Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gulnora Karimovaning Fransiyadagi aktivlari O‘zbekistonga qaytarildi

Gulnora Karimovaning Fransiyadagi aktivlari O‘zbekistonga qaytarildi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Bosh prokuraturasi tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida G.Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mulklarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida joriy yilning 14 may kuni Fransiyadan 10 million AQSh dollari miqdoridagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Mazkur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetiga o‘tkazib berildi va umumiy tartibda ishlatiladi.

Qayd etish joizki, mulklarni qaytarish bo‘yicha barcha muzokaralar va tadbirlar rasmiy darajada O‘zbekiston qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq olib borilmoqda.

Xususan, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida G.Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 mlrd. AQSh dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveysariya, AQSh, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Mazkur mulklar xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan hibsga olinganligi munosabati bilan, ular G.Karimova (uning oila a’zolari)ning tasarrufida emas. Shu bois, muqaddam ayrim OAVlarda xabar berilganidek, O‘zbekistonga mulklar va mablag‘lar bevosita G.Karimova yoxud boshqa alohida shaxslar tomonidan qaytarilishi mumkinligi haqidagi mulohazalar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi yana bir bor ta’kidlanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring