Havo sharida uchish aksiyasi tashkil etildi
Xorazm viloyati 4-sektori, viloyat davlat soliq boshqarmasining tashabbusi bilan viloyat hokimligi, turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat bo‘limi, yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida Xiva shahri va tumani yoshlari uchun havo sharida uchish aksiyasi hamda Ichan qal’aga sayohat tashkil etildi.
Unda Xiva shahri va tumani maktablarining o‘quvchilari, bolalar shaharchasi tarbiyalanuvlari hamda kam ta’minlangan oilalarning farzandlari ishtirok etdi.
O‘quvchi yoshlar Xivaning tarixiy obidalarini havo shari orqali tomosha qildilar.
— Men Ichan qal’ani yuqoridan birinchi tomosha qilishim. Parvoz menga zavq bag‘ishladi. Tashkilotchilarga rahmat, — deydi Xiva shahar bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchisi Shahnoza Niyazmetova.
O‘zbekiston aeronavtika federatsiyasi mutaxassislari Toshkentdan olib kelgan mazkur havo shari mahalliy va xorijlik sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otdi.
— Mazkur havo shari Xivaga yaqinda o‘rnatildi, — deydi Aeronovtika federatsiyasining Xorazm viloyati filiali direktori Ilhom Setmatov. Asosiy maqsadimiz ichki turizmni rivojlantirish, tarixiy shaharlarda sayyohlarga zamon talablari asosida xizmat ko‘rsatish. Bugungi xayriya aksiyasida bolalarga havo sharida uchish tartibi haqida ma’lumot berildi. Ularga Toshkent va Samarqand shahridan kelgan malakali mutaxassislarimiz xizmat ko‘rsatdi. Bolalarning ko‘zlaridagi quvonch bizga ham zavq bag‘ishladi.
Xivalik yoshlar uchun tashkil etilgan mazkur xayriya tadbiri yozgi ta’tilda yana davom ettiriladi.
Dilrabo Quryazova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter