Prezident yig‘ilish o‘tkazdi. «Daftar»lar bo‘yicha yangi mas’ullar belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8 oktyabr kuni jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Xotin-qizlar va yoshlar – aholining katta qismi, ijtimoiy masalalarning aksariyati ham ular bilan chambarchas bog‘liq.
So‘nggi yillarda ushbu ikki yo‘nalish bo‘ylab O‘zbekistonda davlat siyosatini mahalla darajasigacha yuritadigan vertikal tizim yaratildi. Yoshlar masalalari bo‘yicha har bir tumanda alohida hokim o‘rinbosari, uning 3 nafargacha mutaxassisi, Yoshlar ishlari agentligi bo‘limining 3 nafar xodimi, viloyatda ham hokim o‘rinbosari, uning 4 nafar mutaxassisi, Yoshlar ishlari agentligi boshqarmasining 11 nafar xodimi ajratildi.
Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha har bir mahallada alohida rais o‘rinbosari, tumanda – mahalla va oila bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari va 2 nafar mutaxassisi, viloyatda esa 8 nafargacha shtat birligi berildi.
Bundan tashqari, yoshlar masalalarini hal etishga Prezidentning Xalq qabulxonalari, xotin-qizlar masalalarini hal etishga esa Kasaba uyushmalari biriktirildi.
Lekin joylarda ushbu idoralar, to‘rtta sektor ishni samarali tashkil eta olayotgani yuzasidan ko‘plab savollar tug‘ilmoqda.
Shu bois videoselektor yig‘ilishida xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha yangi ish tizimi joriy etilishi ta’kidlandi.
Ma’lumki, yurtimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxati, ya’ni «temir daftar» tuzilgan edi. Endi xuddi shuningdek har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida «yoshlar daftari» va «ayollar daftari» shakllantiriladi. Bu ro‘yxatlar «temir daftar»dan alohida bo‘ladi. Unga ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor bo‘lgan ishsiz yoshlar va xotin-qizlar kiritiladi. Buning natijasida ular bilan tizimli, manzilli ish yo‘lga qo‘yiladi.
Yig‘ilishda yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash tizimi Xatirchi tumani va Yangiyer shahri misolida muhokama qilindi.
Mutasaddilarga ushbu tizimning namunaviy shaklini ishlab chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va har bir viloyatning bittadan shahar va tumanida, ya’ni 28 ta hududda sinovdan o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.
Sektor rahbarlari va mutasaddi idoralar vakillariga har bir mahalladagi holatni o‘rganish, yoshlar va ayollar bilan birma-bir muloqot qilib, ehtiyojlarini, qiziqishlarini aniqlash hamda shu asosda manzilli choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
– Bundan keyin odamlarning uyiga borib, ishga muhtojlarni ishga joylashtirish tizimini yaratishimiz kerak. Endi qaysi joyda rahbarlar uyma-uy yurib, masalalarni hal qilsa, o‘sha joyda vaziyat o‘zgaradi. Eng asosiy maqsad – iqtisodiy barqarorlikdan natijadorlikka o‘tish, – dedi Prezident.
Ishsiz yoshlar va xotin-qizlarda motivatsiya uyg‘otib, kasbiy ko‘nikmalar shakllantirish, psixologik, huquqiy, tibbiy va moliyaviy ko‘mak berish muhimligi ta’kidlandi.
Masalan, oilaviy psixolog xizmati va tuman adliya bo‘limi orqali huquqiy maslahatlarni bepul tashkil qilish mumkin. Yolg‘iz keksa ayollar bilan patronaj hamshiralar, yoshlar, mahalla va oila bo‘limlari ishlashi lozimligi qayd etildi.
Ishsiz yoshlar va ayollar bandligini ta’minlash hokimning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosari, tuman va shahar bandlik bo‘limi, Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markazi, Bosh vazir qabulxonalari va banklarning eng muhim vazifasi bo‘lishi kerakligi aytildi.
O‘z mehnati, irodasi bilan katta yutuqlarga erishgan mashhur shaxslar bilan uchrashuvlar tashkil etib, yoshlar va xotin-qizlarga kuchli motivatsiya berish, chet tili, kasb-hunar va biznesga o‘rgatadigan audio va video materiallar tayyorlab tarqatish ham yaxshi samara beradi.
Yig‘ilishda «ijtimoiy shartnoma» tajribasini keng qo‘llash muhimligi aytildi. Bunda, avvalo, fuqaro kasb o‘rganishi, ishga joylashishi, o‘zini o‘zi band qilishi uchun davlat tomonidan moddiy va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatiladi.
«Daftar»lar bilan ishlashda nodavlat notijorat tashkilotlar imkoniyatlaridan samarali foydalanish lozimligi qayd etildi. Ular bilan hamkorlikni kengaytirib, jazoni o‘tab qaytganlarning ijtimoiy moslashuvi, yoshlar va ayollarni psixologik qo‘llab-quvvatlash, ularni chet tillari va kasb-hunarga o‘qitish muhimligi aytildi.
Bu ishlarga «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining salohiyati safarbar etiladi. Bundan tashqari, aholini tadbirkorlikka o‘qitish va mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatishdan iborat kompleks dasturlarni amalga oshirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlarga yillik 4 foiz stavkada qarz mablag‘lari ajratiladi.
Yig‘ilishda mo‘ljaldagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun ularni barqaror moliyaviy manbalar bilan ta’minlash masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Yoshlar va ayollar bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, ehtiyojmand xotin-qizlarning 55 foizi o‘rta ma’lumotli. Ishsiz yoshlarning ham ko‘pchiligi zamonaviy bilim va hunarlarni egallamagan.
– Yoshlar va xotin-qizlarni mehnat bozorida talab yuqori kasb-hunarlarga tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘ysak, ularning munosib ish topishiga ko‘maklashsak, ko‘plab ijtimoiy va iqtisodiy muammolar hal bo‘ladi. Buning uchun nafaqat davlat ta’lim muassasalari, balki mingdan ziyod nodavlat kasb-hunar ta’limi markazlarini ham jalb qilish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilganidek, bu borada mutlaqo yangi tizim joriy qilinib, nodavlat kasb-hunar ta’limi markazlari orqali yoshlar va ayollarda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million dollar miqdoridagi mablag‘ yo‘naltiriladi. Shuning 10 millioni yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitishga, 90 millioni esa o‘quv kurslarini tamomlab, sertifikat olganlarga imtiyozli kreditlar ajratish uchun sarflanadi. «Ijtimoiy shartnoma» orqali nodavlat kasb-hunar o‘quv kurslarini bitiradigan yoshlar va ayollarga ta’lim xarajatlari uchun 1 million so‘mgacha subsidiya beriladi.
Yana bir masala – Kasb va lavozimlar klassifikatori bugungi zamon va mehnat bozori talablariga mos kelmaydi. Misol uchun, unda 2 ming 484 ta, ya’ni 70 foiz xizmatchi lavozimi bo‘yicha oliy ma’lumot talab etiladi. Xususan, ma’lumotlar bazasi bilan ishlaydigan mutaxassis, veb dizayner kabi ixtisosliklarga oliy malaka talabi qo‘yilgan. Ushbu kasblarni IT-markazlarda yarim yilda yaxshi o‘rganish mumkin.
Kutubxonachi, tarjimon, bank agenti, reklama mutaxassisi kabi ko‘plab vazifalarga ham oliy ma’lumot talabi qo‘yilgan. Mehnat bozorida bunday kasblar bo‘yicha 4 mingga yaqin vakansiya mavjud.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Kasb va lavozimlar klassifikatorida oliy ma’lumot talab qiladigan mutaxassisliklar va lavozimlarni qisqartirish vazifasi qo‘yildi.
Hokimlarning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari «yoshlar daftari» bo‘yicha, mahalla va oila masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari «ayollar daftari» bo‘yicha mas’ulligi belgilandi.
Videoselektor yig‘ilishida Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va hokimlarning axboroti eshitildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter