Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fransiyada o‘qiyotgan o‘zbek qizi 40 ming yevro grant oldi

Fransiyada o‘qiyotgan o‘zbek qizi 40 ming yevro grant oldi

22 yoshli Sarvinabonu Ahrorova Fransiyadagi nufuzli oliy o‘quv yurtining magistratura bosqichida tahsil oladi.

Ishonch.uz nashrining xabar berishicha, u yaqinda xorijda xotin-qizlar uchun ajratiladigan grantga loyiq deb topildi va o‘zbekistonliklardan birinchi bo‘lib mazkur yo‘nalishda 40 ming yevro pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Samarqand shahrida shifokorlar oilasida tug‘ilgan Sarvinabonu Moskva muhandislik institutining Toshkentdagi filialida bakalavr bosqichini tugatib, magistraturadagi o‘qishini Fransiyada davom ettirmoqda.

«Yoshligimdan fizika, matematika sohasiga juda qiziqaman. Mening eng katta orzum Fransiyada joylashgan “Katta adron kollayder”ni ko‘rish, u yerda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish edi. Shu sababli maktabdan boshlab, keyinchalik institutning bakalavr bosqichini o‘tayotgan vaqtim fransuz va ingliz tillarini yaxshi o‘zlashtirishga, matematika, fizika fanlari bilan chuqur shug‘ullanishga kirishdim. YuNISEF hamda Fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil qilingan loyihalarda muntazam qatnashdim. Bakalavr bosqichini tugatgach, oila a’zolarimga aytmasdan Fransiyaning 5 ta nufuzli oliy o‘quv yurtiga imtihon topshirdim. Buni qarangki, beshta oliygohning barchasiga o‘qishga kiribman. Tanlovim Fransiyada eng nufuzli ta’lim muassasalaridan biri — «Institut Polytechnique de Paris» bo‘ldi. Onam bilan dadam xursandliklaridan yig‘lab yuborishdi. Fransiyaga ketish vaqtim yaqinlashgan sari oyim “Qizim, balki o‘ylab ko‘rarsan, Toshkentda o‘kisang-chi”, deb yuborgilari kelmadi. “Chet elda bir o‘zing qanday yashaysan, qiynalib qolmaysanmi?” deb ko‘p so‘rardilar. Dadam bilan oyim maslahatlashgan holda, biz ham sen bilan birga borib, joylashtirib kelamiz, deb men bilan yo‘lga otlanishdi. Yashash joyim bilan tanishib, institutni ko‘rib, xotirjam qaytib ketishdi», deydi Sarvinabonu.

U xorijda nufuzli tanlovning grantini yutib olganinini quyidagicha izohlaydi:

«Har yili MAGATE yosh olima qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Atom energetikasi” sohasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan 100 nafar xotin-qizga fizika, kimyo sohasida Nobel mukofoti laureati Mariya Sklodovskaya-Kyuri nomidagi “Marie Sklodowska-Curie Fellowship Programme” grantini ta’sis qilgan. Men ham O‘zbekistondan birinchilar qatorida mana shu nufuzli grant sohibasi bo‘ldim. Miqdori — 40 ming yevro. Grant mablag‘ining teng yarmi kundalik xarajatlar uchun, qolgani esa o‘qishga to‘lanadi».

O‘zbekistonlik talaba o‘qishni a’lo baholarga tugatib, yurtimizga yaxshi mutaxassis bo‘lib qaytmoqchi ekanini aytadi.

«Atom energetikasi biz uchun yangi soha va bu borada ko‘plab mutaxassislarga ehtiyojimiz bor. Bu borada o‘rganayotgan bilimlarimni hayotga tatbiq qilmoqchiman», deydi u.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring