Buxoroga Xitoydan 1,2 mln. dollarga avtobuslar olib kelindi (foto)
Buxoroga 1 million 280 ming dollar evaziga 20 dona avtobus keltirildi, deya ma’lum qilmoqda «Xabar.uz» muxbiri.
Ta’kidlanishicha, Buxoro shahrida jamoat transportini rivojlantirish, aholiga qulayliklar yaratish maqsadida bu gal «Progress mega trans» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Xitoyning «Zhang Tong» kompaniyasida ishlab chiqarilgan zamonaviy avtobuslar keltirilgan. 20 dona avtobus 1 million 280 ming dollar evaziga xarid qilingan.
Buxoro shahar hokimligi mas’ulining bildirishicha, ushbu avtobuslar 30 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, avtobus saloni to‘liq kuzatuv kameralari bilan ta’minlangan. Yil davomida sifatli xizmat ko‘rsatish uchun isitish va sovutish tizimlari mavjud.
«Imkoniyati cheklangan fuqarolarning chiqib tushishi uchun ham zarur sharoitlar yetarli. Oynalari quyosh nuridan asrovchi plyonkalar bilan to‘silgan. Shuningdek, avtobus ichidagi yo‘lovchilar sonini aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Demak, avtobus haydovchisining sig‘imdan ortiq yo‘lovchi olishga haqi yo‘q. Yuqori darajadagi qulayliklarga ega bo‘lgan bu avtobuslar joriy yilning 5 dekabr kunidan boshlab, Buxoro shahri yo‘nalishlarida yo‘lovchilarga transport xizmati ko‘rsatishni boshlaydi. Kelgusi yilning iyul oyiga qadar yana 80 dona shunday shunday avtobuslardan Buxoroning boshqa tuman, shaharlariga ham olib kirish choralari ko‘rilmoqda»,— dedi viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Olim Jo‘rayev.
Buxoro shahriga bundan 4 yil ilgari 4 million dollar evaziga Xitoydan 65 ta avtobus keltirilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter