Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Butunjahon g‘amxo‘rlik kuni

Butunjahon g‘amxo‘rlik kuni

foto: thequint.com

Har yili 7 iyun Butunjahon g‘amxo‘rlik kuni dunyo bo‘ylab nishonlanadi.  

Muammolar, tashvishlar dunyosida e’tiborni ko‘rsatishning eng oson usullaridan biri g‘amxo‘rlik qilishdir. Deyarli barchamiz hayotimiz davomida yaxshi-yomon kunlarni boshdan kechiramiz. Aynan ushbu kun rahm-shafqatni baham ko‘rish, o‘zimizga va boshqalarga ne’mat sifatida haqiqiy e’tiborni ko‘rsatish imkoniyatini beradi. Tanishlaringizning hol-ahvolini chin dildan so‘rash bu g‘amxo‘rlik belgisidir. Ushbu oddiy harakat odamning umumiy farovonligini yaxshilaydi.

Butunjahon g‘amxo‘rlik kuni 1997-yil 7-iyunda Brighid ismli chaqaloqning to‘qqiz kunlik hayotidan boshlangan. Muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlar uchun dastur muallifi Sona Mehring ilk CaringBridge veb-saytini yaratdi. Sona tufayli do‘stlari va oila a’zolari chaqaloq Brighidning sog‘lig‘i haqidagi yangiliklarni onlayn olish imkoniga ega bo‘lishdi. Eng muhimi, veb-sayt Brighid va uning oilasi uchun zarur bo‘lgan narsalar va qulayliklar bilan ta’minlangan. O‘sha paytda ijtimoiy media platformalari mavjud bo‘lmagani uchun veb-sayt yaratish g‘oyasi juda katta yangilik edi.

Ushbu oddiy g‘amxo‘rlik harakati domino effektini keltirib chiqardi, natijada CaringBridge deb nomlanuvchi global tarmoq paydo bo‘ldi. Notijorat tashkilot oila va do‘stlarni o‘z yaqinlarining sog‘liklaridan xabardor bo‘lib turish uchun xizmat qiladi, ya’ni tashkilot oilalarga g‘amxo‘rlik, qulaylik va  yordam ko‘rsatishga doimo tayyor. 2021-yildan beri  CaringBridge saytiga dunyoning turli burchaklaridan taxminan 45 million kishi tashrif buyurdi. Yaqinlar uchun CaringBridge portallariga har soatda 1900 dan ortiq umid, g‘amxo‘rlik va sevgi xabarlari joylashtiriladi.

2022-yilda Milliy kun taqvimi Butunjahon g‘amxo‘rlik kunini har yili 7 iyun kuni nishonlanishini rasman e’lon qildi. Siz ushbu saytga tashrif buyurib, ilhomlantiruvchi hikoyalarni, jumladan, chaqaloq Brighidning hikoyalarini o‘qishingiz, mehr-oqibatning inson hayotidagi o‘rni qanchalar qimmatli ekanligini anglashingiz mumkin.

Siz-chi, bugun yaqinlaringizdan hol-ahvol so‘radingizmi, g‘amxo‘rlik ko‘rsatdingizmi yoki bugun qaysidir qadrdoningizdan xabar olish uchun yo‘lga otlanmoqchimisiz? Juda tezkor zamonda hamma band, vaqt tig‘iz, lekin do‘stlaringiz va oilangiz uchun begona bo‘lmang.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring