Degradatsiya. 1990-yillar avlodiga nima bo‘lgan?
So‘nggi bir oy ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan jinoyatlar, mudhish qotilliklar, yirik yo‘l-transport hodisalarini sinchiklab o‘rgansangiz, bir raqam e’tiboringizni tortsa kerak: aksariyat «qahramonlar» o‘tgan asrning 90-yillarida dunyoga kelgan.
Ichki ishlar vazirligi rasmiy saytida e’lon qilingan qotillik va jinoyatlarning qisqacha tafsilotiga e’tibor bering:
6-mart. Namangan viloyati Norin tumani. 1996-yilda tug‘ilgan B.X. hojatxonada qiz farzandni dunyoga keltirib, uni hojatxona o‘rasiga tashlab yubordi.
22 mart. Ohangaron. 1994 yilda tug‘ilgan I.Q. 1985-yilda tug‘ilgan H.A.ning yuziga qo‘llari bilan urib jarohat yetkazgan. Natijada H.A. shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etgan.
2 aprel. Qo‘qon. 2015-yilda tug‘ilgan F.I o‘z onasi – 1995-yilda tug‘ilgan S.T. tomonidan bo‘g‘ib o‘ldirilgan.
4 aprel. Jizzax viloyati. 1992 yilda tug‘ilgan S.Yo. va 1990-yilda tug‘ilgan M.A. boshqaruvidagi ikki «Nexia» avtomobili to‘qnashuvi natijasida sakkiz kishi, jumladan ikki haydovchi vafot etdi.
7 aprel. Samarqand viloyati Payariq tumanida O.K. (1996-y. t.) boshqarib kelayotgan «Cobalt» avtomobili 4R-48 avtoyo‘lining qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib, S.S. (1995-y. d.) boshqaruvidagi «Nexia» bilan to‘qnashib ketadi. Oqibatda ikki mashinadagi sakkiz kishi vafot etdi...
Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin, ammo izlashga ham, o‘qishga ham toqat yetmadi. To‘g‘ri, faqat 1990-yillarda tug‘ilganlargina qoida buzayotgani, jinoyat qilayotgani yo‘q. Ayni shu o‘n yillikda dunyoga kelganlar bugun yigirma bilan o‘ttizning orasidagi yoshlar, ular barcha davrlarning shu yoshlilari kabi qiziqqon, hissiyotga beriluvchan, aqli to‘la yetilmagan.
Ammo bugungi voqealarga 1990-yillar avlodi dunyoga kelgan vaqtdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat ham sabab bo‘lmayaptimikan degan savol tug‘ilishi tabiiy. O‘sha paytlar – mustaqillikning dastlabki yillari ko‘pchilik katta yoshlilarning yodida. Yashash qiyinlashgan, non topish mushkul edi. Davlat mol-mulklari, zavodlar, mashina-traktor parklari va hokazolar talon-toroj qilindi. Odamlar non topaman deb har qanday ishga tayyor bo‘lib qoldi, halol-haromning farqiga bormay qo‘yildi, tarbiyada eng muhim narsa – halol luqma ekani odamlarning yodidan ko‘tarildi. Bir so‘z bilan aytganda, xalqning nazari och bo‘lib qoldi (haligacha nazarning ochligi bizni tark etgani yo‘q...).
So‘ngra ish izlab ommaviy ravishda chet ellarga ketish boshlandi. 1990-yillar avlodini tarbiyalash onalar, bobo va buvilar, qarindoshlar qo‘lida qoldi. Diniy-ma’rifiy tarbiya deyarli butunlay cheklandi. Ta’lim tizimi tanazzulga yuz tutdi, maktablarda qattiqqo‘l, insofli, fidoyi o‘qituvchilar, ayniqsa tartib-intizom ramzi sanalgan erkak o‘qituvchilar safi kamaydi, kollej degan narsa chiqib, tarbiyada uzilish vujudga keldi (buni prezident Shavkat Mirziyoyev ham alohida ta’kidlab o‘tgan edi).
Shu va boshqa juda ko‘plab xatolar bugun o‘zining achchiq mevasini bermayaptimikan? Ota-onasi Rossiya, Qozog‘iston, Koreyada yurgan bolalar ularni bor-yo‘g‘i pul topuvchi, ovqat, kiyim-bosh bilan ta’minlovchi «vosita» deb biladigan, gapiga quloq tutmaydigan, qaysar, dangasa, boqimanda, psixologik jihatdan zaif avlod bo‘lib yetishmadimi?
Bu kabi savollarga aniq javob berish qiyin. Ammo hukumat bu borada sotsiologik tadqiqotlarga buyurtma berib, vaziyatga oydinlik kiritsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi (sotsiologik tadqiqot masalasiga ayollar muammolarini o‘rganish va ularning huquqlarini kafolatlashga bag‘ishlangan avvalgi postlarimdan birida ham to‘xtalib o‘tgan edim. Ushbu mavzu ayniqsa bugungi kunda e’tibordan chetda qolmasligi shart).
Haqiqatan ham ushbu avlod vakillari jinoyat va huquqbuzarliklarga moyilmi yoki bu tabiiy kechuvchi jarayonmi, bu kabi holatlarni bartaraf etish bo‘yicha qanday choralarni ko‘rish mumkin, dunyo tajribasi bu haqda nima deydi? Shu kabi savollarga javob topish orqali hukumat, ota-onalar, pedagoglar, huquq-tartibot organlarining xodimlariga ilmiy asoslangan maslahat va yo‘l-yo‘riqlar berilsa, uslubiy qo‘llanmalar tuzilsa, ehtimol, ular ishtirokidagi jinoyatlar soni kamayarmidi...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter