Firibgarlik va o‘g‘rilik uchun jazo og‘irlashtirilmoqda
Senatning o‘ttiz ikkinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur Qonun bilan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi Qonunga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Oxirgi paytlarda elektron to‘lov vositalari yoki masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlaridan foydalanib, o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish, firibgarlik, o‘g‘rilik jinoyatlari ko‘p sodir etilmoqda.
Birgina misol: 2022 yilning 7 oyi davomida bank plastik kartalaridan pul mablag‘larini firibgarlik va o‘g‘rilik yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi holati yuzasidan jami 1 812 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bugungi kunda ushbu huquqbuzarlik Jinoyat kodeksining firibgarlik, o‘g‘rilik deb nomalangan 168, 169-moddalari bilan tasniflanmoqda. Biroq ayni paytda ushbu moddalarda belgilangan jazo aybdorlarning chin dildan pushaymon bo‘lib, bu yo‘ldan qaytishi, ahloqan tuzalish yo‘liga kirishi uchun yetarli emasligi, sodda qilib aytganda, jazo yengillik qilayotgani ma’lum bo‘lmoqda.
Shu boisdan ushbu Qonun bilan bunday turdagi jinoyatlar uchun jazo og‘irlashtirilmoqda. Ya’ni endilikda axborot tizimlariga noqonuniy kirib va ulardan foydalanib sodir etilgan firibgarlik jinoyati uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima to‘lanadi. Hozir bu miqdor 100 dan 300 gacha.
Yoki amaldagi normaga ko‘ra ushbu jinoyat uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan bo‘lsa, endilikda bu muddat 5 yildan 8 yilgacha etib qat’iy belgilanmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter