«Bu — mening kasbim, biroq men terrorchi emasman!»
Matbuot erkinligi indeksiga ko‘ra, sayyoramizning 13 foiz aholisi erkin jurnalistikani kuzatar ekan. Ya’ni, jurnalistika erkinligi ta’minlangan jamiyatlar soni u qadar ko‘p emas. Aksincha, aksariyat hukumatlar jurnalistikani jilovlashga urinadi va jurnalistlarga tahdid o‘tkazadi. Vaholanki, jurnalist – terrorchi yoki tanqid – zo‘ravonlik degani emas.
Jurnalistning birgina aybi bor – sukut saqlashni bilmaydi. Jonini xatarga qo‘yib, haqiqatni oshkor qilgan jurnalistning maqsadi – nohaqlikka chek qo‘yish, xolos. Haqiqatni aytish yoki jurnalistika jinoyatmi?
Jurnalistdan nega qo‘rqishadi?
«Uchta narsani uzoq vaqt yashirish imkonsiz: quyosh, oy va haqiqatni», — degan edi Budda.
Tinchlik hayotning go‘zalligi, bolalar kulgisi, fuqarolar hamjihatligi, taraqqiyotning tagzamini ekanini bilamiz. Tinchlik – nohaqlik ustidan qozonilgan zafar evaziga qo‘lga kiritilgan haqiqatning mevasi.
Axborot urushlari avj olayotgan bugungi dunyoda haqiqat oyoqkiyimini kiyguncha yolg‘on dunyoning boshqa chekkasiga yetib bormoqda.
Katta miqdordagi boylikni noqonuniy o‘zlashtirish, mansabni suiiste’mol qilish, tanish-bilishchilik va korrupsiya avj olgan jamiyatlarda jurnalistlar ta’qib qilinadi, siquvga olinadi. Bunday davlatlarda jurnalistdan qo‘rqishadi va uni yomon ko‘rishadi, kezi kelganda sazoyi qilib, xalq dushmaniga chiqarishadi. Chunki jurnalist yolg‘onni fosh etuvchi xavfli qurol – haqiqat uchun kurashadi.
Jurnalistikani «bo‘g‘ish»dan kim manfaatdor?
1735-yil. «New York Weekly Journal» nashrining jurnalisti Jon Piter Zenger matbuot tarixida ilk marta amaldorlar qattiq tanqid qilingan maqolani e’lon qiladi. Maqola jinoyatni odat qilgan amaldorlarga jamiyatda kuchli dushmanlari borligini anglatib qo‘ydi. O‘shandan beri jurnalistika va qo‘li egri amaldorlar o‘rtasidagi adovat davom etib keladi.
Mansabdorlar orasida haqiqatni xushlamaydiganlari har doim topilgan. Tanqidiy fikrlaydigan odamni qora qutining oqligiga ishontirish qiyin. Bunday odamlar soxtalashtirilgan haqiqatni payqaydi, oxir-oqibat buni fosh qiladi – jurnalistlarni yolg‘on bilan boshqarishning imkoni yo‘q.
Tanqid – xalq dardiga malham
Jamiyatni samoga intilgan varrak deb tasavvur qilsak, jurnalistlarni uning qarshisida esayotgan shamolga qiyoslash mumkin: qarshidan esgani bilan, shamol varrakning maqsadi uchun xizmat qiladi.
Tanqid – xalq dardiga malham. Tasavvur qiling, nogahon qarshingizdan chiqqan tabib yillab qonab, yiringlab yotgan jarohatingizga malham bossa, siz uning yuziga shapaloq torta olasizmi?
So‘nggi yillarda internet nashrlarida notarius xizmatlarining qattiq tanqid qilingani, xorijga ishga yuboradigan davlat tashkilotlarida korrupsiyaning borligi ochiq-oydin e’lon qilingani, propiska muammosining dadil olib chiqilgani, ayrim hokim hamda mansabdorlarning qilmishlari jasurlik bilan fosh etilgani, turli qing‘ir va xato ishlarga qarshi jamoatchilik nazoratining o‘rnatilgani o‘zbek jurnalistikasida alohida fenomenal hodisa sifatida o‘rganilishi mumkin.
O‘zbek internet jurnalistikasida yangragan «xalqning ovozi» hukumatni befarq qoldirmadi. Davlat rahbarlari muammolarni bartaraf qilish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilab berishdi, ijobiy natijalarga guvoh bo‘layapmiz. Buning mukofoti esa – xalqning ishonchi.
Jurnalistikaga erkinlik berilsa nima bo‘ladi?
1804 yilda AQSh davlat arbobi Tomas Jefferson xalqqa yo‘llagan maktubida shunday yozadi: «Bizning birinchi maqsadimiz fuqarolarimizga haqiqat sari barcha yo‘llarni ochish bo‘lmog‘i lozim. Buning eng samarali yo‘li matbuotga erkinlik berishdir. O‘z xatti-harakatlaridan qo‘rqqanlar esa matbuotga qarshi kurashadilar».
E’tibor qiling, Finlandiya, Niderlandiya, Norvegiya, Germaniya matbuotga erkinlik bergan jahondagi peshqadam davlatlar hisoblanadi. Endi yanayam yaxshilab diqqat qiling, korrupsiya bo‘yicha jahon reytingida korrupsiya avj olganligi bo‘yicha eng past ko‘rsatkich ham aynan ana shu davlatlarga tegishli.
Rivojlana olmayotgan davlatlarning taqdiri ulardagi tabiiy boyliklarga bog‘liq emas. Korruputsiya «uchinchi dunyo» mamlakatlari mag‘lub bo‘layotgan yagona g‘animdir.
Xulosa aniq: erkin jurnalistika korrupsiyaning urug‘ini quritadi. Jurnalistika sukut saqlashni bilmaydi. Jamiyatga ta’sir qilishning samarali usuli va rivojlanish quroli – jurnalistika.
Do‘st achitib gapirar...
1994-yilda Janubiy Afrika Respublikasining prezidenti etib saylangan Nelson Mandela inauguratsiya marosimida ushbu fikrlarni bayon qiladi: «Tanqidiy, mustaqil va haqiqat ortidan qolmaydigan izlanuvchan jurnalistika har qanday demokratiyaning qon tomiridir».
Jurnalist – hukumatning ham, xalqning ham do‘sti. Yaqin do‘stingiz basharangizdagi dog‘ni artib tashlashni so‘rasa, uni qiynoqqa solib, bo‘yniga sirtmoq tashlaysizmi yoki shunday do‘stingiz borligidan xursand bo‘lib, unga rahmat aytasizmi?
Ushbu maqolani yozish asnosida ko‘plab tanqidiy maqolalari bilan tanilgan do‘stimning kuyunchaklik bilan «men jurnalistman, biroq bu terrorchiman degani emas-ku» degan fikri yodimga tushdi.
Modomiki, jurnalistika xatolarni aytib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatar ekan, jurnalistga zug‘um qilish taraqqiyot yo‘liga to‘siq bo‘lishga teng.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter