Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ekspert Farg‘onadan topilgan «dinozavr» suyaklariga izoh berdi

Ekspert Farg‘onadan topilgan «dinozavr» suyaklariga izoh berdi

Foto: «Xalq so‘zi»

Farg‘ona viloyati Rishton tumani Yangiyo‘l qishlog‘idagi uyda ta’mirlash va rekonstruksiya qilish jarayonida eski pol ostidan noan’anaviy ko‘rinishdagi hayvon qoldiqlari chiqqani xabar berilgandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya muzeyi direktori Ahmadjon Axmedshayev «Xalq so‘zi» nashriga bergan intervyusida mazkur suyaklar dinozavrniki emasligiga ishonishini ma’lum qilgan.

Axmedshayevning fikricha, mavzu davrimizdan 130 — 180 million yillar muqaddam yashagan dinozavrlar haqida ketyapti. Mazkur davrdagi suyak qoldiqlari toshga aylanmagan bo‘lsa, bizgacha yetib kelmaydi. Geografik o‘zgarishlar, tabiiy ofatlar, iqlim o‘zgarishlari uni yo‘q qilib yuboradi. Toshlarga esa bu kabi hodisalarning ta’sir qilishi qiyin. Rishton tumanidagi suyak qoldiqlarining shundoqqina pol ostidan sof suyak holida topilishi shu jihatdan ilmiy asossizdir.

«Dinozavr suyaklariga baho berishda bizning ilmiy tildagi 60 million yillardan dalolat beradigan bo‘r qatlam, yura davri qatlamlari bo‘lishi kerak. Polning shundoqqina ostidagi suyak qoldiqlari neolit, paleolit kabi uzoq davrlardan qanday qilib «eson-omon» «o‘tib oldi» ekan?! Televideniye orqali shu mavzudagi lavhani diqqat bilan kuzatdim. Namoyish etilayotgan tasvirdagi suyaklar esa yaxshi saqlangan. Suyak qismlarini bog‘lab turuvchi vositalarga ham zarar yetmagan.

Mening fikrimcha, suyak qoldiqlari mushuksimonlar oilasiga taalluqli hayvonga tegishlidir. Yaydoq cho‘l hududi bo‘lganligi uchun bu bundan ikki-uch asr oldin, balki undan ham ko‘proq yillarda yashagan cho‘l mushugi, qamish mushugining suyak qoldiqlari bo‘lishi mumkin» degan olim.

Ma’lumot uchun: Fanga ko‘ra, dinozavrlar Yer yuzida fanerozoy eonining mezozoy erasida yashagan. Mezozoy erasi bundan taxminan 250 million yillar avval boshlanib, 66 million yil avval nihoyasiga yetgan.  

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring