Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Endi eski elektr hisoblagichni qiyoslashdan o‘tkazish uchun iste’molchi haq to‘lamaydi

Endi eski elektr hisoblagichni qiyoslashdan o‘tkazish uchun iste’molchi haq to‘lamaydi

Foto: «Sputnik»

Maishiy iste’molchilarning elektr energiyasini hisobga olish priborlarini qiyoslashdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi, deb xabar bermoqda «Norma».

Eslatib o‘tamiz, 2018-yil yanvar oyida yangi Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari qabul qilingan edi. Unda hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan faqat zamonaviy hisobga olish priborlari, ya’ni elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) integratsiya qilingan priborlar qiyoslashdan o‘tkazilishi aytilgan. Bundan  zamonaviy talablarga javob bermaydigan hisobga olish priborlarini qiyoslashdan o‘tkazish uchun to‘lovni iste’molchi (mulkdor) mustaqil ravishda amalga oshirishi belgilangan edi.

Yangi qabul qilingan hujjat vaziyatni o‘zgartirdi. Endi har qanday hisobga olish priborini davriy va rejadan tashqari qiyoslashdan o‘tkazish hududiy elektr tarmoqlari korxonalari hisobidan amalga oshirilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan. Buning uchun iste’molchi to‘lovni amalga oshirishi aytilgan barcha normalar Nizomdan chiqarib tashlandi.

Faqat priborga iste’molchi aybi bilan shikast yetkazilgan taqdirda to‘lovni amalga oshirishga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, avval qabul qilingan qarorlarga muvofiq EHNATni joriy etish doirasida o‘rnatilgan hisobga olish priborlarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish 10 yilni tashkil etishi aytib o‘tilgan. Boshqa priborlarni qiyoslashdan o‘tkazish, ilgarigidek, 4 yilni tashkil etadi.

Elektr tarmoqlarining vakolatli xodimi Majburiy ijro byurosi vakili ishtirokida hisobga olish priborini qiyoslashdan o‘tkazish uchun yechib oladi. Bunda hisoblagich va plombalarning butligi tekshiriladi va bu haqda 4 nusxada dalolatnoma tuziladi (bir nusxadan iste’molchiga, hududiy elektr tarmoqlariga, Majburiy ijro byurosiga va metrologiya xizmatiga takdim etiladi). Hisoblagich qayta o‘rnatilganda esa – 3 nusxada dalolatnoma tuziladi, qo‘shimcha ravishda iste’molchiga hisobga olish priborining qiyoslashdan o‘tganligi haqidagi sertifikatning asl nusxasi beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring