoliga yotmasin shu dorini ichib, davolanib uyiga, oilasi bag‘riga qaytsin, dedim. U hayratda lol, men davom etdim: yoki bo‘lmasa, xirurgiyada qon bosimi baland, qandli diabetdan aziyat chekib oyog‘i yiringlab amputatsiya qilinishi kerak bo‘lgan bemor bor, bu dorini o‘shanga beramiz, tuzalsin, dedim. Yo‘q, dedi u, bu dori ularga davo bo‘lolmaydi. Xullas, men isbot talab qilaman va o‘zim ham isbot tarafdoriman. Aks holda bu tibbiyotda faol davo chorasi bo‘lolmaydi. Ingliz shifokorlarida juda zo‘r bir maqol bor: In God we trust, other must bring data! Ma’nosi: Biz faqat Xudoga so‘zsiz ishonamiz, qolganlar dalil keltirsin.
Aslini olganda, qandli diabetning ikki turi mavjud — «1-tip qandli diabet» va «2-tip qandli diabet». Birinchi tipi ko‘proq bolalarda uchraydi va u genetik tug‘ma kasallik bo‘ladi. Bu bemorlarda oshqozonosti bezining yaxshi ishlamasligi sababli organizmga insulin moddasi yetishmaydi. Ularga insulin moddasini tashqaridan yetkazib berish kerak. Ya’ni insulinga qaram. Agar insulin yetkazib berilmasa, qondagi qand miqdori oshib ketadi. Bu kabi bemorlarga insulin doimiy ravishda yuborilib turilishi kerak.
«Qandli diabetning 2-tipi» tashxisida bemorda oshqozonosti bezi ishlaydi, ya’ni insulin moddasi normal holatda ishlab chiqaradi, lekin qonda qand miqdori baland. Sababi: insulin glyukozani to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahlil qila olmaydi, ta’sir o‘tkaza olmaydi. Insulin hujayraga boradi, hujayra esa organizmning eng kichik ishchi birligi – tasavvur qiling, katta bir binoning g‘ishti. Oshqozon osti bezi ishlagan insulin hujayraga qondagi mavjud glyukozani qayta ishlashiga yordam beradi. Shu tarzda glyukoza parchalanib, organizmga energiya – quvvat bo‘ladi. Hujayra glyukozani qayta ishlash uchun qondagi glyukozani so‘rib olishi kerak. Shu tariqa qonda glyukoza miqdori normal holatga keladi. Lekin qandli diabetning ikkinchi tipida glyukoza so‘rilmaydi. Chunki organizmning insulinga ta’sirchanligi kamayadi. Hujayra va insulin o‘rtasida to‘siq bor. Organizmda glyukoza me’yordan oshsa, oshqozonosti beziga xabar keladi, oshqozonosti bezi uni normaga tushirish uchun yana isulin ishlab chiqaradi. Organizm insulinni bir birlikda ishlab chiqargan bo‘lsa, shu paytgacha, endi u 2-3-5 birlik ishlab chiqara boshlaydi. Bu degani oshqozonosti bezi besh karra zo‘riqib ishlay boshlaydi. Oqibatda organizm insulinga ta’sirchanligini yo‘qotib boraveradi. Organizmda insulin esa yetarli. Shuning uchun bu kabi bemorlar «insulinga qaram emas» deyiladi.
Bunaqa bemorlar tashqaridan insulin olmaydi. Hapdorilar qabul qilish, parhez tutish orqali glyukoza normal holatga keladi. Birinchi tipda bemorlarda bunaqa emas, ular suv ichsa ham qonda qand miqdori oshib ketaveradi. Jarrohlik amaliyoti faqat ikkinchi tip qandli diabetga nisbatan qo‘llaniladi. Buni tushunish qiyin. Hatto, ba’zi do‘xtirlar buni anglab yetolmaydi: «oshqozonosti bezini ko‘chirib o‘tkazasizlarmi?» deb so‘rashgan paytlar ham bo‘lgan. Bu ikki xil tashxisni ajratib tushunish, anglab yetish qiyin. Eng yomoni, endokrinologlar ham buni adashtiradi. Vaholanki, bu kasallik aslida endokrinologlarning mutahassisligi doirasida o‘rganiladi. Bu kasallikni davolashda bizning asosiy vazifamiz oshqozonosti bezining normal holatda ishlayotganini aniqlashdan iborat. Ya’ni organizmda insulin yetarli miqdorda ishlayapti, lekin unga ta’sirchanlik yo‘qolgan hollarda jarrohlik amaliyoti qo‘llaniladi. Operatsiyadan maqsad — hujayra va glyukoza o‘rtasidagi to‘siqlarni bartaraf etishdan iborat. Xorijning yetakchi ilmiy tadqiqotlarda mana shu kabi dalillar va ularni qanday bartaraf etish yo‘llari asoslab berilgan.
To‘siqlarning eng kattasi bu — ortiqcha vazn. Organizm qancha semirsa, qand miqdori oshib boraveradi. Chunki hujayraning atrofi yog‘ bilan qoplanib, insulinga ta’sirchanlik xususiyati kamayadi. Oqibatda hujayra glyukozani «hazm qilmay» qo‘yadi, bevosita vazifasini bajarishdan to‘xtaydi. Yana bir to‘siq: insulin bilan hujayrani bir-biriga bog‘lovchi vazifasini bajaruvchi kalit moddalar (ingichka ichakning shilliq qavatlarida ishlab chiqariladi) miqdori kamayib ketadi. Jarrohlik amaliyoti mana shu to‘siqlarni bartaraf etadi. Ya’ni operatsiya ichaklarning yo‘lini o‘zgartirishga, oshqozonni kichraytirishga normal holatga keltirishga, organizmni ozdirishga qaratilgan.
Bariatrik va metabolik xirurgiya yo‘nalishining kelib chiqish tarixi
— Mana shu o‘rinda tushuntirib o‘tsangiz, jarrohlik amaliyoti organizmning aynan qaysi a’zosida olib boriladi?
— Operatsiya aynan oshqozon va ichakda o‘tkaziladi.
«Bariatrik» va «metobolik» so‘zlarining ma’nosi lotinchadagi «baros» so‘zidan olingan bo‘lib, «semizlik» degan ma’noni beradi. Avvalo, boshida bu operatsiyani semizlikning oldini olish uchun amalga oshirilgan. Bemorlar vazn yo‘qotib oza boshlagan, misol uchun, 100 bemordan 60 tasida qandli diabet bo‘lgan. Jarrohlik faqat ortiqcha vaznni yo‘qotish maqsadida amalga oshirilgan. Chunki bu amaliyot dastlab faqat «bariatrik» yo‘nalishda olib borilgan, ya’ni qandli diabetni davolashga qaratilmagan. Keyinchalik olib borilgan kuzatuvlardan shu narsa ma’lum bo‘lganki, bariatrik jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan bemorlarda qandli diabet kasalligi bartaraf bo‘lgan. Ya’ni avval faqat semizlikdan emas, qandli diabetdan ham aziyat chekkan bemorlarning qon tahlilida qand miqdori normal holatga tusha boshlagan. Jarrohlik amaliyotidan o‘tgan 40 ta bemordan 39 tasida qandli diabetdan butunlay sog‘ayishi kuzatilgan. Keyinchalik bu amaliyot chuqurroq o‘rganilib, «metabolik» muammolar, ya’ni modda almashinuvi jarayoniga ijobiy ta’siri ilmiy asoslab berilgan. Shuning uchun bu amaliyotning nomi «bariatrik va metabolik xirurgiya» deb atala boshlangan.
Ushbu jarrohlik amaliyoti ortiqcha vaznni yo‘qotishga qaratilganligi bilan birgalikda qondagi qand miqdorini normallashtirish maqsadida amalga oshiriladi. Aslini olganda, qandli diabetning ikkinchi tipidagi kasallik ortiqcha vazndan kelib chiqadi. Ba’zi odamlar unchalik semiz bo‘lmaydi, lekin qorni bor. Bu organizmda yig‘ilgan ortiqcha yog‘ning tashqaridan ko‘rinishi. Agar surishtirsangiz, bu bemor qandli diabet tashxisi qo‘yilishidan oldin ortiqcha vazni bo‘lgan. Tashxisdan keyin ozadi. Lekin qorin qoladi.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: demak, hamma semizlar ozsa, qandli diabetdan qutulishi mumkinmi? Yo‘q. Chunki organizmda insulin ta’sirchanligining yo‘qolishi sababi faqat semizlik emas. Ilmiy nazariyani oddiy qilib tushuntirganda hujayra glyukoza bilan oziqlana olmagani uchun och qoladi. Natijada hujayra o‘zini yemira boshlaydi. Bemor tabiiy ozganda qondagi qand miqdori normallashmaydi. Agar kuzatgan bo‘lsangiz, bunday bemorlarning vazni normal bo‘lishiga qaramay, kuchli charchoq his qiladi. Chunki organizmdagi hujayralar och, glyukozadan energiya ololmayapti, vaholanki, glyukoza qonda yetarli miqdorda mavjud. Insulinning hujayraga ta’sirchanligi yo‘qolganligi sababli glyukoza hujayraga singib ketolmaydi, natijada boya aytganimdek, hujayra o‘zini o‘zi yemiradi va tana massasi kamayib boraveradi, ya’ni odam ozadi. Glyukoza butun organizmni oziqlantiradigan modda. Yurishingiz, o‘ylashingiz hamma-hammasi glyukozaning energiyasi hisobidan amalga oshadi. Shuning uchun bunday bemorlar oz-ozdan lekin tez-tez ovqatlanib turishi muhim. Ayniqsa, bemor shirinlik yegisi kelaveradi, yeydi, lekin glyukoza qonda qolib ketaveradi, hujayraga singib ketolmaydi. Bu jarayon esa insulin moddasining ta’siri ostida bo‘lishi lozim. Ammo insulin organizmda yetarli bo‘lishiga qaramay, hujayraga ta’sirchanligini yo‘qotgan. Hatto, ozg‘in bemorlarda ham shu holat bo‘lishi tabiiy holat. Ularda faqat kalit moddalarning yetishmasligi sababli shu jarayon ro‘y beradi. Jarrohlikdan keyin ozish bilan tabiiy ozishning farqi bor. Jarrohlik amaliyotidan keyin organizmda moddalar almashinuvi normallashadi. Amaliyotning samarasi shunda.
Ayni paytda men ilmiy tadqiqot ishlarini olib boryapman, mavzu: «Semizlik va qandli diabetning jarrohlik davosi». Jarrohlik amaliyotidan o‘tgan bemorlarni kuzatyapman, 60 nafar diabetikni ikki yil kuzatdik. Jarrohlik amaliyotining samaralik darajasi 96,7% chiqdi. Ya’ni 60 nafar bemordan 59 nafari qandli diabetdan butunlay tuzaldi. Bu juda katta natija. Bu degani bemorlar kasallikdan forig‘ bo‘ldi degani, parhez qilmaydi, dori ichmaydi. Chunki qondagi qand miqdori normallashgan. Endokrinologlar bunday yutuq bilan faxrlana olmaydi. Aslida bu kasallik endokrinologlarning mutaxassisligi darajasida o‘rganiladi. Ularning davo choralarida bu kasallikka davo yo‘q. Vaholanki, bu soha 100 yillik tarixga ega.
Qandli diabet bilan kasallangan bemorlar O‘zbekistonda juda ko‘p. Semizlik bo‘yicha ham biz «ilg‘ormiz». Boshqa davlatlarda buni kuzatmaganman. Tadqiqot ishlarimga semizlik va qandli diabet bo‘yicha aniq statistik ma’lumotlar kerak bo‘lganida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligining saytlarida, statistikasida bu ma’lumotlarni topa olmadim. Yurtimizda semizlik va qandli diabet bilan kasallanish bo‘yicha statistik ma’lumotlarni Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining saytidan topdim. Ishonasizmi, 49%. Bu degani aholining yarmi ortiqcha vazndan aziyat chekadi. Shularning 22% haqiqiy semiz.
(Davomi bor)
Suhbatni jurnalist Muhayyo Saidova yozib oldi.
(Suratlar Umid Ro‘ziyevning facebook akkauntidan olindi)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter