Bu yoqda suv isrof bo‘lsa kimni mukofotlaymiz? (foto)
Menda ichimlik suvidan samarali foydalanish borasida taklif bor. Qiziq, suv xo‘jaligi rahbarlari ham shuni o‘ylashayaptimikan?!
O‘zbekiston hukumati suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida qaror chiqardi.
Qaror bilan vazirlik nizomi, «O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi a’lochisi» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom va vazirlik faoliyatini tartibga soluvchi boshqa hujjatlar tasdiqlandi.
«O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati, uning hududiy va tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, xodimlari, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy hokimiyat organlari xodimlari taqdirlanadi.
Mehnatkash, fidoyi, ilg‘or xodimlar har yilning 20-martiga qadar vazir buyrug‘i bilan mukofotlanadi.
Mehnat safari bilan Farg‘ona vodiysi viloyatlarida bo‘lganimda ko‘ngilni xijil qiladigan ayrim holatlarga guvoh bo‘ldim. Ayniqsa Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi 3 ta mahallaning («Solijonobod», «Shomirza», «Istiqbol» mahalla fuqarolar yig‘inlarida) bittadan ko‘chasida olingan suratlar bolaligimda qishloqda soatlab uyga, mollarga suv tashigan davrlarimni yodimga soldi. Xullas, «boshqa mahallalarda ham ichimlik suvi shunday «beminnat» oqib yotadimi?» degan savolimga shu yerlik odamlardan «ko‘pida shunaqa» degan javobni oldim.
Quyidagi suratlarga yaxshilab nazar solsangiz ilg‘aysiz — birontasida ham suvni to‘xtatadigan jo‘mrak yo‘q, sababi oddiy — buloq suvini yopib tursa qurishi yo boshqa yerga qochishi mumkin. Og‘zini yopib bo‘lmaydi deb shuncha suvni boshi yo‘q, oxiri yo‘q ariqqa oqizish oqillikmi?
Keling, bir hisob-kitob qilib ko‘ramiz
Misol uchun siz suratda ko‘rib turgan eng kichik krandan bir daqiqada 3 litr, kattalaridan esa 12-15 litr suv chiqadi. Bu yerdagi 10 ta katta-kichik krandan bir kunda 95040 litr, bir haftada 665 280 litr, bir oyda 2 851 200 litr, bir yilda esa 34 214 400 litr suv chiqmoqda. Shuncha suvning 75 foizi isrof bo‘layotir. Bu kamina aylangan bitta ko‘chadagi ahvol xolos.
Isrofning javobini kim beradi?! Medal olishni ko‘ngliga tugayotgan rahbarlarni shu muammo ko‘proq o‘ylantirishi kerak. Suvning kattalari mamlakatimizdagi shu kabi isrofgarchiliklarning oldini olsa va suvdan oqilona foydalanish haqida bosh qotirsa, qancha odamning mushkulini oson qilgan bo‘lardi.
Shu o‘rinda kaminada bir taklif bor: buloqli mahallalarda bolalar yozda va kerak bo‘lsa qishda cho‘milib, joiz bo‘lsa suzish bilan shug‘ullanishi uchun basseynlar qurilsa, ortiqcha suv maxsus hovuzlarda to‘planib, motor bilan ichimlik suviga muhtoj mahallalarga jo‘natilsa, bo‘layotgan katta isrofgarchiliklar biroz bo‘lsa ham bartaraf etilgan bo‘lar edi.
Suv inshootlarini qurib daromad olish taklifi tadbirkorlarga ham yoqsa kerak.
Abduqodir Mo‘minov,
jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter