Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolalar o‘yinchoqlari. Farzandingizga ovunchoq tanlashda qiynalyapsizmi?

Bolalar o‘yinchoqlari. Farzandingizga ovunchoq tanlashda qiynalyapsizmi?

Foto: «Tib.uz»

Farzandlaringiz uchun mos o‘yinchoqlar tanlashni bilmayapsizmi? O‘yinchoqlar nafaqat bolalarga yoqishi, balki ular uchun qiziqarli, xavfsiz va yoshiga mos bo‘lishi, shuningdek, barcha me’yorlar va standartlarga javob berishi lozim. Bolalar uchun o‘yinchoq tanlashda nimalarga e’tibor berish darkor?

Avvalo, farzandingiz yoshiga mosini qidiring. Odatda bir yoshga to‘lgan go‘daklar uchun shaqildoqlar, kichkina paxmoq o‘yinchoqlar, uncha katta bo‘lmagan kubiklar va aylanalardan iborat ehromlar (piramidalar) sotib olishadi. 1-3 yoshli bolalar uchun o‘yinchoq idishlar, plastilin, mozaika yoki turli bo‘yoqlar xarid qilish mumkin.

3 yoshdan kattalarga esa chizish uchun uskunalar, masalan, doska yoki rangli bo‘rlar, bo‘yoq va flomasterlar ayni muddao bo‘ladi. Shuningdek, chiroyli bezatilgan qo‘g‘irchoqlar, askarlar va mashinalar, multfilm qahramonlari aks etgan o‘yinchoqlar ham bola uchun zarar qilmaydi. 6 yoshdan katta bolalarga radioboshqaruvli avtomobillar, yasalishi qiyin mayda o‘yinchoqlar, qo‘g‘irchoq, stolli o‘yinlar, boshqotirmalar, avtomat va to‘pponchalar, harbiylarga xos o‘yinchoqlar va musiqali uskunalar juda yoqadi.

O‘yinchoq tanlash qoidalari

Bolangiz uchun o‘yinchoq tanlar ekansiz, uni yaxshilab ko‘zdan kechiring, o‘ramidagi yozuvlarni erinmasdan o‘qib chiqing. Quyidagilarga ko‘proq e’tibor qaratish zarar qilmaydi:

Materiali. O‘yinchoq bola uchun xavfsiz materialdan tayyorlangan bo‘lishi shart. Tabiiy yung va yog‘och materiallardan yasalgan o‘yinchoqlarni sotib olmang. Teridan tayyorlanganlari esa 3 yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlarga tavsiya etilmaydi. Keyinchalik to‘kiladigan va patli yumshoq o‘yinchoqlardan uzoqroq turing. Ular o‘zlarida bakteriya tashuvchanlik xususiyatiga ega bo‘lib, bolalarda infeksiya paydo qilishi mumkin, allergiyasi borlar uchun umuman mumkin emas.

Shakli. Tanlayotgan o‘yinchog‘ingiz turli o‘tkir tig‘larsiz va bolaga jarohat yetkazadigan metallarsiz bo‘lishini ko‘zdan kechiring.

Rangi. Iloji boricha rangi bola tabiatiga mos kelishi kerak. Birinchidan, ushbu holat bolaga dunyoni boricha tasavvur qilishida ko‘maklashsa, ikkinchidan, har xil ranglar ularni qo‘rqitishi, oqibatda turli noxush vaziyatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, qora va juda yorqin ranglardan ham qoching, chunki ular bolaga yomon ta’sir qiladi.

To‘rt oylik go‘daklarga sariq, sabzirang va qizil ranglar mos tushishini inobatga oling, 6 oylikdan yuqori yoshdagilarga kamalakning barcha ranglari mos kelishi mumkin.

Hidi. Do‘konning o‘zidayoq o‘yinchoqni hidlab ko‘rishdan uyalmang. Qandaydir noxush hid kelsa, sun’iy va bola uchun xavfli materialdan tayyorlangan bo‘ladi.

Qo‘llanma. Xariddan oldin qo‘llanma bilan tanishib chiqish maqsadga muvofiq. O‘yinchoqdan to‘g‘ri foydalanish qo‘llanmasi uning o‘rami yoki yorlig‘ida yoki o‘yinchoqning o‘zida ham bo‘lishi mumkin.

Ogohlantiruvchi yozuvlar. O‘yinchoqdan xavfsiz foydalanish qoidalariga alohida e’tibor bering. Masalan:

- “3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tavsiya etilmaydi”, degan eslatma ayni shu yoshdan kichik bolalar o‘ynashi mumkin emasligini bildiradi;

- “Diqqat! Kattalar nazorati ostida foydalaning” — o‘yinchoq yolg‘iz bolalar uchun xavfli bo‘lib chiqishi mumkin;

- “Ehtiyot bo‘ling! Bola qo‘l va tizzalari bilan turmoqchi bo‘lganda yiqilib tushmasligi uchun o‘yinchoqni olib qo‘ying” — belanchak, bolalar krovati yoki aravachalarda uchraydigan eslatma.

Tematikasi. Bolaning psixikasiga ta’sir ko‘rsatuvchi o‘yinchoqlardan yiroq bo‘ling. Psixologlar farzandlar uchun maxluqlar, mutantlar va shunga o‘xshash o‘yinchoqlarni sotib olishni tavsiya etishmaydi.

Haqqoniyligi. Mutaxassislar haqiqiy hayvon va odamlarga o‘xshaydigan o‘yinchoqlarni tanlashni maslahat berishadi, chunki shunda bolaning fikrlash va gapirish qobiliyati osonroq rivojlanadi.

Ovozi. O‘yinchoqdan chiqadigan tovush bolani qo‘rqitishi va qulog‘iga yoqimsiz bo‘lishi kerak emas. Agar musiqali o‘yinchoq xarid qilishni istasangiz, undagi bor ohanglarni eshitib chiqing va bolani qo‘rqitmasligiga amin bo‘ling. Bundan tashqari, tovushni ko‘tarish va pasaytirish funksiyasi borligiga ham e’tibor qarating.

Darvoqe, puflab chalinadigan o‘yinchoqni sotib olayotganda bolalarning labi tegadigan joyga ahamiyat bering — ular yumshoq materialdan tayyorlangan bo‘lishi lozim.

Detallar. Qattiq materiallar — metall, yog‘och va plastmassadan yasalgan o‘yinchoqlar bola tishlari bilan uzib olmasligiga mo‘ljallangan bo‘lishi darkor. Agar qismlarga ajraladigan o‘yinchoq bo‘lsa, u holda o‘tkir va qattiq jismdan tayyorlanmasligi kerak.

Bola yoshi. O‘yinchoq tanlashda qaysi yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallanganiga e’tibor bering. O‘yinchoq o‘rami yoki yorlig‘ida bolalarning yoshi, albatta, ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim:

- bir yoshgacha;

- 1-3 yoshgacha;

- 3-6 yoshgacha;

- 6-10 yoshgacha;

- 10-14 yoshgacha.

O‘yinchoq sotiladigan joylar. O‘yinchoqlarni maxsus do‘konlar va ruxsat etilgan savdo shoxobchalaridan xarid qiling, “qo‘l”dan olishga urinmang.

Emizikli bolalar uchun

Emizikli davrdagi bolalar uchun shaqildoq o‘yinchoqlar ayni muddao, ammo bunda ham ehtiyotlik zarar qilmaydi. Ular ortiqcha bo‘yalgan va chizilgan bo‘lmasligi, og‘irligi 100 gramdan oshmasligi lozim. Iloji boricha qattiq va mustahkam shaqildoqlarni tanlang.

Umuman olganda, farzandlarimiz kelajagi uchun zararsiz o‘yinchoqlarning koni foyda. Agar siz bolangiz uchun mos va xos qo‘g‘irchoq tanlasangiz, farzandning komil inson bo‘lishida poydevor sifatida xizmat qilishi mumkinligini unutmang.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring