«Hammasining niyati soqqa». «Raqobatsiz yengishga o‘rgangan mahalliy lobbistlarga uyat, uyat!» Ijtimoiy tarmoqlarda kun mavzusi
«O‘zcharmsanoat» assotsiatsiyasi tomonidan mo‘ynali va teri-poyabzal sanoati, shuningdek import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Loyihada yana import uchun boj joriy qilinayotgani, mahalliy ishlab chiqaruvchiga soliq imtiyozlari, sotish uchun preferensiyalar belgilangani ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan keskin qarshi olindi.
Jumladan, taniqli bloger va ekspertlar ushbu qaror loyihasiga tanqidiy munosabat bildirishga ulgurishdi.
Telegramdagi «Davletov.uz» kanali bu loyihadan «lobbizm hidi anqib turgani»ni bildirdi:
Poyabzal va teridan mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi navbatdagi qaror loyihasi e’lon qilindi.
Har doimgidek yana import uchun boj, mahalliy ishlab chiqaruvchiga soliq imtiyozlari, sotish uchun preferensiyalar.
Bularning bari biz — iste’molchilar bo‘yniga yuk bo‘lib tushadi, albatta. Shunday qarorlarda ishlab chiqarish hajmlarini 2-3 barobar oshirish to‘g‘risidagi raqamlar qayerdan olinadi, jarayondan xabarimiz borligi uchun ochig‘ini aytamiz, osmondan olinadi, biron tahlil, axborot sintezi va ekspert hisob-kitoblarisiz 2-3 soat ichida chiziladi, 25-30 yil davomida 2 barobar oshmagan ishlab chiqarish qanday qilib 3 yil ichida 3 barobar o‘sadi?
Ya’ni, lobbizm anqib turgan qarorlarni imzodan o‘tkazish uchun tashqi bezak va kosmetika bu raqamlar.
Taniqli bloger Shahnoza Soatova esa ayollarni qaror loyihasiga faol munosabat bildirishga chaqirdi:
Hurmatli ayollar!
Sifatli tuflilar, lodochkalar, bosonojkalar – xullas, yaxshi poyafzal kiyish huquqimizga zarba berishmoqchi!
Ayollar import poyafzallariga bojni oshirish haqida Prezident qarori loyihasi e’lon qilinibdi. Quyidagi havola orqali kirib, loyihaga munosabatingizni faol ravishda bildiring.
Boj oshsa, sifatli poyafzal yanada qimmatlashadi. Qachongacha bir yilga yetmay poshnasi uzilib, og‘zi ochiladigan oyoq kiyimlarda yuramiz? Qachongacha lobbistlar foydasiga xalq pul to‘layveradi?
O‘zimizda sifatli oyoq kiyim chiqarishni o‘rganishsin avval, keyin chetdan keladigan sifatli tovarlarning yo‘lini to‘sishsin.
Har bir ayol go‘zal, sifatli poyafzal kiyishga haqli. Raqobatsiz yengishga o‘rgangan mahalliy lobbistlarga esa uyat, uyat!
Bloger Nozim Safari esa lobbistlar qonunchilikni juda o‘yinchoq qilib yuborishganini ta’kidlaydi:
Kundan kun g‘alati va tuturuqsiz qonun loyihalarini kiritishmoqda. Endi ayollar oyoq kiyimiga ham davlat bojini oshirishmoqchi. Ichkaridagi ishlab chiqaruvchilarga soliq imtiyozlari berishmoqchi. Mana, ayollar narsasiga ham yetib kelishdi. Bu qaror hech kimga (manfaatdor shaxslardan tashqari) foyda bermaydi. O‘zbekistonga kiradigan ayollar oyoq kiyimi oqimi qora yo‘llarga o‘tib ketadi. Ichkarida narx ko‘tariladi. Milliy ishlab chiqaruvchilar va eksport salohiyatini oshirish maqsadida degan balandparvoz gaplar shunchaki qarorni o‘tkazish va asoslash uchun eng kulguli, lekin samarador formulirovka bo‘lib qoldi.
Mendagi romantika so‘nmoqda. Qonunchilikni xohlagan yo‘lga solishga urinishyapti. Hammasining niyati soqqa. O‘zbekistonda soqqadan boshqa oliy maqsad yo‘q. Soqqa, soqqa, soqqa. Vatan xaqida, xalq haqida gapirganini ko‘rdingizmi, demak uni niyati yanada ko‘proq soqqa. Juda primitiv va zerikarli hayot.
Bilmadim, kirib bu qarorni qo‘llab-quvvatlamaslik haqida sharhlar yozsangiz, bu biron narsaga ta’sir ko‘rsatadimi-yo‘qmi. Bilmayman. Hech narsaga ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin. Barchasiga ishonchim tobora so‘nmoqda. Umid ko‘rmayapman. Yoshu qari, kattayu kichik. Soqqa, soqqa, soqqa. Hech qanday yuksak kelajak yoki olijanob maqsadlar yo‘q. Faqat soqqa. Bugun va hozir. Iloji boricha pirogdan kattaroq qism yulib olish, tamom. Jungli qoidalari.
Taniqli ekspert Aziza Umarova 90 foiz ayollari usti paxmoq qora shippak yoki Pekinning Yabaolu bozoridan dermantinli oyoq kiyim kiyadigan mamlakatda oyoq kiyimlar uchun bojni uch barobar oshirishni taklif qilish ochiq ahmoqgarchilik ekanini yozdi:
Bugun bozorda ayollar oyoq kiyimi uchun e’tiborga arziydigan taklif yo‘q. Bo‘lsa — ko‘rsating.
Eksportni rivojlantirmoqchimisiz? Rivojlantiring. Ammo eksportga moslashuv va mahalliylashtirish tushunchalarini almashtirmang. Butun mamlakat ikki yildan buyon rejaviy iqtisodiyot va tarmoqli lobbizm aralashmasiga botib, uning atrofida aylanib yuribmiz.
Tushuntiraman. Siz erkaklar loferi yoki mokasinalarini xorijga bemalol sotishingiz mumkin, ammo bu — siz O‘zbekistonda ayollar uchun kerak bo‘lgan narsani ishlab chiqara olishingizni anglatmaydi.
Biz — o‘zbek ayollarining shundoq ham omadi chopmagan. Ular doim nimanidir qurbon qilib yashashadi. Eng yomon kiyinganlar ham, eng yomon poyabzalda yuradiganlar ham ular. Chekka qishloqlar haqida esa gapirib ham o‘tirmayman. Bu «kambag‘alchilik» aholiga tiqishtirilgan bojlar sabab kelib chiqqan. Markaziy Osiyoning istalgan mamlakatida poyabzal va kiyim-kechak bizdan arzon turadi!
Bizning ayollar (viloyatlarda) esa butun umr shunday xursandchiliksiz o‘tib ketyapti. Yozda «chips»da, qishda esa jun paypoq ustidan qora shippak kiyib yurishadi. Mavsumga mos oyoq kiyimning o‘zi yo‘q. Biror marta ham o‘zlariga elegant qayiqchalar, botilon, myullar, stiletto, tanketka yoki baletkani ravo ko‘rmay o‘tib ketaveradilar! Ha, ha. Bizning ayollarning na Chimkent do‘konlaridagi poyabzallar, na Bishkekning ulgurji Dordoyidagi oyoq kiyimlar, na MDHlik ulgurjichilar Turkiyada 30-50 dollarga oladigan o‘rta narxdagi sifatli charm tuflilarga qo‘li yetmaydi.
Istanbulning Laleli savdo tumaniga borib, bizdagi bozor va do‘konlarda sotilayotgan g‘arib mahsulotlar bilan solishtirib ko‘ring.
Xulosa: Agar kimdir nechinchidir marotaba o‘ziga ko‘pdan ko‘p imtiyozlar va bojlarga ega bo‘lib olishni xohlasa, shuni tushunib olish kerakki, poyabzalga qo‘yilgan bojning asosiy ta’siri oyoq kiyimning kulrang importi oshishi bo‘ladi. Mana shunaqa.
Ayollar poyabzalini tinch qo‘ying, iltimos, hech bo‘lmaganda oyoq kiyim asosini yaratishni va poshnani to‘g‘ri yopishtirishni o‘rganguningizcha.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter