Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gap bir yon, amal bir yon...

Gap bir yon, amal bir yon...

Foto: «123rf.com»

Bugun so‘z aytgich ko‘p. Bugun mahalla oqsoqoli tinmay ne’matlarni isrof qilmaslik haqida gapiradi. Bugun imomlar iymon-e’tiqoddan ma’ruza o‘qiydi. Bugun muallimlar to‘g‘rilikdan dars beradi. Bugun jurnalistlar turli mavzu va mazmunlarda, ohangjamosini keltirib, uzundan-uzun maqolalar yozishadi… Ammo so‘zlar nishonga tegmaydi! Aksar hollarda hech kimga umuman ta’sir qilmaydi. Mahalla oqsoqolining nasihatlari ham, imom domlalarning ma’ruzalari ham, muallimlarning saboqlari ham va eng achinarlisi, so‘z bilan non topadigan jurnalistlarning ham gapi egasiga yetib bormaydi. Nima uchun shunday? Hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

«Besh barmoq baravar emas, bular orasida o‘z ta’sirini o‘tkaza oladiganlari ham bor», deysizmi? Barakalla! Va bu ta’sirning — so‘zlarning to‘g‘ri nishonga tegishining sababi nima ekan? Bu xususda o‘ylab ko‘rganmisiz?

To‘g‘risi, men buni ko‘p o‘yladim. Gazetalardan birini varaqlab, ichkilikning haromligi, undan yetadigan ofat va zararlar xususida yozilgan bir maqolani o‘qirkanman, o‘ylarimning yechimini topgandek bo‘ldim. Men o‘sha maqola muallifini — so‘z bilan o‘ynashayotgan muxbirni yaxshi taniyman. Bugina emas, o‘sha — to‘g‘rilikdan dars berayotgan muallimni ham, ne’matlarni isrof qilmaslik xususida gapirayotgan mahalla oqsoqolini ham, ma’ruzalari bo‘g‘zidan otilib chiqayotgan imom domlalarni ham yaxshi taniyman. Bu toifa odamlarda bitta xastalik bor: bular gapiradilar, xolos. Bular nasihat beradilar, xolos. Bular ogohlantiradilar, xolos. Bu toifaning amali ko‘p hollarda o‘zi aytayotgan so‘zlarga muvofiq kelmaydi. O‘zi amal qilmayotgan amallar xususida yoshlarga nasihat so‘zlaydi. Ammo hayotda, ishda ibrat bo‘lolmaydi. Hayvonlarga ozor berishning haromligidan ma’ruza o‘qiydigan bir kimsaning odamlar ko‘zidan yiroqda bedanavozlik qilib yurganini ko‘rganlar bor. Gap bir yonda, amal boshqa tomonda!

…Agar o‘z bolamizga so‘zimizni o‘tkaza olmayotgan bo‘lsak, o‘zimizdan xafa bo‘laylik.

Agar mahalla oqsoqolining aytganiga odamlar amal qilishmayotgan bo‘lsa, oqsoqol hazratlari aybni o‘zlaridan izlasinlar.

Agar o‘quvchilar muallimlarni hurmat qilmay, gapiga kirmay qo‘ygan bo‘lsa, muallim janoblar va muallima xonimlar o‘zlarining tarbiyalariga va axloqlariga bir ahamiyat bersinlar.

Agar jurnalistning gapini bugun birov bir pulga olmayotgan bo‘lsa, bu soha odami SO‘Zining qadrini ko‘tarsin, o‘zining qaddini ko‘tarsin.

Bahodir Nurmuhammad

Manba: mspressa.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring