Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onadagi «Yoshlar ko‘li» taqdiri: Davaktiv bayonot berdi

Farg‘onadagi «Yoshlar ko‘li» taqdiri: Davaktiv bayonot berdi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Farg‘onadagi «Yoshlar ko‘li» taqdiri bo‘yicha bayonot berdi. Bir necha kun avval OAVda ko‘l joylashgan hudud mahalliy MChJga berib yuborilgani ma’lum bo‘lgandi. 

Farg‘ona viloyati hokimining 2024-yil 29-yanvardagi tegishli qaroriga asosan Farg‘ona shahar, «Oybek» MFY hududida joylashgan sobiq «Yoshlar ko‘li» bino-inshootlari (keyingi o‘rinlarda – ob’yekt) «Unays Building» MChJga investitsiyaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun foydalanish huquqi bilan berilganligi, ya’ni sotilmaganligi ma’lum bo‘ldi, deyiladi agentlik xabarida.

Mazkur masalaga aniqlik kiritish bo‘yicha o‘rganishlarda ushbu ob’yekt Sport vazirligi tomonidan samarali foydalanish uchun Farg‘ona shahar hokimligi balansiga Farg‘ona viloyat hokimining 2022-yil 30-dekabrdagi qaroriga asosan o‘tkazib berilganligi, biroq hokimlik tomonidan ob’yektga nisbatan kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmaganligi aniqlandi.

Ushbu holatda, «Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilangan tartib talablari bajarilmagan.

Xususan, Qonun talablariga ko‘ra, davlat ko‘chmas mulk ob’yektlarini, idoraviy mansubligidan qat’i nazar, operativ boshqaruv huquqi asosida bir davlat muassasasi yoki davlat unitar korxonasidan boshqa davlat muassasasi yoki davlat unitar korxonasiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror Davaktiv agentligi tomonidan tegishli davlat organlari bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilinishi belgilangan.

Shunga ko‘ra, amaldagi qonunchilik bilan belgilangan tartiblar buzilganligi munosabati bilan Davaktiv agentligi tomonidan:

- Sport vazirligiga ob’yektni Sport maktabi balansiga qaytarib olish;

- Farg‘ona viloyati hokimligiga ob’yektni Farg‘ona shahar hokimligi balansiga o‘tkazish va «Unays Building» MChJga foydalanishga berish to‘g‘risidagi qarorlarni bekor qilish bo‘yicha joriy yil 6 mart kuni tegishli ko‘rsatmalar yuborildi.

O‘z navbatida, Davaktiv agentligi tomonidan ushbu davlat mulki ob’yektini tegishli Sport maktabi balansiga qaytarish masalasi qat’iy nazoratga olinishini ma’lum qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring