Hamma o‘qishi kerak: sizning «kinoteatr»ingiz qay ahvolda?
Yoshligimda uyimizda eng ko‘p eshitganim bu «badiiy kitob o‘qigin» bo‘lardi. Menda esa doim bir savol tug‘ilardi «nima uchun badiiy kitob o‘qishim kerak?» Biroq bu savolga o‘zim kutgan javobni hech kimdan olmaganman. Lekin baribir badiiy kitoblarni o‘qirdim. Yillar o‘tib bu savolga javob topdim.
2012 yili AQShga xorijiy stajirovkada bo‘ldim. Unda Kaliforniya shtatidagi bir uchrashuv bir umr yodimda qoldi. Unda taniqli bir rejissyor bilan ijodiy uchrashuv bo‘ladi va barcha xohlovchilar ishtirok etishi mumkin. Mavzu «eng yaxshi kinoteatr va kino». Bunday vaziyatdan foydalanish maqsadida men ham ushbu uchrashuvga bordim. Binoda 100 ga yaqin men kabi qiziquvchilar kelishgan. Barchamiz ushbu rejissyorni kutmoqdamiz. Hammamiz undan qandaydir bir falsafiy yoki professional ma’ruza kutmoqdamiz.
Biz kutgan rejissyor kirib keldi. Oddiy va kamtarona kiyimda. Tashrif buyurganlarning ko‘pligini ko‘rib hayron ham qoldi. Salom-alikdan so‘ng bir qiziq savol bilan barchamizga murojaat qildi. «Dunyodagi eng sifatli va qulay kinoteatr qayerda joylashgan?». Ko‘pchilik hayron qoldi kutilmagan savoldan.
Shunda birinchi qatorda o‘tirgan qiz San-Fransiskoda joylashgan «The Castro Theatre» kinoteatri» deb javob berdi, «sababi u AQShdagi eng qadimiy kinoteatrlardan biridir». Javob noto‘g‘ri.
Shunda ikkinchi qatorda o‘tirgan koreyalik yigit «Seul shahridagi «Sine de Chief» kinoteatri. Unda siz kino vaqtida bemalol ovqatga buyurtma qilishingiz mumkin. Bir vaqtning o‘zida ham kinodan ham ovqatdan zavqlanishingiz mumkin. Shunisi bilan ham qulay hisoblanadi». Javob yana yo‘q.
Teparoqda o‘tirgan qiz qo‘lini ko‘tarib «Men dunyoning ko‘p mamlakatlarida sayyohatda bo‘lganman va albatta ko‘p kinoteatrlarga ham tashrif buyurganman. Sizning savolingizga javob bu - Afinadagi «Sien Thisio» kinoteatridir. Ushbu kinoteatr ochiq osmon tagida joylashgan. Shundoqqina Akropolya va Panteona yonida joylashgan siz o‘zingizni antik davrga sayohat qilganday his qilasiz». Javob yana yo‘q.
Shundan so‘ng auditoriyadagilar yana Londondagi, Moskvadagi, Berlindagi, Tokiodagi 10 ga yaqin kinoteatrlarni nomlari va u yerdagi qulayliklar haqida aytishdi. Barchasiga rejissyor tomonidan javob yo‘q bo‘ldi. So‘ng barcha tashrif buyuruvchilar bir ovozdan topa olmadik, o‘zingiz ayting deyishdi.
Rejissyor tomonidan berilgan javob meni butunlay o‘ylantirib qo‘ydi.
Rejissyor o‘ng qo‘li bilan peshonasiga urib «mana eng zo‘r va sifatli kinoteatr» dedi. Butun zal bir ovozdan kulib yubordi. Shunda u shoshmay ushbu fikrini asoslashga o‘tdi.
«To‘g‘ri bu javobim sizlarga g‘alati tuyulayotgandir yoki meni qarib qoldi deb o‘ylayotgandirsizlar. Yo‘q! Fikrimni sizlarga isbotlab bersam. Har bir inson badiiy kitob o‘qiganida o‘z kinoteatri ishga tushadi va o‘qiyotgan voqeani syujet shaklida ko‘rishni boshlaydi. Kino bu rejissyor tasarrufidagi holatni tasmaga tushgan shakli. Shuning uchun avval kitob o‘qib so‘ng ushbu asarga ishlangan kinoni ko‘rsangiz. Birinchi beradigan savolingiz bu men voqeani yoki aktyorlarni boshqacha tasavvur qilgan edim. O‘xshamabdi, mening Julettam boshqacharoq sal bo‘yi uzunroq edi. Kinoda esa pastroq deysiz, ya’ni siz kitob o‘qish jarayonida o‘z kinoteatringiz ishga tushadi va ushbu kinoni rejissyori o‘zingiz bo‘lasiz. Bu yerda savol tug‘iladi, ya’ni nimaga ba’zi kinolar zerikarli bo‘ladi yoki kinoteatrlar huvillab qolgan. Buning javobini sizlarga tushuntirishga harakat qilaman. Demak, keling avval har birimiz o‘zimizni kinoteatrni qanday qurish mumkinligi haqida gaplashsak. Agar siz ko‘p badiiy kitob o‘qimagan bo‘lsangiz, demak sizning kinoteatringizda 1925 yillardagi, ya’ni Charli Chaplining oq va qora tasmali holatda kinoteatr ishlamoqda. Shuning uchun sizning kitoteatringiz juda zerikarli va sifatsiz. Bunday holatda kitob o‘qiganingizda ko‘ngil aynish, bosh og‘rig‘i va uyqu kabi holatlarga duch kelasiz hamda kitob boshlanmasdan yopiladi. Tasavvur qiling, hozirgi eng kassabop kinoni olaylik, «Avatar» kinosini ham oq-qora tasmada sizga hozir qo‘yib bersam, 10 daqiqadan so‘ng zalda deyarli hech kim qolmaydi. Xuddi shunday badiiy kitobni ham zamonaviy 3D ko‘zoynagida voqealarni ko‘rib o‘qish lozim».
Shunda zaldan savol bo‘ldi, qanday qilib o‘z kinoteatrimizni zamonaviy 3D holatiga olib kelishimiz mumkin?
«Bunda siz ko‘proq kitob o‘qish bilan» deb javob berdi. «Siz dastlabki 5 ta badiiy kitobni o‘qish jarayoningizda syujetlarni oq va qora holatda ko‘rasiz. Shuning uchun dastlabki jarayonda juda ham qiziqarli va hajmi katta bo‘lmagan kitobni o‘qishni tavsiya etaman. 5-10 badiiy kitoblarni o‘qiganingizda siz rangli tasmaga o‘tasiz. Misol uchun «Graf Monte Kristo»ni o‘qiyotganingizda Marselning hatto labini va ko‘z rangini ko‘rishni boshlaysiz. 10-15 chi badiiy kitobni o‘qiganingizdan so‘ng kinoteatringiz barcha syujetlarni va qahramonlarni Full HD formatida ko‘rishni boshlaysiz. Bunda muallif tomonidan ta’riflangan barcha voqealarni ipidan ignasigacha aniq ravshan ko‘rishni boshlaysiz. Bu holatda sizni yarim kechasi o‘yg‘otib o‘qigan kitobingiz haqida so‘rashsa hech ikkilanmay har bir betini aytib berish holatiga borasiz».
Auditoriyadan qiziqqon talabalar tomonidan yana savol bo‘ldi «15-kitobdan keyin qanday kinoteatr bo‘ladi?»
«Dahshat bo‘ladi. Siz 3D tasvirdagi kinoni ko‘rishni boshlaysiz. Siz endi tizimli fikrlashga o‘tasiz. Tasavvur qiling 1000 betli kitobni o‘qiyapsiz. Bunda siz birinchi betdagi syujet bilan 875 betdagi syujetni o‘rtasidagi voqelarni bog‘lay olasiz. Siz muallif yozmagan biroq aytmoqchi bo‘lgan gapini ham tushunishni boshlaysiz. Shuningdek, siz mutolaa qilishni boshlaysiz. Siz savol berishni boshlaysiz, nimaga bunday bo‘ldi, nima uchun yozuvchi qahramonni o‘ldirdi, boshqacha yo‘l tutsa ham bo‘lardiku. Mana shu holatga yetgan insonlardagina fikrlash paydo bo‘ladi, fikr mukammallashsa u g‘oyaga aylanadi, g‘oya noodatiy holatni talab qilsa bu kreativlik bo‘ladi. Agar siz kreativlikni hayotga tatbiq etsangiz bu innovatsiya bo‘ladi».
Mana sizlarga hurmatli tinglovchilar, qayerdan innovatsiya paydo bo‘lishi mumkin.
Ushbu voqeani kuni kecha Prezidentimizning «har bir rahbar kuniga kamida 50 bet kitob o‘qishi kerak», degan so‘zlaridan so‘ng yozishga kirishdim.
Sababi, bugun davlat boshqaruvida, OAV va jamiyatimizda eng ko‘p ishlatilayotgan so‘zlardan biri bu albatta innovatsiyadir. Faqat savol kuniga 1000 marta ushbu so‘zni ishlatganingiz bilan biz biror sohaga innovatsiya o‘z-o‘zidan kirib qolmaydi. Agar biz davlat va jamiyat boshqaruvida innovatsiyani qo‘llamoqchi ekanmiz, avval har birimiz o‘zimizni kinoteatrimiz qaysi ahvolda ekanligiga nazar solaylik. Oq va qora tasmali kinoteatr bilan hech qanday innovatsiya qo‘llab bo‘lmaydi.
Agar har birimizning kinoteatrimiz qaysi holatdaligini aniqlaydigan uskuna bo‘lganda bormi, ko‘pchilik XXI asrda yashab haliyam oq va qora «Chayka» televizorlarda yashab kelayotganiga guvoh bo‘larmidik?! Balki shuning uchun ham innovatsiya juda qiyinchilik bilan jamiyatimizga kirib kelayotgandir. Ko‘p davlat xizmatida faoliyat yuritayotganlarga oxirgi o‘qigan badiiy kitob nomini aytib bering desam, javob oddiy ish ko‘p kitob o‘qishga vaqt yo‘q deb javob berishadi. Shu yerda savol tug‘iladi: nima uchun ba’zi davlat xodimlari berilgan topshiriqlarni to‘liq tushunmaydi yoki o‘z sohasiga yangilik kirita olmaydi? Nimaga judayam yumushi ko‘p Bill Geyts, Barak Obama yoki Ilon Mask har yili o‘zi o‘qigan 10 ta kitoblar ro‘yxatini e’lon qiladi? Bill Geyts bilan intervyusida jurnalist unga savol berdi: «Janob Geyts sizni doim yangilik qilishingizga biz ko‘nikib bormoqdamiz. Faqat savol: ushbu yangiliklarni qayerdan olasiz?» javob juda oddiy bo‘lgandi. «Men kuniga oz bo‘lsa ham kitob mutolaa qilaman. Bu mening doim fikrlarim tiniqligiga va yangilik qilishga kuch beradi».
Har yili dunyo mamlakatlarini kitobxonlik reytingi e’lon qilinadi. 2017-yil yakunlariga ko‘ra Xitoy, Ispaniya va Rossiya davlatlari fuqarolari haftasiga 7-9 soat kitob mutolaa qilishar ekan. Shuningdek, ushbu tadqiqotda aholi soniga nisbatan kitoblar savdosi soni taqqoslanar ekan. Alam qiladigani biz kuchli 100 talikda ham yo‘qligimizdir. Kuchli 20 talikdagi davlatlar bilan davlat boshqaruvida innovatsiyani aniqlaydigan reytingni solishtirsak aksariyat davlatlar mos keladi. Bundan shu xulosaga kelish mumkinki, kitobxonlik rivojlangan mamlakatlarda innovatsion g‘oyalar bilan o‘zaro bog‘liqdir.
Savol: sizning kinoteatringiz qaysi ahvolda?
Otabek Hasanov,
siyosiy fanlar doktori (PhD)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter