Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ikki idora «o‘yin»laridan charchadik...»

«Ikki idora «o‘yin»laridan charchadik...»

Foto: «Xabar.uz»

Navoiy viloyatining IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi 8-sonli yong‘in xavfsizligi xodimlari shu yilining 1 mayidan ishsiz qoldi. Qizig‘i, 23 yildan buyon «Qizilqumsement» AJ zavodida o‘t balosidan muhofaza qilib kelayotgan shaxsiy tarkib faoliyati negadir to‘xtatildi. Ishsiz qolgan fuqarolarning aytishicha, avvalgi shaxsiy tarkib tugatilib, yangisiga almashtirilgan. G‘alati-ya.....

Zamon shunaqa bo‘ldi. Endi yopiq qozon avvalgiday yopiqligicha qolmaydi. Har bir ishni o‘z nomi bilan atash davri keldi. Yuqoridagi holatni tanish-bilishchilik, oshna-og‘aynigarchilik evaziga cho‘ntak qappaytirish maqsadida o‘ylab topilgan «har ikkala tomonga ham manfaat keltiradigan» ish deyish mumkin. Chunki, bu yumush zavod rahbarlarigayam, yong‘in xavfsizligi boshqarmasi mutasaddilarigayam ziyon keltirmaydi. Xo‘sh, nima bo‘libdi? 20-30 ta odam ishsiz qolsa qolibdi-da. 15 yil ishlaganmi, 20 yil ishlaganmi, eng zo‘r malakali yong‘in xavfsizligi mutaxassisimi – nima farqi bor. Qalovini topib qor yog‘dirayaptilar-ku.

Mulohaza uchun bir gap. Shu kunlarda bu tizimda ishga joylashish «stavka»si qancha mingdir «ko‘ki»gacha chiqqan. Buni tizimda ishga joylashgan har bir xodim bilarkan.

Qaydam. Qo‘lga tushmagan o‘g‘ri emas. Yana bir borki, shamol bo‘lmasa, daraxt uchi qimirlamagay...

Yo‘qsa, 20 nafardan ortiq odamni ishsiz qoldirish kimga kerak?

Tayyor ishidan ajralganlar bir necha bor «Qizilqumsement» AJ korxonasi rahbari Baxtiyor Umrzoqov va Navoiy viloyati Yong‘in xavfsizligi rahbari Zavqiddin Pardayevga murojaat bilan chiqqanlar. Ammo, masala hal etib bo‘lingan, endi to‘rt tomoningiz qibla. Qayerga borsangiz boring, degan javobdan boshqa gap yo‘q. Bu orada har kuni «mehnat daftarchangizni olib keting», deya kadrlar bo‘limidan telefon orqali aytiladigan xabar odamlarning hiqildog‘igacha kelgan. Viloyatdagi xalq qabulxonasiga ham murojaat qildi ertangi kunidan umidi so‘nggan odamlar. Biroq...

Bitta ish o‘rni yaratib, bir odamni band qilish mashaqqat bo‘lib turgan bugungi kunda turli yo‘llar bilan odamlarni tayyor ishidan mosuvo qilib, ishsizlar safiga ongli ravishda qo‘shib qo‘yishni nima deb oqlash mumkin?

G‘.Abdullayev
Navoiy

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring