Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yer bilan bitta o‘rik, yondirilgan daraxt, qimmat turshak yoxud to‘kinchilik xorgarchilik deganimi? (video)

Bu yil o‘rik hosili yaxshi bo‘ldi. Hovlida, yo‘l bo‘yida, ko‘p qavatli uylar atrofida o‘riklarning yer bilan bitta bo‘lib to‘kilib yotganining guvohi bo‘layapmiz. Va bu shunday bo‘lishi kerakdek tabiiy qarayapmiz.

Bozorda o‘riklar ancha arzonlashdi. Ammo bu degani o‘rik oyoq osti bo‘lib yotishi kerak deganimi? Uvol, savob, isrof degan tushunchalar bizdan qanchalar yiroqlashib ketganini mana shu holat yaqqol isbotlab turibdi. O‘rikni ekkan odam qo‘shnisiga yoki atrofdagilarga terib olish haqida aytishni xayoliga ham keltirmaydi. Hovlisida mevali daraxti yo‘q qo‘shni esa so‘rashga or qiladi, istihola qiladi. Har ikki tomon ham uvolga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Ko‘p qavatli uylar oldiga ekilgan mevalarga nisbatan ham munosabat shunday. Ba’zida bozorga tushib turshak olaman desang yigirma ming so‘mdan yetmish ming so‘mgacha. Shunda savol tug‘iladi: yozda yer bilan bitta bo‘lib to‘kilib yotadigan o‘rik-turshakning qishda narxi nega balandlab ketadi? Nimani xor qilsang shunga zor bo‘lasan, degan gap yodingga tushadi.

E’tibor bering, o‘rik pishgach hech kim qadriga yetmaydi, ya’ni  uvol bo‘ladi va qishga kelib uning hatto turshagiga ham zor bo‘lamiz. Eng qizig‘i, yozi bilan uvol bo‘lgan o‘rik egalari qishda turshakni falon pulga sotib oladi. O‘ylaysan, nahotki mana shu o‘rikni quritib olishning imkoni yo‘q.

Har bir xonadon o‘zlari turshak quritib olsa balki bozordagi narx-navo ham bunchalik ko‘tarilib ketmasmidi,  aholi turshakni bemalol og‘rinmay xarid qilarmidi? O‘rikni uvol qilmaslik uchun terib olib quritishga yoki qo‘shnilarga tarqatishga hafsalasizlik ortida aslida dangasalik yotibdi. Aynan mana shu isrofgarchilik, dangasalik yozi bilan serob bo‘lgan mevalarning quritilgani qishda qimmatlashib ketishiga sabab bo‘ladi.

Dinimizda ham bu haqda bot-bot ta’kidlangan – Qur’ondan eslatma: «…Meva hosil qilganda, mevasidan tanovul qilingiz! Hosil yig‘ish kunida (muhtojlarga) haqqini (ushri va xirojini) beringiz va isrof qilmangiz! Albatta, U isrof qiluvchilarni sevmaydi» (An’om, 141). Demak, biz yeyishni istamagan ovqatimizni isrof qilishimiz mumkin emas.

«Hosilni birgalashib yig‘ishtirib olaylik!»

Yaqinda uvolga befarq bo‘lmagan hamyurtimiz, Xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashi deputati Anvarjon Shermuratov mahalladoshlariga aynan shu masala bo‘yicha taklif va murojaat bilan chiqdi:

«Mahallamizda yildan-yilga mevali daraxtlar ko‘payib mevazor boqqa aylanayapti. Mana hozir Toshkent shahrining «Olimpiya» mahallasidaman. Bu yil o‘rik va boshqa mevalar juda ko‘p hosil berdi. Hatto shoxlari egilib qoldi», deb boshlaydi o‘z videomurojaatini: «Kelinglar, mana shu mevalarning oyoq osti bo‘lishining – uvolning oldini olish maqsadida bir aksiya o‘tkazsak. Bunga Yoshlar ishlari bo‘yicha agentlik ham o‘z hissasini qo‘shsa. Mana shu daraxtlardagi mevalarni bir kun vaqtga kelishib yig‘ishtirib olsak. Kimga qancha kerak bo‘lsa tarqatsak. Ko‘pchilik iymanadi, uyaladi, terib olishga. O‘zimiz shu bilan tashabbus bilan chiqsak. Har yili hokimiyat, mahalla hamkorlikda ko‘chat ekamiz, endi shu ko‘chatlarni  hosilga kirgach uvol qilmasdan yig‘ishtirib olsak».

Juda yaxshi tashabbus, shundaymi? Bu faqat birgina mahallaga tegishli emas. Butun yurtimizdagi mahallalarning qadriyatiga aylanishi kerak. Chunki bitta ko‘chatni ekib, u hosilga kirguncha qancha mehnat va vaqt ketgan. Ammo afsuski daraxtlarga nisbatan shafqatsizlikka har qadamda duch kelishimiz ham bor gap. Bu haqda hamyurtlarimizning ijtimoiy tarmoqlar orqali qoldirgan izohlaridan ham bilish mumkin.

Laylo O‘zbek: «Bir kun qayerdandir kelayotgan edim. Ko‘chamizga mevali daraxtlar ekilgan. Bir guruh bolalar daraxt shoxlarini egib, sindirib meva uzishayapti, olgani mayli daraxtni egib sindirib tashlayapti. Yaqinlashib hoy bolalar uyat emasmi, desam ko‘zini lo‘q qilib ko‘chada o‘sgan-ku deydi. Mayli mevasini olinglar, ammo nega daraxtga ozor berdinglar desam, ha u odammidiki ozor cheksa, deydi. Negadir bizda bu borada bolalarga tushuncha berilmaydimi, berilgan tarbiya bola qulog‘iga kirmaydimi?»

Feruza Sharopova: «Ikki yarim gektar o‘rik bog‘imiz bo‘lardi. Danagini ajratib ulgurmasdik. Kunduzi o‘rik terib, kechasi danagini ajratardik. Mag‘zini maydalangan somonni ustiga to‘kib yoyib quritardik, qishda katta qozonda qaynatib molga berardik. Bir donasi uvol qilinmasdi. Poytaxtda unaqamas. Rostanam xor bo‘lib yotipti».

Gulnora Raxmonova, rassom: «Guliston» jurnalida ishlab yurganimda sal qo‘lim bo‘shasa «Saodat» jurnaliga, dugonalar oldiga kelardim. Bir kuni dugonalarimdan birini keksa olim kishi bilan suhbatlashib o‘tirganini ko‘rdim. Haligi olimning yuzining ranggi toza o‘rikning ranggidek chiroyli edi. U kishi mevalar bo‘yicha olim bo‘lib o‘rikni ko‘p iste’mol qilar ekanlar. Shunda aytgan bir gapi esimda qolgan: o‘zbekning bir qarich yeri bo‘lsa, o‘sha yerda bir dona bo‘lsa-da o‘rik ekishi kerak. O‘rik inson salomatligining asosi, yurakning baquvvat bo‘lishini ta’minlaydi, shu mevani yeb o‘sgan bola yuzga kiradi. Men o‘zim yeri bor insonning hovlisida o‘rik bo‘lmasa, ostona hatlab ichkariga kirmayman, – degan edilar. Xotiram pand bermasa, olimning familiyasi Muhammadjonov edi...»

Matluba Qosimova: «Bizning Qibrayda (Toshkent viloyati) bir nobakor shoxini egib hosil bergan o‘rik tagida chiqindi yoqibdi. Baland daraxt uchigacha kuygan barglari qurib yotibdi. Lekin boshqa shoxlari to‘la hosil. Har kuni bir necha bor shu daraxt yonidan o‘taman, har safar yuragim achib, beixtiyor uvoli urgur, deb yuboraman. Bunday odamlarni kim tarbiyalagan ekan-a...»

Tibbiyot o‘rik haqida nima deydi?

O‘rik tarkibida 29–58 foiz yog‘ bor. O‘rik qoqi mineral va vitaminlarga juda boy. O‘rik qoqi tarkibidagi temir, karotin, fosfor, magniy, V5 vitamini yurak va buyrak, endikrinologik xastaliklar uchun juda foydali hisoblanadi. Uning atigi 100-150 grammi yurak-qon tomir tizimi kasalliklarining oldini olishi hamda qondagi xolesterin miqdorini kamaytirishi mumkin. O‘rik sharbati immunitetni kuchaytirib tanaga quvvat beradi.

O‘rik sharbati bolalarga ichirilsa, ich qotishining oldini oladi. C vitamini va tokoferolning koni ekani hisobiga yangi pishgan hamda quritilgan o‘riklar yaqqol antioksidantlik xususiyatiga ega. Kosmetik vositalar ishlab chiqarilishida ushbu mahsulotdan tayyorlangan yog‘dan foydalanilishi esa buning isboti. Undagi antioksidantlar nafaqat teriga foyda, balki organizm hujayralaridagi oksidlanish stressiga barham beradi. O‘rik yangiligida yeyilsa ozishga yordam beradi.

Organizmdagi ortiqcha suvni bir zumda chiqarish va hazm jarayonini jadallashtirish xususiyatiga ega ekani sabab ham o‘rik parhezda bo‘lganlar uchun eng yaxshi mahsulotlardan biri sanaladi.

O‘rikdan bir necha xil qoqi tayyorlanadi

Bu borada yurtimiz olimlari ham har yili o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadilar. Akademik Mahmud Mirzayev nomli bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti meva va uzumni qayta ishlash bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Ahmedov o‘rikni quritish tajribalari bilan o‘rtoqlashdi: «Ilmiy tadqiqot institutimizda mevalarni uzoq vaqt saqlash va qayta ishlashni tashkil qilmasdan aholini yil bo‘yi ta’minlab bo‘lmaydi. Mamlakatimizning janubiy-g‘arbiy viloyatlarida quyidagi o‘rik navlari turshakbop hisoblanadi: «Yubileyniy Navoiy», «Subhoniy». O‘rikni quritish usullariga qarab undan turshak, kuraga va qaysa olinadi. Turshak – danagi bilan quritilgan o‘rikdir. Bizning ishimiz hosilni uzishdan boshlab uni saqlash, navlarga ajratish, yuvish, qaynoq suvga botirib olish, dudlash, quritish, namni muvofiqlash, qiyomga botirib olish va idishlarga joylashdan iborat.

Dastlab mevalarni katta-kichikligiga qarab navlarga ajratamiz (kalibrovka qilinadi). Biz asosan «Yubileyniy Navoiy» navini quritamiz. Bunda meva sifati yaxshi bo‘lishi, chirimagan, ezilmagan, qurtlamagan bo‘lishi lozim. Mevalarni qaynoq ishqorga botirib olish, dudlash, quritish tartibi mevalarning yetilish darajasiga bog‘liq.

Ochiq joyda quritish 3-4 kun davom etadi. Mana bu o‘ziga xos issiqxonaga o‘xshash joyda quritilgan o‘riklar changdan va quyoshdan saqlab quritiladi. Bu tabiiy quritish deyiladi, umuman quritish 8-10 kun davom etadi. Mevasi bir tekis qurib, po‘sti ajralmaydigan bo‘lganida quritish tugallanadi.  Danagini olib, quritilgan o‘rik qaysa deyiladi. Qaysa yirik mevadan tayyorlanadi, uni tayyorlash usuli turshaknikidan farq qilmaydi.

Kuraga ikkiga yorib quritilgan o‘rikdir. U ham yirik mevalardan tayyorlanadi. Yaxshilab yuvilgan o‘rik qo‘lda ikkiga ajratilib, danagi olinadi. Meva pallalari qaynoq suvda 45-60 soniya tutiladi, ichki tomonini ustga qaratib patnislarga teriladi va oltingugurt bilan dudlanadi. Kuraga oftobda 24-30 soat quritilishi lozim. Shu davrda soyada bir tekis quriydi. O‘rik qovjirab, burishib qolmaydi, vitaminlari yaxshi saqlanadi, rangi o‘zgarmaydi. Kuraga qurishi uchun 5-7 kun kerak bo‘ladi.

Vakuum sublimatsiya usulida quritilganida meva 98 foiz vitaminlarni saqlab qoladi. Ya’ni, mana bu uskunalarda mevaning namligi tortib olinadi va u uzoq vaqt xuddi yangi uzilgandek ko‘rinishda bo‘ladi. Bir necha yillardan beri olimlarimiz ko‘rgazmalarda qatnashib kelmoqda. Tadbirkorlarimiz, sublimatsiya va qiyomga solib pishirib quritilgan qoqi tayyorlab hatto eksport qilishmoqda. Qiyomga solib o‘ziga xos quritish usulini uy sharoitda ham amalga oshirsa bo‘ladi. Ya’ni, uchga ikki barobarida suvga shakar solib qiyom qilinadi hamda unga o‘rikning ezilmaydigan, tuksiz navini danagi olingan holatda solib qaynatiladi. So‘ngra o‘rikni qiyomdan chovli yordamida olib patnisga teriladi, gaz duxovkasiga qurigancha qo‘yib olinadi. Mana shu usulda quritilgan mevalarimiz ham hozir ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Men aholimizga aytgan bo‘lardimki, o‘rikning shifobaxshligini hisobga olgan holda undan bir necha xil turshak quritib olishi kerak. Shunda bozorlarimizda turshak arzon bo‘ladi, isrofgarchilikka barham beriladi».

Hamyurtlarimiz ham o‘rikni quritishning an’anaviy usullari bilan o‘rtoqlashdi:

Bahodir Kamolov bog‘bon, Samarqand viloyati: «Hozir hamma joyda o‘rik g‘arq pishgan. Ikki xil o‘rik bor biri oddiy sepkildor, biri po‘sti silliq – bizda «moylimazoldori» deydi. Danagi achchig‘i va chuchugi ham bor, sok tayyorlashda asosan danagi chuchugidan foydalaniladi.

Yoshligimda katta otamlarning hovlisida bir tup rosa uzun va katta o‘rigi bo‘lardi. Biz nabiralari, qo‘shni bolalari erta bahor g‘o‘ra bo‘lganidan sariq-qizg‘ish bo‘lib pishgunicha ustiga chiqib yerdik. Shu o‘rikni ustiga bir amakim simdan so‘ri ham qilgandi. Bemalol yotib uxlasa ham bo‘lardi. Katta enam ko‘pincha o‘riklarning shamol to‘kkanlarini terib o‘tinxonaning tomida oftobga yoyib qo‘yardi. U paytlari o‘tinxonalarning tomi loysuvoqli tom bo‘lardi. O‘rikni kesmasdan butunicha danagi bilan qoq qilinardi. Qurigandan keyin to‘rvaga solib qo‘yardi. Erta bahor, yozgacha ham turardi. Qishda aynan chilla payti sovuqda shu qoqidan ikki-uch hovuch olib qozonga solib qaynatib kompot qilardi. Qaynashni boshlaganda ajib bir ifori ham bor edi. Kosaga o‘rik qoqlari bilan o‘sha sharbatdan solib bersa non to‘g‘rab ichardik. Biz bolalar to‘rvadan olib cho‘ntagimizga solib yeb yurardik. Danagi ham qurib shirin bo‘lardi.

Ayollar birovnikiga mehmonga borsa tugunga patir-nonlarni ostiga solib ketishardi.  O‘sha payti kampirlar uzun kamzul, yengi uzun kuylaklar, sochlariga tangalar, ipak jiyaklar taqib yurardi. O‘sha kamzulini cho‘ntagida chaqilgan yong‘oq, qora mayiz, turshakni bir xaltacha tikib solib yurardi. Biz bolalarni ko‘rsa xaltachani chiqarib bir qismdan berib chiqardi. O‘rik yurakka quvvat bo‘ladi. Ayniqsa turshagi shakarsiz qaynatib ichganda foydasi katta...»

Adolatxon: «Myen o‘riklarni, yuvib danagini olaman. So‘ngra ustiga doka yopib balkonga qo‘yaman – tushgacha quyosh, so‘ng salqin bo‘ladi.

Har yil tayyorlayman, toza, ishonchli. Onam hovlida turadi, rosa o‘rik daraxtlari ko‘p, lekin chumolilarning dastidan hech turshak qilolmayapti, biron xil chumoli dorisi foyda bermayapti. Qayerga yoymasin chumolilar kelib ichini yeb ketyapti».

Zarina Ramazonova:«Mening onam sim karovatga o‘riklarni terib ustiga doka yopib qo‘yadi. Sim karovatning to‘rtta oyog‘iga baklajkani kesib suv solib kiydirib qo‘yadi, shunda chumoli chiqolmaydi. Idishning suvi qurib qolmasligi uchun har kuni suv quyib turiladi».

 Mohidil Dadaboyeva: «Bizda o‘zimizdan ortmaydi, qarindosh-urug‘, do‘stu birodarlar degandek. Farg‘onada shaharda turaman, mevalarni qo‘ni-qo‘shniyu hamkasblarga tarqataman, ayniqsa, qishda quritilgani juda talabgor bo‘ladi.

Buvajonim turshak sharbatini kanda qilmaydi, xudo xoxlasa 90 yoshga kiradi. Baquvvat yurak bilan koronavirus va pnevmoniyani ham yengdilar».

O‘rik va uning quritilgani haqida aytmoqchi bo‘lganlarimiz shulargina emas, yana bu mavzuga qaytamiz. Garchi o‘rik yer bilan bitta bo‘lib to‘kilib yotgan bo‘lsa-da, bozorga borib turshakning narxini so‘rang: 25 mingdan 50 ming so‘mgacha narxni aytishadi. Nega shunday. Hamma joyda o‘rik yer bilan bitta, bozorda esa turshakning narxi osmonda?

Muallif: Barno Sultonova,

Operator: Yunus Mahmudov,

Montajchi: Sherzod Qayumov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring