Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘ona hokimiyati jurnalistga bosim qilganlarni o‘rganishga kirishdi

Farg‘ona hokimiyati jurnalistga bosim qilganlarni o‘rganishga kirishdi

Sharifa Murod

Ijtimoiy tarmoqlarda Buvayda tuman hokimligi nashri «Buvayda ko‘zgusi» gazetasi jurnalisti Sharifa Murod tumandagi fermerning yeri tuman zaxirasiga qaytarilishining qonuniyligini tahlil qilgan tanqidiy chiqishi sababli ishdan bo‘shatilayotgani haqida xabar bergan.

Farg‘ona viloyati hokimligi ushbu holat yuzasidan izoh berib, muammoni o‘rganish uchun ishchi guruh tuzilganini aytgan.

«Sharifa Murodning ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidiy chiqishi uchun ishdan bo‘shatishga urinish bilan bog‘liq holat mas’ul idoralar tomonidan oxirigacha o‘rganib chiqiladi, jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi tasdiqlanadigan bo‘lsa, bunga yo‘l qo‘ygan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi», deyiladi bayonotda.

Xabar qilinishicha, Buvayda tumanidagi fermerning yeri tuman zaxirasiga qaytarilishining qonuniyligi bilan bog‘liq masalani o‘rganib chiqish uchun viloyat hokimligi tomonidan ishchi guruh shakllantirilgan, o‘rganish natijalari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot e’lon qilinadi.

Bugun jurnalist Sharifa Murodning xabar qilishicha, uni ishdan bo‘shatishmaydigan bo‘lgan.

«Bugun ishdaman. Boshliq meni hech nima bo‘lmagandek kutib oldi va topshiriqlarni berdi. Men joylarga maqola tayyorlash uchun chiqib ketyapman», deb yozgan jurnalist.

Ushbu jurnalist birinchi marta bosimga uchrayotgani yo‘q. 2020 yilda u Uchko‘prik tumani hokimiyati va IIB bosimiga uchragandi. Keyinroq unga bosim qilgan tuman hokimi matbuot kotibi ishdan olingandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring