Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Diana Yenikeyeva fojiasi ortidan Kattaqo‘rg‘on tumani XTB mudiri, 42-maktab direktori ishdan bo‘shatilgan

Diana Yenikeyeva fojiasi ortidan Kattaqo‘rg‘on tumani XTB mudiri, 42-maktab direktori ishdan bo‘shatilgan

Foto: «Xabar.uz»

Fuqaro Komil Jalilov fojiaviy halok bo‘lgan kattaqo‘rg‘onlik 23 yashar o‘qituvchi Diana Yenikeyevaning o‘limi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga murojaat qilgan. U mazkur murojaatiga Samarqand viloyati prokuraturasidan berilgan javobni «Facebook»dagi «Xalq bilan muloqot» guruhida e’lon qildi.


Mavzuga doir:
Kattaqo‘rg‘on fojiasi. Bu holat takrorlanmasligi uchun maktablar mahalliy hokimlik tasarrufidan chiqarilishi kerak


Viloyat prokurori F.Zufarov imzolagan rus tilidagi javob xatida quyidagilar ma’lum qilinadi:

«2018-yilning 14-mart kuni soat 11:30 da haydovchi E.A.B. «Kamaz-55111» yuk avtomobilini M-37 «Samarqand-Buxoro» trassasining «Alijon» qishlog‘idan o‘tuvchi qismida boshqarib borarkan yo‘l harakati qoidalarining 77 punktini qo‘pol ravishda buzib, avtomobilda Yenikeyeva Diana Aleksandrovnani urib yuborgan. Olingan og‘ir tan jarohatlari natijasida D.Yenikeyeva shifoxonaga olib borilgunicha jon bergan.


Mavzuga doir:
O‘qituvchilarni muhofazalovchi qonun kerak!


Bu fakt yuzasidan 2018-yil 14-martda Kattaqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov natijalariga ko‘ra 2018-yil 27-martda A.B.E.  O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortildi.

Foto: «Facebook» / «Xalq bilan muloqot»

2018-yil 29-martda bu ish ayblov xulosasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 388-moddasiga ko‘ra, ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudiga oshirildi.

Obodonlashtirish ishlarini uyushtirishda zarur choralarni ko‘rmagan tuman XTB bo‘limi mudiri A.Jumanazarov Xalq ta’limi vazirining 2018-yil 29-martdagi buyrug‘i bilan egallab turgani lavozimidan ozod qilingan. Shuningdek, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan 42-maktab direktori N.Boltayeva lavozimidan bo‘shatilgan, direktor o‘rinbosari X.Mamatovga hayfsan e’lon qilingan».


Mavzuga doir:
Kattaqo‘rg‘on tuman XTB boshlig‘i ishdan olingani haqida hozircha rasmiy ma’lumot yo‘qligi aytildi


Fuqaro Komil Jalilov Prezident virtual qabulxonasiga katta ehtimol bilan o‘zbek tilida murojaat yuborgan (uning «Facebook»dagi postlari ham o‘zbek tilida, D.Yenikeyeva fojiasi yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi tomonidan berilgan javob xati ham o‘zbek tilida ekanidan shunday taxminga kelindi). Biroq Samarqand viloyat prokuraturasi nima uchun murojaatga rus tilida javob qaytargani ajablanarli. «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunning 23-moddasiga ko‘ra, murojaatlarga javoblar, mumkin qadar, murojaat etilgan tilda bayon qilinadi, murojaatda ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha vajlarni rad etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslarni (zaruratga qarab qonun hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda) o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.


Mavzuga doir:
Xo‘rlanish hikoyasi: «O‘qituvchining qadri kerosindan arzon»


Avvalroq Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi hodisani o‘rganib, maktab o‘qituvchilari, jumladan, Diana Yenikeyeva ham hech qanday yo‘l chetini tozalash, supurish uchun chiqarilmaganini ma’lum qilgandi. Tuman prokuraturasiga ko‘ra, bunday ishlar joylardagi obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarining vazifasiga kiradi. Ta’lim muassasalarida esa o‘qituvchilar emas, balki xo‘jalik ishlari bo‘yicha mas’ul xodimlar, bog‘bonlar shug‘ullanadi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 14-mart kuni Kattaqo‘rg‘on tumanida magistral yo‘lni tozalashga olib chiqilgan 23 yashar maktab o‘qituvchisi Diana Yenikeyeva fojiali halok bo‘lgan, Karimberdi To‘ramurod mazkur voqea tafsilotlarini o‘rganib, «Xabar.uz» surishtiruvi: 23 yoshli o‘qituvchining o‘limida kim aybdor?» nomli maqola e’lon qilgan edi. Biroq Samarqand viloyatidagi rasmiylar o‘qituvchi katta yo‘l (trassa)dagi to‘siqlarni oqlash chog‘ida halok bo‘lganini tan olmagan, aksincha, u ko‘chani kesib o‘tayotganda «KamAZ» rusumli avtomashina uni urib ketganini ma’lum qilgan edi. Ammo o‘qituvchi va uning hamkasblari dars vaqtida trassada nima qilib yurganiga oydinlik kiritmagan edi.


Mavzuga doir:
Deputatlar kurashga qo‘shildi. Majburiy mehnat Oliy Majlisda muhokama qilinishi mumkin


Shundan so‘ng Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev ham voqeaga munosabat bildirib, marhumning yaqinlariga hamdardlik izhor qilgan hamda viloyat rahbari sifatida vafot etgan ayolning oila a’zolariga ma’naviy va moddiy yordam ko‘rsatilishi, bundan tashqari, ushbu hodisa xolis surishtirilishi va huquqiy baho berilishi ta’minlanishiga so‘z bergan edi. Viloyat hokimining bayonotidan so‘ng oradan qariyb 3 hafta o‘tayotgan bo‘lsa-da, fojia yuzasidan rasmiy munosaba bildirilgani, qo‘shimcha tafsilotlar oshkor qilingani yo‘q.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring