Bu bolalarning ham baxtli bo‘lishga haqqi bor... Dunyoni o‘zgartirishga intilayotgan ikki ustozning ibrati va mashaqqati haqida
«Biz hunar o‘rgatayotgan 40 nafar nogiron va kam ta’minlangan oilalarning bolalari hayotda o‘z o‘rinlarini topishini istayman. Zora, bizning bu amallarimiz orqali tilanchi bolalar safi kamaysa». — Bugun, 23-aprel kuni poytaxtimizdagi «Kitob olami» do‘konida joylashgan «GroudZero» kovorking bo‘limida Qo‘qon shahridan tashrif buyurgan «Iqtidor» imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash markazi ishtirokchilarining san’at asarlari: badiiy gilam, kandahorchilik, rassomlik san’at asarlari taqdimotida Turon fanlar akademiyasi faxriy akademigi markaz rahbari Tursunali Ahmadaliyev so‘zini ana shunday fikrlar bilan boshladi. — «Biz hunar o‘rgatgan bolalar bugun o‘z yo‘llarini topib ketishdi. Xursand qiladigan jihati, ular bir-biri bilan oila qurishdi. Ba’zan ulardan tug‘ilgan bolalarning sog‘lomligi, zehni o‘tkirligini ko‘rib xursand bo‘lamiz. Hazillashib senga boshqa ota olib kelamizmi desangiz, o‘zimning otam hammadan yaxshi deb javob berishadi».
Ko‘rgazmaga qo‘yilgan 30 dan oshiq san’at asarlarini imkoniyati cheklangan, qo‘li yoki oyog‘i yo‘q bolalar chizganiga, yaratganiga ishongingiz kelmaydi. Ular bugun jamiyatning faol a’zosiga aylanishgan. Ko‘rgazmalarda qatnashishadi, g‘olib bo‘lishadi, qiyin sharoitga qaramay, o‘z ustida tinmay ishlashadi. Ammo ularning muammolari boshqa bolalarning muammolaridan ikki hissa ko‘proqdir. Axir aytishadiku, bitta nogiron bolani tarbiyalash, o‘qitish, besh nafar sog‘lom bolaga o‘qib o‘rgatish bilan barobar deb.
Ammo Ayubxon Madaminovdek shogirdlar ustozlari yonida kechayu kunduz bir safda turib bolalarga hunar o‘rgatmoqda, og‘irini yengil qilishga hissa qo‘shmoqda. Ayubxon 7 yoshida ustozi Tursunali akadan naqqoshlik, yog‘och o‘ymakorligi va qandakorlik yo‘nalishlari bo‘yicha hunar sirlarini egallagan. Tom ma’noda bu yosh yigitcha ikki tashabbuskor insonning qanotiga aylangan.
Markaz haqida bundan 20 yil oldin mana shu maskanni ochish tashabbusi bilan chiqqan 74 yoshli hoji ona O‘ktamxon Ahmadaliyeva shunday deydi: «Bu bolalar bizga viloyatning turli tumanlaridan kelishadi. Tabiiyki, kam ta’minlangan oilalarning bolalariga hatto yo‘lkira topilmagan kunlar ham bo‘ladi. Badiiy gilam to‘qish uchun ip, mato va bo‘yoqlar, rasm chizish uchun qog‘oz, qalam va boshqa yo‘nalishlar uchun ishlatiladigan mahsulotlarga turmush o‘rtog‘im bilan nafaqamizni ishlatamiz. Bu ishlarimiz uchun bizga hech kim haq to‘lamaydi. Yaqinda «Buyuk kelajak uchun» loyihasida g‘olib bo‘lganimizni va mablag‘ ajratilganini hisobga olmaganda hamma xarajatlar o‘z hisobimizdan. 20 yildan davomida ko‘rgan qiyinchiliklarimizni aytsam ado bo‘lmaydi. Hokimiyatga joy so‘rab murojaat qilganmiz. Ammo vaqtinchalik ajratilgan joyda bir necha marta ko‘chdik. Endi bolalar bilan moslashib ishimizni joy-joyiga qo‘ya boshlaganimizda bizga berilgan xonalar kimgadir kerak bo‘lib qoladi va biz har 3-4 oyda ko‘chishga majbur bo‘lamiz. Ayni paytda markazimiz pedagogika kolleji yotoqxonasining 3 qavatida. Tasavvur qilayapsizlarmi oyog‘i yo‘q yoki qo‘li yo‘q, imkoniyati cheklangan bolalarning uchinchi qavatga chiqib-tushishini…»
Ammo shunga qaramay, Tursunali aka hamda O‘ktamxon aya o‘zlarining qilayotgan ishlaridan juda xursand. Chunki yigirma yil oldin O‘ktamxon aya haj safariga borganida, u yerdagi kam ta’minlangan, nogiron bolalarga ko‘rsatilayotgan muruvvatlardan juda hayratlangan edi-da. U yerda xorijliklarning ana shunday imkoniyati cheklangan, nogiron, bechorahol odamlarga ko‘rsatilayotgan saxovat hoji onani to‘lqinlantirib yuboradi: «50 yoshdan oshib mana shunday odamlarga bironta yaxshilik qilmagan ekanman. Yurtimga qaytsam aynan shunday odamlar uchun bepul hunar o‘rgataman, deb ko‘nglimga tukkan edim».
Albatta, onaxonning bu tashabbusini rangtasvir yo‘nalishi mutaxassisi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i Tursunali aka qo‘llab-quvatlaydi. Ammo shuncha yildan beri deyarli hech kim ularning ahvoli bilan qiziqmadi. Axir bunday bolalar bilan ko‘rgazmalarga borish, san’at asarlarini ko‘tarib yurish ikki fidoiy ustozga oson bo‘lgan deysizmi?!
Hatto ular foydalanishi uchun transport ham ajratilmagan. Ikki qo‘li yo‘q, rangtasvir va badiiy gilam yo‘nalishi bo‘yicha saboq oladigan qizaloq Mavluda Abdunazarovaning taqdiri esa hech qaysi insonni befarq qoldirmaydi. Onasi vafot etgan, otasi boshqaga uylangan bu qizaloq amakisinikida yashaydi. Uning mashg‘ulotlarga qatnashiga ham gohida yo‘lkira topilmay qolarkan.
Yana bir tarbiyalanuvchi – ikki qo‘li yo‘q 26 yoshli Lutfullo Qodirov sportning taekvonda turi bo‘yicha musobaqalarda qatnashib g‘oliblikni qo‘lga kiritibdi. Bunday bolalar uyga ketishi uchun oyog‘i bilan taksi to‘xtatishganda haydovchilar «nega bizni mazax qilayapsan», deya haqorat qilgan kunlari ham ko‘p bo‘lgan ekan.
«Qo‘qondagi Xudoyorxon saroyiga borganimda mana shu insonlar ko‘rgazmaga qo‘ygan san’at asarlari meni o‘ziga maftun etdi va ular bilan yaqinroq tanishishga ahd qildim», — deydi tashkilotchilardan biri Aziza Umarova. — «Men bu yerga nimaga kelganimni ham unutdim. Va ularni Toshkentga taklif qildim. Mana shu yerga yig‘ilganlarga aytmoqchi bo‘lganim, kelinglar, birga ushbu ishlarning yangi egalarini topishga yordamlashaylik. Axir bu ikki ustozning qilayotgan ishi qahramonlik, ular olamni o‘zgartirishga hissa qo‘shishmoqda. Agar biz birlashsak, kerak bo‘lsa, mutasaddi rahbarlar, hokimlar «qani o‘sha odamlar, mana biz yordam beramiz», deya ko‘makka shoshilishi tabiiy».
Ha, shunday yaxshi insonlar tufayli hali biron marta sotilmagan san’at asarlarining 10 ga yaqiniga shu yerning o‘zida xaridorlar chiqdi. Bu ular uchun ham rag‘bat, ham yanada san’at asarlarini ko‘proq yaratishlari uchun yaxshigina mablag‘ hisoblanadi.
Tadbirkor Hikmat Abdurahmonov esa tadbir yakunida shunday fikrlarni bildirdi: «Afsuski Tursunali aka hamda O‘ktamxon ayaning internet bilan ishlashga imkoniyatlari ham yo‘q ekan. Biz tezkorlik bilan ularning yaratgan asarlarini internet sahifalarimizga joyladik, qiziquvchilar uchun ulashdik. Va guvohi bo‘lib turibmizki, asarlarni joylagan zahotimiz qiziquvchilar biz bilan bog‘lana boshladi. Bizning vazifamiz ular bilan onlayn muloqotni yo‘lga qo‘yish. Mana shu yo‘l orqali homiylar topish. Ikki insonning shogirdlari ishlarini yuzaga chiqarish bo‘lishi kerak».
Biz ham «Iqtidor» imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvatlash markazining barcha muammolari barham topishiga, kelajakda ularga homiylik qiladigan, mehnatlarini yuzaga chiqarishga ko‘maklashadigan yaxshi insonlarning safi kengayishiga ishonamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter