Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyodagi eng aqlli odamning ayanchli qismati

Dunyodagi eng aqlli odamning ayanchli qismati

Uilyam Jeyms Sidis — amerikalik vunderkind. Uning zakovati Albert Enshteynnikidan 100 ball yuqori bo‘lgan. Bola go‘dakligidanoq fenomenal aqliy qobiliyatlarini namoyon qila boshlagan. Ammo yuqori IQ darajasi Sidisga baxt va muvaffaqiyat olib kelmadi.

Ota-onalar

Uilyam Sidis 1898-yil 1-aprelda Nyu-Yorkda dunyoga kelgan. Uning otasi siyosiy ta’qiblar tufayli AQShga ko‘chib kelgan Berdichevlar avlodidan bo‘lgan. Rossiya imperiyasida Boris Sidis 2 yil qamoqda o‘tirib chiqqan, keyin esa hayotini tubdan o‘zgartirishga qaror qilgan. Amerikada u Garvard universitetini muvaffaqiyatli tamomlagan.

Borisning ustozi amerikalik taniqli psixolog va faylasuf Uilyam Jeyms bo‘lgan. Keyinchalik uning sharafiga o‘g‘lini shu nom bilan atagan. Oliygohni bitirgandan so‘ng katta Sidis bir qancha ilmiy maqolalarini chop etdi va tez orada AQShning eng yaxshi psixologlaridan biriga aylandi. Boris iste’dodli bolalarni tarbiyalashda o‘z tizimini yaratdi va uni o‘z farzandiga tatbiq etdi. Bo‘lajak dahoni tarbiyalashda unga rafiqasi Sara Mandelbaum ham yordam berdi. U ham Boris singari muhojirlikda kun kechirgan. Uni ota-onasi yahudiylar qirg‘inidan qo‘rqib AQShga olib kelgan.

Mandelbaum 1897-yilda Bostonda tibbiy ma’lumotni olgan, ammo o‘z mutaxassisligi bo‘yicha umuman ishlamagan. Buning o‘rniga u butun borlig‘ini o‘g‘lini tarbiyalashga bag‘ishlaydi. Boris va Sora ta’lim olish bolaga hech qachon erta bo‘lmasligiga ishonishgan. Shu bois ular o‘g‘liga go‘dakligidan harflardan iborat kubiklarni ko‘rsatishgan. 7 oyligida Sidis butun alifboni va ko‘plab so‘zlarni bilardi. 2,5 yoshida esa u ingliz va fransuz tillarida testlarni mashinkada tera boshlagan.

Fenomenal qobiliyat

O‘g‘lining muvaffaqiyatidan ruhlangan ota-ona unga yanada ko‘proq ma’lumot bera boshladilar. Olti yoshga kelib bola turli dinlarning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganib chiqdi. 7 yoshida u maktab o‘quv dasturini olti oy ichida o‘zlashtirdi. Bir yildan so‘ng Sidis 4 ta kitob yozdi. U 7 tilni bilardi. 9 yoshida Garvardga o‘qishga kirdi, ammo yoshligi sababli qabul qilinmadi. O‘sha yili Uilyam o‘zining logarifmik hisoblash tizimini ishlab chiqdi. Uning intellekt darajasi 260 birlikdan oshdi. Taqqoslash uchun Albert Eynshtenning IQ darajasi 160 bo‘lgan. Shuning uchun Sidisni butun insoniyat tarixidagi eng aqlli inson deb hisoblash mumkin.

Nihoyatda, Uilyam Garvard talabasi bo‘lishga musharraf bo‘ldi. Qabul qilinganda u endigina 13 yoshga to‘lgandi. Richard Fuller va Norbert Viner bilan birgalikda iqtidorli bolalar uchun ixtisoslashgan guruhda ta’lim ola boshladi. Merosxo‘rining muvaffaqiyatidan faxrlangan ota «Odam va daho» nomli kitobini nashrdan chiqardi. Unda Amerika ta’lim tizimini tanqid qildi va o‘g‘lining misolida uyda o‘qitishning barcha afzalliklarini tasvirlab berdi.

Hal qiluvchi lahza

Kitob nashr etilgandan so‘ng jurnalistlar Uilyamning hayotiga qiziqib qolishdi. Boris Sidis bunday e’tibordan mamnun edi. Shu bilan birga, ota o‘g‘lini intensiv ravishda o‘qitib, uni bolaligidan mahrum qilaman deb hatto xayoliga ham keltirmagan. Buning uchun kichik Sidis otasini kechirmagan: uning dafn marosimida qatnashmagan.

1914-yilda Garvard universitetining imtiyozli diplomini olganidan so‘ng Uilyam trigonometriya, yevklid va yevklid bo‘lmagan geometriyadan dars bera boshladi. Talabalar o‘zlaridan yosh bo‘lgan matematika professorini ko‘rib, uni ochiqchasiga mazax qilishardi. Sidis sharmandali munosabatlarga dosh berolmay, ishini tashlab, Yangi Angliyaga ko‘chib ketdi.

Uilyam turmush qurmaslikka ont ichdi va siyosatga qiziqib qoldi. Ko‘p o‘tmay u qamaldi, biroq yaqinlarining talabiga binoan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylandi. Sidis davolanib chiqqandan so‘ng vunderkindning shaxsiy hayotini batafsil tasvirlashga urinayotgan muxbirlarning e’tiboriga tushmaslikka harakat qilardi.

Yuqori IQ baxt garovi emas

Ajoyib qobiliyat Sidisga baxt keltirmadi. U doimo muxbirlar nazaridan qochib yurishga majbur bo‘ldi. Uilyam oddiy ishga joylashardi, ammo uning daholigini bilib qolgan zahoti ishdan bo‘shardi. U haftasiga 23 dollar evaziga ishlashga tayyor edi.

Sidis buxgalter, hisoblash mashinalari operatori va xizmatchi bo‘lib ishlagan. Bo‘sh vaqtlarida yigit romanlar yozgan. Taxallus ostida u temir yo‘llarning o‘tkazuvchanligini oshirish to‘g‘risida risola chiqardi. Uilyam, shuningdek, chet tillarini o‘rganish bilan ovungan. Bittasini o‘zlashtirish uchun unga bir kun kifoya qilardi. Balog‘at yoshida Sidis 40 ga yaqin tilni bilgan, hatto, o‘z tilini ham yaratgan. Uilyam yotoqxonaning kichik bir xonasida umrining oxirigacha yolg‘iz o‘zi yashagan. U 1944-yilda miyaga qon quyilishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.

Shohid

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring