Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ekologiya qo‘mitasidan qurilishga ruxsat berish vakolati nega olib tashlandi?

Ekologiya qo‘mitasidan qurilishga ruxsat berish vakolati nega olib tashlandi?

Bugun AOKAda «Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishi holatining kelib chiqish sabablari va ko‘rilayotgan choralar» mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumani keskin savollar bilan boshlandi.

— Bilamiz qurilishlar uchun yer ajratish, ruxsat berishda bir paytlar Ekologiya qo‘mitasidan ruxsatnoma olish tartibi bor edi. Vazirlar Mahkamasining 200-qarori bilan qurilishlarga ruxsat berishda Ekologiya qo‘mitasi chiqarib tashlandi. Ya’ni tadbirkor qo‘mitadan qurilish xohlasa ruxsat oladi, xohlamasa olmaydi. Shaxsan men qurilishlardan manfaatdor va ekologiyaga zarracha achinmaydigan katta kuchlarning lobbisi bor deb o‘ylayman. Qanday qilib ekologiya qo‘mitasi bunga ruxsat berib qo‘ydi. Qurilishlarga ruxsat berish tartibini qo‘mita qaytarib oladimi? O‘zi umuman ekologiya yomonlashayotgan bir paytda nima uchun bu tartib olib qo‘yildi?

— Qurilishlar mavzusi kun tartibida. Yangi qabul qilingan tartibga muvofiq ekologiya shaharsozlik, qurilishlar borasida ma’lum bir talablar doirasida ekspertizadan o‘tkazishda qatnashadi. Yangi tartibga muvofiq ekologiya organlari qurilish ob’yektlariga ruxsat berishda qatnashmayapti, lekin amaldagi qaror loyihasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda, — deb javob berdi «Kun.uz» muxbirining savoliga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi N.Oblamurodov.

Butun dunyoda iqlim o‘zgarishi, o‘rtacha havo haroratining ko‘tarilishi, uning oqibatida atrof-muhitga bo‘lgan salbiy oqibatlar kuzatilayotgani sir emas. Tasavvur qiling, joriy yilning 9 oyi davomida 648 ta sub’yektlarda davlat ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazilib, atrof muhitni me’yoridan ortiq ifloslantirganlik uchun 50 mlrd. so‘mga yaqin miqdorda kompensatsiya to‘lovlari belgilangan. Qolaversa, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi 22 ta korxona faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha sud organlariga tegishli hujjatlar kiritilgan.

Respublikada havo harorati 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni ortgan, cho‘l zonasida, respublikaning shimolida va janubida issiq kunlar soni 25 dan 40 kungacha (15-30 kunlik norma bilan) yetgan bir paytda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi korxonalarning boshboshdoqligi, qurilishlar soni tobora ko‘payib borayotgani vaziyatni battar qiyinlashtirmoqda.

 — O‘zbekistonda, shuningdek, butun Markaziy Osiyoda changli bo‘ronlar juda tez-tez uchraydigan hodisa deb hisoblanadi. Kelib chiqish xususiyatiga qarab changli bo‘ronlar mahalliy (lokal) va frontal deb farqlanadi, — deydi «O‘zgidromet» markazi direktori Sh.Habibullayev. — Changli bo‘ronlar asosan 1 soatdan 5 soatgacha, kamdan-kam hollarda 16-24 soatgacha davom etadi. Poytaxt Toshkentda oxirgi o‘n yillikda chang to‘zonlari 65 % holatda shamol tezliklari 15 m/s va undan yuqori bo‘lgan holatlarda qayt etilgan. 35 % hollarda kuzatilgan chang to‘zon va chang bo‘ron hodisalari shamolning maksimal tezligi 10-14 m/s da kuzatilgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, atmosfera havosi ifloslanishi monitoringini Respublikaning 25ta shaharlarida joylashgan 65 ta statsionar va 2 ta avtomatik kuzatuv postlarida amalga oshirilmoqda. Statsionar postlarda atmosfera havosi ifloslanishi monitoringi sutkada 3 marta (mahallliy vaqt bilan 7:00; 13:00; 19:00) olib boriladi. 26 oktyabr soat 14:00 holatiga ko‘ra dunyo shaharlari orasida havo sifati bo‘yicha 49-o‘rinni qayd etganini ko‘rish mumkin.

«Zamin» XJF bilan hamkorlikdagi loyiha yordamida xarid qilingan 2 ta avtomatlashtirilgan stansiyaning amalga oshirilishi Toshkent shahrida ilk bor atmosfera havosidagi kichik o‘lchamdagi RM 2,5moddalarni ham kuzatish hamda aniq ma’lumotlar tayyorlash imkoniyatini bermoqda», — deya ta’kidlaydi Sh.Habibullayev.

Anjuman doirasida jurnalistlar korxona va ob’yektlarning havoni zararlagani uchun to‘lanadigan kompensatsiya ya’ni mablag‘lar qanday maqsadlar uchun yo‘naltirilayotgani, transport chiqarayotgan zararli tashlamalarni kamaytirish uchun qanday choralar ko‘rilayotgani, «Yashil makon» loyihasi doirasida daraxtlarni ekish va ularni ko‘kartirish borasida qanday monitoring ishlari olib borilayotgani kabi o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

Albatta tashkilotchilarni, ekologik soha xodimlarini jurnalistlarning faolligi quvontirdi. Shu bois kelgusida bunday tadbirlarni qisqa muddatli emas, balki kengroq doirada o‘tkazish, talab va takliflarni o‘rganish masalalari ham o‘rtaga tashlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring