Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda sobiq viloyat rahbari lavozimdan bo‘shadi

Buxoroda sobiq viloyat rahbari lavozimdan bo‘shadi

Muhiddin Esonov

77 yoshli Kogon tumani hokimi Muhiddin Esonov sog‘ligi yomonlashgani sababli lavozimdan ozod etishni so‘ragan. U turli yillarda 13 yil davomida viloyat va yana ikki tumanga hokim bo‘lgan.

Qayd etish joiz, Muhiddin Turdiyevich O‘zbekistonning Birinchi prezidenti tomonidan 2011 yil 27 dekabrda  Buxoro viloyati hokimi etib tayinlangan va 2011-2016 yillarda Buxoro viloyatiga hokimlik qilgan. 2016 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 15-bandi va 102-moddasiga ko‘ra, lavozimidan ozod etilgan. Bir muddat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i sifatida ishlagan Muhiddin Esonov Buxoro tumaniga rahbarlik qilgan va 2020 yilda Kogon tumaniga hokim etib tayinlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, keyingi paytlarda viloyat va tumanlarda 13 yil davomida hokimlik qilib kelgan Muhiddin Esonov sog‘ligi yomonlashganligi bois, lavozimdan ozod etishni so‘rab, murojaat qilgan.

Uning o‘rnida G‘ijduvon erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasi direktori Otabek Qozoqov Kogon tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda joriy yilning 13 mart kuni Xalq deputatlari Kogon tumani Kengashining navbatdan tashqari bo‘lib o‘tgan sessiyasida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ma’lum qildi.

Otabek Qozoqov

«Kogon tumani geografik joylashuvi, boy tabiati, tarixiy ahamiyatiga ko‘ra viloyatimizdagi istiqbolli hududlardan hisoblanadi. Mana shu imkoniyatlardan samarali foydalanilganligi sababli Kogon tumani so‘nggi yillarda Muhiddin Esonov rahbarligida viloyatdagi iqtisodiy jadal rivojlanayotgan tumanlar qatoridan joy oldi. O‘zining boy rahbarlik tajribasi, boshqaruvchilik qobiliyati, qat’iyati va talabchanligi bilan tumanda jonbozlik ko‘rsatdi. Buning uchun biz chin dildan minnatdorlik bildiramiz. Bugun sog‘ligi tufayli sessiyada ishtirok eta olmagan bo‘lsa-da, o‘ylaymizki, bundan keyin ham uzoq yillik tajribalarini yangi va yosh hokimlardan ayamaydilar», — dedi sessiyada Botir Zaripov.

Sessiyada viloyat hokimi Botir Zaripov tumanning yangi rahbari boshchiligida hududni har jihatdan rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarga batafsil to‘xtaldi.

Ma’lumot o‘rnida: Kogon tumaniga yangi tayinlangan hokim Otabek Qozoqov - 2005 yilda Toshkent moliya instituti (kunduzgi), 2013 yilda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi (kunduzgi), 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini (kunduzgi) tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2005 yilda O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat «Milliy bank» Buxoro viloyati bo‘limi Kogon tumani filiali mijozlarga xizmat ko‘rsatish sektori yetakchi mutaxassisi sifatida boshlagan. Shuningdek, «Milliy bank» Kogon tumani filiali kredit iqtisod bo‘limi boshlig‘i-boshqaruvchi o‘rinbosari, «Milliy bank» Romitan tumani filiali boshqaruvchisi, Buxoro viloyati investitsiya boshqarmasi boshlig‘i, Buxoro viloyati hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati mudiri lavozimlarida ishlagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring