Bombalar, onalar va adolat...
Dunyoda onalarning eng yomon ko‘rgan quroli bu bomba bo‘lsa kerak. U nogohon kelib tushadiyu, jamigi jonliqni va jonsiz borki kunpayu kun qiladi.
Beqaror Suriya, Afg‘oniston, Liviya, Efiopiya, Yaman, Tog‘li Qorabog‘, qayerda bir o‘q otilsa, avvalo onalarning joni og‘riydi. Chunki bu beqarorliklar oxir oqibat ularning bo‘yida et olgan va bo‘yi qatori bo‘lgan o‘g‘lonlarini ajratishga olib keladi.
Ammo urush istagidagi siyosatchilar onalar fikri bilan biror marotaba Kengash tuzib o‘rtoqlashgani haqida etishmaganman. Agar shunday qilinganida, Yer yuzida urush tufayli farzandidan ayrilgan onalar bo‘lmas edi.
Aslida onalarning jangovor ogohlik qo‘ng‘irog‘i doimo yoqiq turadi. Ular bolalarning har bir tashvishi va dardini o‘z yuraklari orqali his qilib yechim topishga urunishadi. Onalar notinchliklardan juda qo‘rqadi. Mayli, uyda yetishmovchilik ham, bolam xonadonida oilasi bilan doim tinch o‘tirsin deydi.
Dunyoning ishlari qiziq. Stokgolm tinchlik muammolarini tadqiq qilish xalqaro instituti degich tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra 2019-yilda dunyodagi barcha mamlakatlarning harbiy xarajatlari salkam 2 trillion dollarga yetib, avvalgi yillarga nisbatan 3,6 foiz o‘smoqda.
O‘qituvchi sifatida komil ishonch bilan ayta olamanki, bu pulga sayyoramizdagi barcha maktablarni bosh-oyoq qaytadan ta’mirlab, ularni kerakli jihoz va adabiyotlar bilan ta’minlab qo‘yish mumkin bo‘lardi. Ayrim, otasi pul topish uchun olis o‘lkalarga ketib, onasi uy yumushlaridan ortmayotgan bolalarning imkonsizligini ko‘rib, yuragim siqilib ketadi.
Shunda 2021-yilda odamzot butun harbiy xarajatlardan tiyilib, hamma soqqani ta’limga tashlasa, nima bo‘lar ekan, deb xomxayol ham qilib qolaman. Baribir insonni raketa bilan tarbiyalab bo‘lmas ekan, o‘qimagan bolalarni u bilan qo‘rqitib ham bo‘lmaydi.
Terrorchilar, ashaddiy ekstremistlar ham o‘zi qayerdan chiqadi. Kitob o‘qimagan boshdan chiqadi.
Katta davlatlar ham o‘rnak bo‘lish o‘rniga nuqul bir-biriga kuchini ko‘rsatish bilan ovora bo‘lib qoldi.
Rossiya degich davlat o‘tgan yili oz emasam, ko‘p emasam, 65 milliard dollarini harbiy budjetiga ajratibdi. Bu yalpi ichki mahsulotga nisbati (3,9 foiz) bo‘yicha Ovro‘padagi eng katta ko‘rsatkich bo‘lib chiqayapti.
Men masalan, aytamanda, undan ko‘ra shuning yarimini ichkilikbozlikka qarshi kurashga, egoistlashib borayotgan bolalarni mehnatkashlikka va kattalarni hurmat qilishga o‘rgatishsa qancha guliston shaharlar bunyod bo‘lib ketmasmidi... Dehqonchilikka bersa, yer yayrab hosilini mo‘l qilardi. Chorvadorlarga berilsa go‘shtning narxi ham ancha tushib qolardi. Afrikada qancha-qancha ochlik iskanjasidagi sho‘rlik farzandlar tirik qolardi.
Vuy, Amirqoning sarfi o‘rislarnikidan o‘n baravardan ham ko‘p ekan. Naqd 732 milliard dollar. Undan keyin Xitoy 261 milliard, Hindiston 71 milliard bilan bir-birini quvib yotibdi. Enalar ham o‘zi siyosatga juda qiziqib yuradi, bular yana bir narsani boshlamasin deb doim hadik xavotirda yuradi.
O‘zi NATO degich ittifoq 1 trillion 35 milliard dollarlik harbiy xarajatlar qilibdi. Bular yana biror narsani boshlamaydi deb doim xavotirda yuradigan bo‘lib qoldim. To‘g‘risi, o‘g‘illaring armiya yoshiga yetay deb qolsa, odam sal notinchlik va beqarorlikning hidi kelsa, qo‘rqib qolarkan.
Iroq, Afg‘oniston, uzoqqa bormaylik mana Belarusdagi hodisalarni kuzatar ekanman, har qanday armiya va qurolli kuchlar harakatlari oxir-oqibat adolat posangisini ololmasa, kutilgan samarani bermasligini ayon bo‘ldi. Shu ma’noda butun dunyo hamjamiyati jahon onalari yurak istaklariga, demakki adolatga quloq solishi davri keldi.
Mahbuba Jabborova,
ingliz tili o‘qituvchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter