«Eh, nomard! Halol ishlasang bo‘lar edi-ku» — Samarqandning sobiq hokimi keskin tanqid qilindi
O‘zbekistondagi eng yirik siyosiy nashrlardan biri — «Xalq so‘zi» gazetasi muxbiri Mamadiyor Ziyodinovning Samarqand viloyatidagi so‘nggi voqealarga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi.
Samarqand shahri.
13-iyul kuni xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining navbatdan tashqari ellik uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi I. Abdullayev ishtirok etdi.
Sessiyada Bosh vazir viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida qator muammolar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga to‘xtaldi. Xususan, viloyatda eksport masalasida ahvol yomon ekanligi, ayniqsa, qurilish ishlarida o‘zibo‘larchilikka tashlab qo‘yilganligi, poraxo‘rlik va byurokratizm avj olganligi keskin tanqid qilinib, Prezidentimizning 17-18-mart kunlari viloyatga tashrifi davomida bergan topshiriqlarini bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani, natijada viloyat iqtisodiyotida, shu bilan birga, aholining ijtimoiy hayotida yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlar o‘zgarishsiz qolib ketayotganligi ta’kidlandi.
Bu fikrlarni yarim yillik yakunlari natijalari ham isbotlab turibdi. Masalan, viloyatdagi 4 ta yirik sanoat korxonasida ishlab chiqarish hajmi pasayib ketganligi oqibatida 288 milliard so‘mlik mahsulot hajmi yo‘qotilgan. Bunday salbiy holat, albatta, ushbu korxonalarda ishchi o‘rni qisqarishiga olib keladi. Shuningdek, viloyatda sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash ishlari e’tibordan chetda qolmoqda. Jumladan, viloyatning respublika sanoatidagi ulushi 2017-yilning birinchi yarim yilligida 6,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2018-yilning shu davrida 5,3 foizni tashkil etib, 1,5 foizga kamayib ketgan.
Joriy yilning 1-iyuliga qadar ishga tushirilishi lozim bo‘lgan 16 ta yirik sanoat loyihalari amalga oshirilmagan. Viloyat tabiiy mineral xomashyo resurslariga boy bo‘lib, ulardan samarali foydalanish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Misol uchun, Paxtachida kaolin, granit, gips, Narpayda sement, keramzit, qum-shag‘al, keramika, Nurobodda sement, marmar, ohak, gips va bo‘r, Ishtixonda marmar va keramika kabi zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmagan. Mazkur shahar va tumanlar hokimlari o‘tgan olti oy davomida bironta ham tadbirkor bilan uchrashmagan, aksincha tadbirkorlikni rivojlantirishiga to‘siq bo‘lgan.
Eng achinarlisi, viloyatda faoliyat ko‘rsatmayotgan sanoat korxonalari o‘tgan yilga nisbatan 65 taga ko‘payib, bugungi kunda 238 taga yetgan. Viloyatda 6 oylikda eksport prognozi atigi 62 foizga ta’minlangan.
Kichik biznesni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, qulay investitsiya muhitini yaratish masalalariga umuman e’tibor qaratilmagan. Buning oqibatida bugungi kunda viloyatda ro‘yxatdan o‘tgan 18 ming 856 ta kichik biznes sub’yektlarining 3 ming 458 tasi yoki 18 foizi faoliyat ko‘rsatmayapti. Bundan tashqari, ro‘yxatdan o‘tkazilgan 805 ta tadbirkorlik sub’yektlari bankdan umuman hisob raqam ochmagan.
Investitsiya dasturi doirasida 2018-yilning birinchi yarim yilligida umumiy qiymati 356 milliard so‘mlik 446 ta loyihani amalga oshirish orqali 2 774 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etish belgilangan. Biroq 1 iyul holatiga amalga oshishi lozim bo‘lgan 58 milliard so‘mlik 44 ta loyiha ishga tushirilmaganligi oqibatida 324 ta yangi ish o‘rinlari yaratilmasdan qolgan.
Joriy yilda g‘allachilik bo‘yicha 153 ta fermer xo‘jaligi shartnoma majburiyatini bajarmagan. Shuningdek, 2018-yil hosili uchun viloyat bo‘yicha 2 490 tonna pilla tayyorlash belgilangan bo‘lib, amalda 390 tonna pilla topshirilmadi.
Yoshlar bilan ishlash to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida 2018-yilning o‘tgan davrida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tomonidan jami 590 ta turli ko‘rinishdagi jinoyatlar sodir etilgan.
«Obod qishloq» dasturiga asosan bu yil viloyatdagi 94 ming aholi yashayotgan 29 ta, kelgusi yil yana 119 ming aholi yashayotgan 42 ta qishloq obod qishloqqa aylantirilib, bu yerda yashayotgan halqimiz uchun zarur bo‘lgan sharoitlar yaratiladi. Biroq, viloyatda «Obod qishloq» dasturi ijrosini ta’minlash ishlari sust bormoqda.
Sessiyada Bosh vazir viloyatdagi yana bir qator kamchiliklarni jiddiy tanqid qilib, bunga viloyat hokimining faoliyatidagi jiddiy nuqsonlar sabab ekanligini qayd etib o‘tdi. Shuningdek, ishlab chiqarish, aholi uy-joylari, ijtimoiy soha ob’yektlari qurish uchun qilgan murojaatlarini viloyatdagi soha rahbarlari faqat manfaat evaziga hal qilib berganiga alohida to‘xtaldi.
Samarqand shahrining tarixiy qismida YuNESKOning talablariga zid ravishda qurilish ishlari olib borilgan va bunga bila turib ruxsat berilgan. Ayrim hollarda tarixiy-madaniy ob’yektlar buzilishiga sabab bo‘lgan. Xorijlik sayyohlar Samarqandga yangi binolarni emas, asosan tarixiy-madaniy inshootlarni tomosha qilish maqsadida tashrif buyurishini viloyat hokimi, sohaga mas’ul bo‘lgan shaxslar inobatga olmagan.
Shundan keyin sessiyada tashkiliy masalalar ko‘rildi. Turobjon Jo‘rayev Samarqand viloyati hokimi vazifasidan ozod etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasiga ko‘ra, shu vaqtgacha Surxondaryo viloyati hokimi bo‘lib ishlab kelgan Erkinjon Turdimov Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlandi.
«Bundan 13 oy oldin Turobjon Jo‘rayevning nomzodi viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etilganda, uning Xalq ta’limi vaziri, Moliya vazirining o‘rinbosari, Bekobod tumani, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining hokimi bo‘lib ishlaganidan, bir so‘z bilan aytganda, bosib o‘tgan hayot yo‘lidan qoniqqan edik. Tan olib aytaman, bunday tajribali inson kelishini Samarqandimizning omadi, deb hisoblaganman. Hozir namoyish qilingan videolavhani tomosha qilib, Bosh vazirimizning ma’ruzasini tinglab, boyagi qoniqish va xursandchiligimiz g‘azab va nafratga aylandi.
Odamzotning tili bilan vijdoni boshqa-boshqa bo‘lar ekan. U jamiyatda kim ekanligidan qat’iy nazar, nafsga qul bo‘lib qolarkan. Bu illatni paydo bo‘lishiga, avvalambor, biz, deputatlar, jamoatchilik vakillari yo‘l qo‘ymasligimiz kerak edi. Shuncha ishlar bo‘lib o‘tsa-yu, nahotki hech birimiz bunga qarshilik qila olmadik?! Ko‘zimiz qayoqda ekan, o‘sha paytda?
Kimsan, viloyatning birinchi rahbari, davralarda hammaning qo‘li ko‘ksida, hurmat-izzating joyida bo‘lib turib ham shu ishga qo‘l urish mumkin ekanda. Eng yomoni, Yurtboshimizning ishonchi suiiste’mol qilindi, xalqimizning ishonchi esa poymol bo‘ldi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi eng keksa deputat, «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat kengashi raisi sifatida men o‘zimni kechira olmayman.
Mana shu loqaydligimiz, e’tiborsizligimiz, beparvoligimiz uchun, eng avvalo Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovichdan, Samarqand xalqidan kechirim so‘rayman», - deydi «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi kengashi raisi, viloyat Kengashi deputati Hasan Normurodov.
Buni eshitgan odamlarning «Eh, nomard! Prezident bag‘rikenglik qilib senga ikkinchi marta imkoniyat bergan edi-ku. Joningni jabborga berib, halol ishlasang bo‘lar ediku.» – degan xitoblari bugun ko‘cha–ko‘yda keng yangramoqda.
Malumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev lavozimiga kirishganidan so‘ng «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunni imzolab, mansabdorlar va hokimiyat vakillari qanday ishlashi kerakligini bot-bot takrorlab keldi. Shunga qaramasdan mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar bartaraf etilmayotganligi nihoyatda achinarlidir.
Ha, Yurtboshimiz faoliyatining dastlabki kunlarida «Bizning birinchi galdagi vazifamiz — muammoni tik qarshi olish, ularni hal qilish, adolatni ta’minlash, boshboshdoqlik va korrupsiyaga chek qo‘yish, insonlar hayotini yaxshilashdir», degan edi.
Turobjon Jo‘rayev.
Biroq, Samarqand viloyat hokimi lavozimida ishlab kelgan Turobjon Jo‘rayev o‘zining shaxsiy manfaatlari yo‘lida Prezident ishonchini suiiste’mol qilganligini qanday baholash mumkin? U muammolarni joyida hal etish, viloyat aholisiga yordam ko‘rsatish o‘rniga pora olishning butun bir vertikal tizimini yaratganligi odamlar qalbida cheksiz nafrat tuyg‘usini uyg‘otdi.
Samarqand viloyat hokimligida turar joylar qurish uchun ruxsatnoma berish, yer uchastkalarini taqsimlashda o‘ziga xos «stavka» joriy etilgan. Tergov-surishtiruv ishlari davomida Turobjon Jo‘rayevning o‘zi bu borada biror narsani inkor etmagan. Viloyat hokimligida ishlovchi shaxslar — hokimning qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘tkir Abdullayev, qurilish ishlari bo‘yicha mutaxassis — Bahodir Xo‘jaqulov va viloyat hokimining yordamchisi — Botir Abdullayev ham mazkur jinoiy ishga aloqador hisoblanmoqda.
Qilni qirq yoradigan huquq idoralarimiz tomonidan noqonuniy yo‘l bilan topilgan barcha mol-mulk va moddiy boyliklar ro‘yxatga olingan. Barcha faktlar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda. Ayblanuvchilar hibsga olingan.
Aybdorlar albatta, qonun doirasida jazosini oladi. Lekin yurtboshimiz tomonidan har tomonlama demokratik prinsiplar asosida mamlakatni rivojlantirishga asosiy etibor qaratilayotgan bir paytda, har bir insonning qadr-qimmati ezozlanayotgan shunday ajoyib davrda bunday ezgu ishlarga bajonidil hissa qo‘shadigan, Prezident bilan, oddiy xalq bilan yelkama-yelka turadigan lavozimdagi bunday kimsalarning xurmacha qiliqlari halol odamlarning yuragiga xanjardek botadi. Afsus, ming afsus...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter