Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Paxtachiga 44 kishilik «desant» tashlandi

Paxtachiga 44 kishilik «desant» tashlandi

Foto: «Xabar.uz»

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov tashabbusi bilan jamoat nazorati guruhi tuzildi.

Turli idora va jamoatchilik tashkilotlari rahbarlari, taniqli shoir, yozuvchilar va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan iborat 44 kishilik «desant» viloyatning eng chekka tumani — Paxtachiga kelib tushdi.

To‘rt sektorga 11 kishidan bo‘lingan to‘rt guruh yana kichik guruhlarga ajralib, mahalla faollari hamrohligida har bir xonadonga kirib, muammolarni o‘rganmoqda. To‘plangan ma’lumotlar viloyat hokimligi shtabiga yetkazilyapti.

Viloyat hokimi vakolat bergan nazorat guruhi vakillari tumanning muayyan masala hal etilishiga bevosita mas’ul bo‘lgan rahbarlarni o‘sha xonadonga chaqirib, muammolar bartaraf etilishini ta’minlashmoqda.

Eng ko‘p murojaat ichimlik suvi, gaz balonlari ta’minoti va ishsizlik muammolari xususida bo‘lmoqda. Paxtachi qurilish-iqtisod kasb-hunar kollejini bitirgan yoshlar deyarli har bir xonadonda bor, aksariyati ishsiz.

Bir qancha yechimini kutayotgan masalalar soatlar ichida bartaraf etildi. Masalan, kecha kechqurun kredit olib, mahallada mini futbol stadioni quraman, degan yigitga ertalabdan «Agrobank» xodimlari kreditni rasmiylashtirib berishdi. Unga stadion qurish uchun joy berildi.

Bir oilaning elektr energiyasi bo‘yicha 1.200.000 so‘m qarzi bor, degan da’vo bilan kelaverib, tinkasini quritgan MIB xodimi va elektr ta’minoti idorasi rahbari ishtirokidagi amaliy tekshiruvlardan so‘ng, oilaning qarzi yo‘qligi aniqlanib, ulardan kechirim so‘raldi.

Ishsiz yoshlarga turli korxonalardagi bo‘sh joylar taklif qilinmoqda.

Xonadonlarda muammolarni o‘rganish davom etmoqda. Bu tajriba viloyatning barcha tumanlarida qo‘llaniladi.

Karimberdi To‘ramurod,
«Xabar.uz» muxbiri, jamoatchilik nazorati guruhi a’zosi.
Paxtachi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring