Chilonzorda 125 o‘rinlik bog‘cha foydalanishga topshirildi (foto)

Bugungi kunda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘iga biriktirilgan poytaxtimizning Chilonzor tumanida «Obod mahalla» dasturi doirasida «Shirintoy» nomli davlat maktabgacha ta’lim muassasasi tubdan rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Endilikda mazkur bolalar bog‘chasi 125 nafar o‘g‘il-qizning zamon talablari darajasida tarbiya olishlariga xizmat qiladi.

Muassasaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Muhammadiyev, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Normat Tursunov, Chilonzor tumani hokimi Sarvar Maxametov va boshqalar mamlakatimizda yosh avlodning jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, zamonaviy bilim hamda kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun barcha sharoitlar yaratilayotganini alohida ta’kidladi.

Darhaqiqat, har bir millat istiqboli shu yurtda kamol topayotgan yosh avlod tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois, bu yerda kichkintoylarning zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan. Xususan, turli ertak qahramonlari aks etgan bolalar maydonchasi, oshxona, yuvinish xonasi, tibbiy punkt, yumshoq va qattiq mebellar jamlanmasi hamda boshqa inventarlar kichkintoylar xizmatida.
Maktabgacha ta’lim muassasasida bolajonlar uchun kundalik mashg‘ulotlardan tashqari, yengil atletika, ingliz tili, shaxmat, shashka to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, zarur qo‘llanma va ko‘rgazmali vositalar bilan ta’minlangan.

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter