Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hind sayyohi» yoki yuz yildan so‘ng yana tashrif...

«Hind sayyohi» yoki yuz yildan so‘ng yana tashrif...

«Qozi: Birodar, yaxshi bilasiz, xalqimizning fikr doirasi taraqqiy etmagan, ular bu ishlarning mohiyatini tushunmaydilar. Tafakkuri yuksak bo‘lmagan kishilar qo‘ylarga o‘xshaydilar, har xususida cho‘ponga tobedirlar va o‘z buyuklarining payravidirlar.

Men shunga ham iqror bo‘lib aytamanki, biz buyuklar ham umrimizning aqalli bir daqiqasini xalqimiz osoyishtaligi va saodati yo‘lida sarf etganimizcha yo‘q. Xalqning tinchligi, mamlakatning obodligi kabi masalalar birontamizning xayolimizga kelgan emas. Har bir hokim o‘zini uch tomonning vakillari tanishini istaydi: birinchi — mamlakat, ikkinchi — raiyat, uchinchi — podshoh. Chunki, hokimiyat vatan va millat vujudi bilan bog‘liqdir.

Agar millat mahv etilib, vatan xarob bo‘lsa, na biz hokim bo‘lamiz, na podshoh. To‘g‘ri, bizni amir hazratlari hokim etib tayinlaganlar. Lekin qayerda? Shahrisabzda. Agar Shahrisabz va bu joyning xalqi bo‘lmasa, bizning hokimligimiz xuddi go‘ristonga oqsoqol bo‘lishdek ma’nosiz va kulgili bo‘lar edi. Biz buxoroliklar, bir shaharda hokim bo‘ldik deguncha, mamlakat va xalq huquqini butunlay esdan chiqaramiz. Hatto xudoni ham unutamiz. Vaqtimizni podshohni shod etish yo‘lida sarf etamiz. Qiziq joyi shundaki, bunga ham tuzuk-quruq erisholmaymiz.

Podshohlar qanchalik toshbag‘ir bo‘lishmasin, mamlakatning vayronaligi va xalqning bechoraligiga chidasholmaydi. Shohimizning adolatparvarlik, raiyatdo‘stlik va xalqparvarlikda naziri yo‘qdir. Imonim komilki, u zot hamisha millatning tinchligi, vatanning obodligi bilan shug‘ullanadilar, biroq shu ham aniqki, bir kishining donishmandligi va adolatparvarligi to‘rt million kishilik elga ta’sir etishi qiyin. To‘g‘ri, amirimiz odillar, biroq xizmatchilarining ko‘pchiligi adolat ko‘chasidan o‘tmagan. Shuning uchun, mamlakatimiz haligacha obod bo‘lmaydi va aminmizki, agar shu hol davom etsa, bir umr obod bo‘lmas».

Abdurauf Fitratning «Hind sayyohi» asari bundan 100 yil oldin yozilgan. Shahrisabzga borgan sayyoh tili bilan aytganda «donishmand va olamdagi ahvoldan xabardor bo‘lgan bir kishi» — qozining ushbu javoblari bugungi kunimizni eslatmayaptimi? Oradan 100 yildan ziyod vaqt o‘tganiga qaramay bizdagi ahvol qay darajada? Bir asr oldin yozilgan ushbu kitobda aynan bugungi kun bilan bog‘liq juda ko‘p voqealar qalamga olingan. Tadbirkorlik, hunarmandlik, maddohlik, qozilar bilan oddiy xalq o‘rtasidagi voqealar... bularning barchasi hali hamon davom etayotgandek... «Hind sayyohi»ni o‘qing, sayyohni o‘ylantirgan, qiziqtirgan savollar sizni ham befarq qoldirmasligi shubhasiz...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring