Ekologik jinoyatlarga qarshi kurashishning ustuvor yo‘nalishlariga e’tibor qaratildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida "Xalqaro Orol turizmi" haftaligi doirasida bo‘lib o‘tgan "Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari" konferensiyasida ekologik huquqbuzarliklarni bartaraf etishda Bosh prokuratura va prokuratura organlari bilan samarali hamkorlik olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Xususan, Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Eshbekov ekologik jinoyatlarga qarshi kurashishning ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, ekologik jinoyatlarning global miqyosdagi qiymati har yili taxminan 200 mlrd AQSh dollariga baholanadi. Bunday qonunbuzarliklar bioxilma-xillikning yo‘qolishi, odamlar salomatligi uchun xavflar, iqtisodiy zarar va iqlim o‘zgarishining tezlashishiga sabab bo‘ladi.
Aziz Eshbekov bugungi kunda atrof-muhitni ifloslantirish, daraxt kesish, noqonuniy ov, brakonerlik, noqonuniy qazilma ishlari, yovvoyi hayvonlar va o‘simliklarning noqonuniy savdosi, sohadagi korrupsion holatlarga qarshi kurashish eng ustuvor vazifalardan biri ekanligini qayd etdi. U Jamiyatda ekologik madaniyat, tabiatga javobgarlik hissi va resurslarga tejamkor munosabatni shakllantirish, nazorat samaradorligini oshirish, shu jumladan, tabiatga zarar yetkazish holatlarda javobgarlikni ta’minlash va idoralararo, mintaqaviy hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
Andijon viloyati prokuror o‘rinbosari O‘ktam O‘tayev esa Orol dengizining avvalgi va hozirgi holatini o‘zaro taqqosladi. Davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan islohotlar natijasida hududda cho‘llanish darajasi kamayib borayotganini, hududdagi bioxilma-xillikni saqlab qolish maqsadida turli huquqbuzarliklarga qarshi keskin chora-tadbirlar ko‘rilayotganini, Orolbo‘yidagi yo‘qolib borayotgan o‘simlik va hayvonlar turlarini saqlab qolishga ham asosiy e’tibor qaratilayotganini aytib o‘tdi.
Qashqadaryo viloyati prokuror o‘rinbosari Sirojiddin Fayziyev esa cho‘llanishning oldini olish hamda tabiiy holda o‘suvchi o‘simliklarning noqonuniy kesilishi va savdosiga qarshi kurashning o‘ziga xos xususiyatlariga e’tibor qaratdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab 12 million gektar, 1 daqiqada esa 23 gektar yer cho‘llanmoqda. Hozirda yer yuzining 75 foizi cho‘lga aylangan. Agar bu tahdid davom etaversa, 2050 yilga borib yer yuzining 95 foizi yaroqsiz holga keladi. Cho‘llangan suvli hududlarning 87 foizi oxirgi 300 yil ichida shunday holga kelgan. O‘zbekistonda esa har daqiqada 9 kvadrat metr hudud cho‘llanib bormoqda.
Sirojiddin Fayziyev cho‘llanishga qarshi kurash maqsadida Qashqadaryoda ko‘plab ishlar qilinganini ta’kidladi. Jumladan, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida 2024–2025 yillarda qishloq xo‘jaligi yer maydonlari atrofida 8 mln 205 mingta daraxt ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, atrof muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi yirik sanoat korxonalari va magistral yo‘l yoqalarida 841 mingta ko‘chat ekilib, “Yashil belbog‘”lar tashkil qilindi.
Bundan tashqari, Qashqadaryoda ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish va chora ko‘rish maqsadida ham ko‘plar ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2024 yilda va joriy yilning o‘tgan davrida viloyat bo‘yicha o‘simlik dunyosiga zarar yetkazish bilan bog‘liq 231 ta holat aniqlanib, ularning ma’muriy va jinoiy javobgarlik masalalari hal etildi va tabiatga yetkazilgan 1,7 mlrd so‘mlik zarar undirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter