Fransiyaning «Veolia» kompaniyasi Toshkentda ish boshladi
Kecha, 1 iyuldan «Veolia Energy Tashkent» ilgari «Toshissiqquvvati» DUK boshqaruvida bo‘lgan barcha faoliyat turlarini amalga oshirishni boshlagan.
Vazirlar Mahkamasining 594-sonli (22.09.21) Qarori bilan «Veolia Energy Tashkent» kompaniyasiga Toshkent shahrining markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimini ekspluatatsiya qilish, texnik xizmat ko‘rsatish va boshqarish vazifalari yuklatilgan edi.
Bu haqdagi bitim 2021 yil 29-30 sentyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston iqtisodiy forumi» doirasida Moliya vazirligi, Toshkent shahri hokimiyati va «Veolia Energy Tashkent» o‘rtasida imzolangan edi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahar issiqlik ta’minotini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida Fransiyaning «Veolia» (xususiy sherik) kompaniyasiga 30 yil muddatga boshqaruvga berilgan. Dastlabki 2 yilda «Veolia»ga pilot loyiha sifatida Bektemir va Sergeli tumanlaridagi 118 ta ko‘p qavatli uy va 43 ta ijtimoiy soha ob’yektining issiqlik tizimlari modernizatsiya qilinadi (yopiq tizimga o‘tkaziladi).
Pilot loyiha doirasida «Veolia» kompaniyasining 15 mln. yevrolik investitsiyasi hisobiga 13,5 mingta issiqlik va 153 mingta issiq suv o‘lchagichlarini o‘rnatish, 142 ta avtotransport, 451 ta texnika va 1 ta mobil qozonxonani xarid qilish, 1 142 ta issiqlik stansiyasini o‘rnatish va rekonstruksiya qilish, 22,3 gkal/s quvvatli lokal qozonlarni modernizatsiya qilish, 53,4 km issiqlik tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
Loyiha amal qilish davrida xususiy sherik tomonidan jami 181 ta inshoot va qozonxonani modernizatsiya qilish, 575,6 km issiqlik tarmoqlarini qurish, 841,1 km tarmoqlarni rekonstruksiya qilish, 51,5 ming dona issiqlik va 2 464,6 ming dona issiq suv o‘lchagichlarni o‘rnatish, shuningdek, 391 ta maxsus texnika (avtomashinalar) xarid qilinadi.
Mazkur ishlarni moliyalashtirishga «Veolia» tomonidan 362 mln. yevro (shundan, 20 mln. yevro to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya, 342 mln. yevro loyihadan olinadigan foydasi hisobidan) va 982 mln. yevro iste’molchilardan olinadigan to‘lov mablag‘lari hisobidan jalb qilinadi.
Tariflarning keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida aholiga pasaytirilgan tariflarni qo‘llash va ko‘riladigan zararlarni qoplash uchun Toshkent shahar budjetidan 2021-2027 yillarda 8,4 trln. so‘m subsidiya ajratiladi.
Loyihadan oladigan sof foydaning tannarxiga nisbatan 10 foizi xususiy sherikka, undan oshgan qismi esa Toshkent shahar hokimligi qoshida tashkil qilinadigan Jamg‘armaga yo‘naltiriladi. Jamg‘armaga davlat subsidiyalari va iste’molchilardan olinadigan to‘lovlarning kapital ta’mirlash uchun ajratiladigan qismi ham yo‘naltiriladi.
Loyiha ijrosini monitoring qilish uchun Toshkent shahar hokimligida mavjud shtatlar doirasida 4 ta xodimdan iborat davlat-xususiy sheriklik bo‘limi tashkil qilingan.
«Veolia» kompaniyasi tomonidan loyiha amalga oshirilishi natijasida issiqlik ta’minoti samaradorligi 50 foizga oshadi hamda issiqlik yo‘qotilishi 44 foizdan 20 foizga pasaytiriladi, yillik tabiiy gaz sarfi 45 foizga, elektr energiyasi sarfi 25 foizga, ichimlik suv sarfi 40 foizga tejaladi. Shuningdek, loyiha davri mobaynida jami 9,2 mlrd. m3 tabiiy gaz, 3,1 mlrd. kVt elektr energiyasi va 1,1 mlrd. m3 ichimlik suvi tejalib, jami 13,6 trln. so‘mlik xarajatlar iqtisod qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter