G‘uzordagi «noma’lum» kasallik nomi ma’lum bo‘ldi
G‘uzor tumanida «noma’lum» kasallikka chalinib, vafot etgani aytilgan ikki nafar bola va ularning yaqinlari holatini o‘rganish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yuborilgan malakali mutaxassislardan iborat tibbiy guruh ish olib bormoqda.
SSV ularning dastlabki xulosalarini ma’lum qilgan. Aytilishicha, 2019 yilda tug‘ilgan A.N. (o‘g‘il bola) 2022 yil 20 iyun kuni soat 9:40 larda G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasi bolalar reanimatsiyasi bo‘limiga o‘limoldi holatida olib kelingan.
Bolaga «Yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi. Gipertermik va talvasa sindromi. Asorati: toksik ensefalopatiya. Bosh miya shishi. O‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi. DVS sindromi. Karaxtlik 2-darajasi» tashxisi qo‘yilgan. Ko‘rsatilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, shifoxonaga olib kelinganidan 1 soatu 10 daqiqa o‘tib, bolada biologik o‘lim qayd etilgan.
Shu yilning 22 iyun kuni soat 23:05 larda G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasiga 2016 yilda tug‘ilgan A.G. (qiz bola) ham o‘ta og‘ir ahvolda yotqizilgan. U 20 iyun kuni vafot etgan A.N.ning yaqin qarindoshi bo‘lgan. Bu bemorga «Yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi. Virusli intensial sindrom. Toksiko infeksion shok. DVS sindromi. Gemolitik uremik sindrom. O‘tkir buyrak yetishmovchiligi. Anuriya bosqichi. Toksik ensefalopatiya. Miya shishi. O‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi» tashxisi qo‘yilgan.
Bemorni davolash uchun bolalar reanimatologi, bolalar nevropatologi, gematolog, nefrolog, toksikolog va infeksionist mutaxassislar jalb qilingan. Biroq ko‘rilgan davo choralariga qaramasdan, bemor 2022 yil 24 iyun soat 04:00 lar atrofida vafot etgan.
Vafot etgan A.N. va A.G. bir darvozadan kiriladigan ikki hovlida yashagan. Bolalar birga o‘ynagan, ba’zan birga ovqatlangan. Ular bilan kontaktda bo‘lgan 9 kishi profilaktika maqsadida izolyasiyaga olinib, ehtiyot chorasi sifatida o‘ta xavfli infeksion kasalliklarga laborator tahlillar o‘tkazilgan.
Natijada, ayni paytda 2018 yilda tug‘ilgan A.A.da gemorragik isitma gumon qilinmoqda. Shu bois uning qon tahlillarini yakuniy tekshirish va xulosa berish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriyasiga yuborilgan. Bu jarayon esa ma’lum vaqt talab qiladi.
Ma’lumot uchun, gemorragik isitma asosan mayda kemiruvchilardan, hasharot(kana)lardan odamga turli yo‘llar bilan yuqadi.
Ehtiyot chorasi sifatida zarur epidemiologik tadbirlar boshlangan. Bemorlar yashagan xonadonda profilaktik dezinfeksiyalash ishlari o‘tkazilgan. Uydagi ichimlik saqlanadigan hovuzdan laborator tekshiruv uchun namuna olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter