Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat xizmatchisi ahloq qoidalarini buzsa...

Davlat xizmatchisi ahloq qoidalarini buzsa...

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda hokimlar faoliyati bilan bog‘liq turli ma’lumotlar tarqalib, hokimiyat vakillariga bo‘lgan xalq ishonchini muayyan darajada pasayishiga, ularga nisbatan murosasiz kayfiyatning paydo bo‘lishiga olib kelmoqda.

Guvohi bo‘lganimizdek, hokimlar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan qonun buzilish holatlari bevosita ularning etikasi bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Ya’ni, hokimlar o‘ziga yuklangan etika talablarini buzmoqda va ushbu holatlar xalqning tanqidiga uchramoqda.

Xorij tajribasi

Yaponiyada davlat xizmatining xulq-atvor standartlari «Milliy davlat xizmatining etikasi to‘g‘risida»gi Qonun va har bir vazirlik va idorada o‘rnatilgan axloq kodekslarida bayon etilgan. Ularda yuqori lavozimli amaldorlarning 5 000 iyenadan yuqori bo‘lgan qiymatdagi sovg‘alar, xayriya va hokazolarni olganligi haqida hisobot berish majburiyati hamda juda yuqori lavozimdagi amaldorlarga o‘z aksiyalari va daromadlari to‘g‘risida hisobot berish majburiyati yuklatilgan. Kadrlar Milliy Boshqarmasi (National Personnel Authority) huzuridagi Davlat xizmatining Etika Kengashi (National Public Service Ethics Board) davlat xizmati etika qoidalari bilan bog‘liq masalalar, jumladan, seminarlar o‘tkazish, hisobotlarni ko‘rib chiqish, etikaga zid xatti-harakatlarni tergov qilish va jazolash masalalari bo‘yicha ma’sul hisoblanadi.

Shuningdek, xorijiy davlatlarda etika masalalari bo‘yicha davlat xizmatchilariga seminarlar tashkil etish majburiy yoki ixtiyoriy yoxud ikkala ko‘rinishda ham mavjud. Masalan, Avstraliya, Fransiya, Yaponiya, Koreya, Polsha kabi davlatlarda majburiy ravishda davlat xizmatchilari uchun seminarlar tashkil etilsa, Kanada, Norvegiya, Ispaniya kabi davlatlarda ular ixtiyoriy ravishda olib boriladi. Ba’zi davlatlarda esa, seminarlar o‘tkazilishi maxsus agentliklar tomonidan majburiy deb topilgan yoki egallanayotgan lavozim seminar o‘tkazilishini majburiy etib belgilangan hollarda majburiy tashkil etilishi mumkin. Va eng asosiysi, xorijiy davlatlarda davlat xizmatchilari tomonidan xulq-atvor standartlariga rioya qilinishini monitoring qilish yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, bunday nazorat AQSh va Turkiyada davlat organlari va idoralarining inspeksiya bo‘limlari, Italiyada Moliyaviy va davlat xizmati inspeksiyasi, Polshada Nazorat Departamenti, Ispaniyada Tekshiruv Boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalari buzilgan hollarda qo‘llaniladigan intizomiy choralar esa quyidagilardan iborat:

- Og‘zaki yoki yozma ravishda ogohlantirish, tanbeh berish va chaqiriq, maslahat berish;

- Jarima solish yoxud ish haqi yoki qo‘shimcha imtiyozlarni cheklash va kamaytirish yo‘li bilan moddiy qiyinchilikka solish;

- Jarima;

- Ish haqini ushlab qolish.

- Ish haqini kamaytirish, nafaqalarni kamaytirish.

- Pensiya miqdorini pasaytirish;

- Pensiyadan mahrum qilish;

- Hozirgi yoki kelajakdagi kareraga ta’sir ko‘rsatish: ishdan bo‘shatish, lavozimga o‘tishning sekinlashishi, unvondan mahrum qilish yoki yashash joyini o‘zgartirish bilan lavozimidan chetlashtirish, vaqtincha ishdan bo‘shatish.

- Ishdan bo‘shatish, diskvalifikatsiya.

Takliflar

Yuqoridagilardan kelib chiqib, mamlakatimizda davlat xizmatchilari etikasini tartibga soluvchi qonunchilikka quyidagi takliflarni berish mumkin:

Birinchidan, odob-axloq qoidalarini davlat xizmatchilariga o‘quv dasturlari, ma’lumot va maslahatlar berish orqali yetkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yish lozim.

Ikkinchidan, Odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish usullarini belgilash, bunda jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadga muvofiq. Ya’ni davlat xizmatchilari tomonidan mazkur Qoidalarga rioya etilishini aniqlash usullariga jismoniy va yuridik shaxslarning arizalari, Odob-axloq Komissiyasi tekshiruvi natijalari, yuqori turuvchi organ taqdimnomasi va boshqa asoslarni ham kiritish mumkin.

Uchinchidan, davlat xizmatchilarining etika qoidalariga zid xatti-harakatlarini uchun javobgarlikka tortish va ularga qo‘llaniladigan choralar bevosita Odob-axloq qoidalarining o‘zida belgilab qo‘yilishi kerak. Bunda javobgarlik choralari davlat xizmatchilari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatti-harakat (harakatsizliklar) yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan oqibatiga ko‘ra toifalarga ajratilishi maqsadga muvofiq. Shunga ko‘ra, javobgarlik choralarini ogohlantirish, lavozimdan pasaytirish, vakolatlarni amalga oshirishni muayyan davrga to‘xtatib quyish, pensiya miqdorini kamaytirish yoki undan mahrum etish, ishdan bo‘shatish, qoidalarni buzgan davlat xizmatchilariga o‘z ixtiyori bilan ishdan ketish bo‘yicha maslahatlar berish, zararlarni qoplash, intizomiy javobgarlik belgilash va huquqbuzarlikni turiga qarab qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa javobgarlik choralaridan iborat tarkibda belgilash mumkin.

To‘rtinchidan, Odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish mexanizmini takomillashtirish, bunda Odob-axloq qoidalari normalarining buzilishlarini davlat organi xodimlaridan iborat tarkibda ko‘rib chiqish tartibini bekor qilish mumkin.

Beshinchidan, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonunni qabul qilish orqali davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalarga rioya etishilishi mexanizmlarini belgilash lozim.

Adiba Safarova,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot
instituti mas’ul xodimi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring