«Boysun bahori». Yo‘llar ta’mirlanmoqda, tayyorgarlik avjida
Padang qishlog‘i — Boysun tumanining so‘lim joyi. Ana shu maskanda YuNESKO tashkiloti hamkorligida xalqaro «Boysun bahori» festivali o‘tkaziladi. Joriy yilning 27-29 aprel kunlari mazkur festival tashkil etilishi oldidan viloyat hokimligi tashabbusi bilan bu yerda festival tashkilotchilari — mutasaddi korxona, tashkilot va tegishli muassasalar rahbarlarining uchrashuvi o‘tkazildi.
Bu yil festivalda qatnashchilar soni ko‘payayotganligi, hozirdan ko‘pgina xorijiy mamlakatlardan mehmonlar festivalda ishtirok etishga istak bildirayotganligi bois bu yerda obro‘si oshib borayotgan festivalni yuqori saviyada o‘tkazish borasida barcha tegishli idora va tashkilotlarga topshiriqlar berildi.
Xususan, bayram arafasida bu yerda 100 dan oshiq o‘tov tikiladi va qo‘rg‘onlar barpo etiladi. Kurashga alohida joy tayyorlanib, Respublikadan hakamlar taklif etiladi. Shuning dek, arqon tortish, chillak o‘yinlari, varrak va shar uchirish, xo‘roz va qo‘chqor urishtirish hamda boshqa turdagi milliy o‘yinlar uchun alohida tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Bayramga 50ga yaqin elchi kelishi ham kutilmoqda.
Mehmonlarni kutib olish, mehmonxonalarga joylashtirish, yo‘l-transport xizmatlarini yaxshilash, hunarmandlar uchun sharoit yaratish, «Boysun bahori»ni talqin etadigan banner, afishalar qo‘yish, tibbiyot punktlari xizmatini takomillashtirish, fitobarlar, ko‘chma dorixonalar tashkil etish galdagi vazifalardir.
Bu yil mehmonlar sonining ikki barobar ko‘payishini inobatga olib, xorijliklar uchun diqqatga sazovor joylarga sayohat uyushtirish, ikkinchi massiv yo‘llarini ochish va eski yo‘llarni ta’mirlash, shoh bekatlarda va yo‘llarda «Boysun bahori»ga to‘g‘ri borish uchun yo‘l belgilarini o‘rnatish, mashina qo‘yadigan joylarni kengaytirib, tartibga keltirish, elektr energiyasi ta’minoti va yoritish moslamalarini sozlash va o‘rnatish hamda ovqatlanish shoxobchalarida taomlar turini ko‘paytirish va sifatini yaxshilash , suv ta’minoti masalalariga ham alohida e’tibor beriladi.
San’at maktabi, badiiy akademiya, ixtisoslashtirilgan san’at maktab — internati, yoshlar ittifoqi, milliy an’analar mujassam bo‘lgan yangi taklifnomalar, san’at asarlari, muhandislik grafikalari va pannolar tayyorlashlari, milliy hunarmandchilik jihozlari uchun alohida savdo rastalari tashkil etishlari lozimligi ta’kidlandi.
Mehmonlar xavfsizligi, ommaviy sayil ishtrokchilarining betalofat borib-kelishlarini ta’minlash bo‘yicha ham tegishli organlarga topshiriqlar berildi. Madaniyat boshqarmasi xodimlariga chet el hofizlarini taklif etish, dasturlarini tayyorlash, mehmonlarni kutib olish borasida repititsiya ishlarini tashkillashtirish vazifalari yuklatildi.
Bayram kunlari festival ishtirokchilariga o‘zbek san’atkorlaridan tashqari xorijlik qo‘shiqchi va hofizlar, musiqachilar ham xizmat ko‘rsatadi.
I.MIRZO
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter