DXX 15 kilogrammdan ziyod opiy moddasini olib ketayotganlarni qo‘lga tushirdi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida katta miqdordagi giyohvand modda musodara etildi. Bu haqda O‘zA yozmoqda.
Xususan, Jizzax viloyatining Baxmal tumani «Zafarobod» qishlog‘ida yashovchi 41 yoshli Hosilmurod Elmurodov 15 kilogramm 420 gramm opiy giyohvand moddasini Tojikistonning So‘g‘d viloyati Panjikent tumanidan mamlakatimizga yashirin yo‘llar orqali olib o‘tadi. So‘ngra u ushbu og‘uni Samarqand viloyatiga yetkazish uchun hamqishlog‘i, cho‘ponlik bilan shug‘ullanuvchi Ozod Ochilovni o‘ziga sherik qiladi.
O‘y-xayoli tezroq katta daromad topish ilinjida bo‘lgan Hosilmurod Elmurodov ishga «Zafarobod» qishlog‘idagi 49-maktabda ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlovchi tug‘ishgan akasini ham jalb qiladi.
Shunday qilib, baxmallik «narkokurerlar» tomonidan olib o‘tilgan katta miqdordagi opiy moddasining 13 kilogramm 280 grammi Samarqand viloyati Urgut tumani «Chep» qishlog‘ida yashovchi Shukrullo Suvonovga yetkazib beriladi.
O‘z navbatida, Shukrullo Suvonov opiy moddasini o‘zining «Lasetti» avtomashinasida Samarqand shahriga olib ketayotgan vaqtda qo‘lga olinadi.
Shuningdek, tezkor tadbir davomida Hosilmurod Elmurodovning yashash manzili ko‘zdan kechirilganda 2 kg. 140 gramm miqdorda «opiy» giyohvandlik moddasi aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirilib olindi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter