Bolta ko‘targan ayol
1901-yil 21-yanvarda Kanzas shtatining Vichita shahri ko‘chasi bo‘ylab Amerika tarixida mutlaqo noodatiy bo‘lgan bir ayol kezib yurardi. U «Iso Masih askarlari, olg‘a!» qo‘shig‘ini kuylagancha, qo‘lida ushlagan boltasini har tomonga sermab borardi. Ayol Duglas ko‘chasida joylashgan Jim Bern barigacha yetgach, yopiq eshik tirqishidan ichkariga kirishga urinib, boltasini boshi uzra o‘ynatdi-da, yig‘ilganlarga qarata murojaat qildi: «Bu – Yaratganning qo‘li! Erkaklar, men sizlarni badmast do‘zaxdan xalos etish uchun shu yerga keldim!»
Mayxonada kunda-shunda o‘tiradigan erkaklar o‘zlarini orqa eshikka urib, tum-taraqay qochdilar.
Peshtaxta ortida boshini chiqarib turgan mayxona sotuvchisi himoyasiz qolib, Kerri Neyshn pivo shishalarini qay tarzda chilparchin qilayotgani, qo‘lidagi bolta bilan viski idishlarini maydalayotganini kuzatib turardi. Bir necha daqiqadan so‘ng ushbu bino xuddi Kanzas dovuliga uchragandek bo‘ldi-qoldi.
Ha, bu haqiqatan dovul edi. Faqat yubka kiygan dovul. Shunday qilib, spirtli ichimliklarni man etish tashabbuskorlaridan biri Kerri Neyshn urush so‘qmoqlariga chiqdi. Telegraf bu yangiliklarni bir onda butun dunyoga tarqatib yubordi.
U o‘zining g‘ayrat-shijoati va xatti-harakatlarining kuchi bilan o‘shanda mamlakatda 17 yil muqaddam qabul qilingan «Ichimliklarni man qilish to‘g‘risidagi qonun»ni qo‘llash uchun jamoatchilik qahr-g‘azabi to‘lqinini qo‘zg‘atishga yordam berdi.
Kerri Neyshn tomonidan qovoqxonalarni yoqtirmaslik sabablari ko‘p bo‘lgan. Viski ularning oilasini barbod etgan. Eri aroqxo‘rlik tufayli o‘lgan. Oilada bir chaqa ham pul yo‘q. Go‘dak esa ona qo‘lida qolaverdi.
U birinchi marta Kanzasdagi pivo barlarini munojot va va’z o‘qish yordamida berkitishga uringandi. Bu ishni amalga oshirish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri u yoki bu bar qarshisidagi ko‘prik ustida organ o‘rnatib, uning tovushi ostida toat-ibodat qildi, jamoatchilik his-tuyg‘ularini junbishga keltirib, murojaat qildi. Garchi juda g‘alati ko‘rinsa-da, xuddi shunday yo‘l bilan bir necha pivo barlarini berkitishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo bunday usul haddan ziyod ko‘p vaqtni talab qilardi. Vaholanki, harakat qilib qolish kerak edi. Natijada u pivo barlariga bolta va g‘isht parchalari bilan hujum boshlashga urindi. Albatta, Kerri qonunni buzayotganini yaxshi anglardi. Shu bilan Kanzasda ham yigirma yil nomigagina amal qilgan alkogol ichimliklarni sotishni man qilish to‘g‘risidagi qonunni buzayotganini ham bilardi.
U javobgarlikdan qo‘rqqanmidi? Hech qachon! Kerrini oyoqlari ostiga olib, etiklar bilan tepishdi. Uzun sopli qamchi va darralar bilan urishdi. Suyaklarini sindirib, o‘lar holatga keltirishdi. Ammo uni hech nima to‘xtata olmadi. Kerri Yaratganning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amri bilan harakat qilayotganiga ishonardi. O‘zining so‘zlariga qaraganda, Xudo uning huzuriga sharpa sifatida kelib, aynan shunday harakat qilishini aytgan. Ba’zan muqaddas «Injil» kitobini ochganida, farishtalarning qanoti shitirlaganini eshitgan. Ba’zida esa «Injil»ning har bir so‘zi xuddi lyuminessent lampa yorug‘ligiday yog‘du bergan (lyuminessensiya – gaz, suyuqlik yoki qattiq jismning sovuq holda nur sochishi, nurlanishi). Uni qamoqqa tiqishdan hech qanday ma’ni yo‘q edi. Chunki Kerri darhol kuylash hamda Xudoga hamdu sano o‘qishga kirishib ketardi.
Uni sudga olib kelishganida, advokat xizmatidan foydalanishdan voz kechdi, o‘z himoyasi uchun o‘zi otlandi. Sudya Kerriga Kanzas qonunlari bo‘yicha ish ko‘rmoqchi ekanligini aytganida, u: «Biz bu ishni Kanzas qonunlari asosida emas, balki Yaratganning qonunlari asosida ko‘rib chiqamiz», ─ deb qichqirdi. Shu so‘zlarni aytib o‘rnidan turdi va «Injil»ni o‘qiy boshladi.
Sudya Kerriga o‘z joyini egallashni buyurganida, u sudyaning so‘zlarini kesib tashladi: «Menga nima qilish kerakligini uqtirmang, men onangiz bilan teng yoshdaman».
Birinchi erining vafotidan so‘ng Kerri o‘qituvchilik qilgandi. O‘zi, bolasi va qaynonasini boqishga kirishdi. Oradan to‘rt yil o‘tgach, u ish joyidan mahrum bo‘ldi. Shunda tiz cho‘kib munojot qilib, ibodatga berildi: «Ey, rahmdil Parvardigor! Men bundan keyin qaynonam va Charlini boqa olmayman. O‘zing menga madad bergin. Balki turmushga chiqishimni ma’qul deb bilarsan, agar shunday bo‘lsa, roziman. To‘g‘ri, bu holatda mening ko‘z ostimga olib qo‘yganim yo‘q. Kimni yaxshi deb hisoblasang, men uchun o‘shani tanla...»
Bir necha haftadan so‘ng Kerri gazeta muharriri, fermer va voiz David Neyshnga turmushga chiqdi. Buni u o‘zining Xudoga qilgan murojaati uchun munosib javob bo‘ldi, deb hisobladi.
Keyinchalik David Neyshn Kanzasdagi cherkovga ruhoniy bo‘ldi. Shu bilan birga Kerri va’z o‘qish san’atida eriga nisbatan o‘zining ko‘proq tushunishini ta’kidlagandi. Shuning uchun u eriga o‘zi matn tanlab berar, ayrim paytlarda esa unga o‘rgatish bilan ham mashg‘ul bo‘lardi. David va’z o‘qigan chog‘ida ibodatga kelganlarni ruhlantirishga kirishar ekan, Kerri o‘sha yerda hozir bo‘lib, birinchi qatorda o‘tirar, baland ovozda qay paytda tovushni ko‘tarish va qayerda yanada balandlatish kerakligini unga aytib turardi. Bundan tashqari qaysi paytda tezroq o‘qish, qayerida lozim bo‘lgan imo-ishoralarni qo‘llash kerak bo‘lsa, hammasini tushuntirardi. Xizmat oxiriga yetib, va’zni to‘xtatish fursati yetganini anglagach, u yon tomonga o‘tib, baland ovozda: «Bugunchalik shunisi yetar, David!» ─ der, bordi-yu, eri shundan keyin ham va’z o‘qishni bas qilmasa, to‘ppa-to‘g‘ri uning oldiga borib, tumshug‘i ostida turgan kitobni berkitar, shlyapasini qo‘liga berib, uni uyiga qarata olib ketardi.
Bir necha oydan so‘ng cherkov kengashi Davidga ruhoniylik o‘rnini bo‘shatishni tavsiya etdi. U bu topshiriqni zo‘r mamnuniyat bilan bilan bajardi.
Oradan bir necha yil o‘tgach, ular ajrashdilar. O‘shanda Kerri shunday degan edi: «Turmushimizda hammasi binoyi-yu, ammo David haddan ziyod lanj».
Bu xotinga er emas, balki kanzaslik xachir kerak edi. Tan olishim joizki, Kerri Neyshn to‘g‘risida gapirish boshqalarga nisbatan menga ancha oson. Garchi Kerri Neyshn mendan ellik yosh katta bo‘lsa-da, u yashagan shaharda istiqomat qildim, u o‘qigan kollejda tahsil oldim. Vafotidan so‘ng u Missuri shtatidagi mening qadrdon go‘sham Belton shahrida dafn etilgan. Balki vaqti kelib, meni ham o‘sha yerga ko‘mishar, shunda ehtimol, men son-sanoqsiz asrlar davomida Kerri Neyshndan bor-yo‘g‘i bir necha yard narida yotarman.
Bir kuni men uni Janubiy Dakotadagi Perra shahrida ko‘rdim. Va’z o‘qish jarayonida voiz nimadir degan edi, bu gapi Kerriga yoqmadi. Shunda u o‘sha joyning o‘zidayoq e’tiroz bildira boshladi. Voizning gapini bo‘lib, ko‘tarilgan masala bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bayon eta ketdi.
Boshqa safar esa Kerri to‘planib turgan odamlar orasida turgan erkakning oldiga borib, og‘zidan sigarasini yulib tashlagani, so‘ng uyalish kerakligini, tamaki tufayli itday sasiganini aytganiga guvoh bo‘lganman.
Kerri Neyshn ot sportidan boshqasini aslo tan olmagan. U Kentukkida tug‘ilgani bois yugurishni yaxshi mashg‘ulot deb hisoblardi. Kerri ko‘cha-ko‘yda yosh juvonlarni to‘xtatib, ularga yosh yigitlar bilan sayr qilishdan ehtiyot bo‘lishi kerakligini ta’kidlayotganini ham ko‘rganman.
Nyu-Yorkda otlar ko‘rgazmasi o‘tayotganida, hurmatli janob A.Vanderbildni hammaning oldida sharmanda qilib, bu vaqtda muvofiq bo‘lmagan kostyum kiyib kelgani uchun qoralab tashlagan, shu tariqa zo‘r muvaffaqiyat qozongan edi.
Xo‘sh, Kerri Neyshn o‘zining xatti-harakatlari uchun hisob berarmidi, deb so‘rashingiz mumkin. Shunisi borki, uning qizi ruhiy bemorlar shifoxonasiga yuborilgandi. Shu tariqa onasi ham aqli noqis bo‘lishi mumkin. Ammo ayting-chi, oramizda kimning aqli raso hisoblanadi?
Kerrining qalbi ezgulik bilan to‘lib-toshgandi. Masalan, uning otasi bir olam qarzini uza olmasdan dunyodan o‘tdi. Garchi hech kim Kerrining zimmasiga bu majburiyatni yuklamagan bo‘lsa-da, u otasining barcha qarzlarini uzdi. Buning uchun o‘n besh yil kerak bo‘ldi.
Keyingi yillarda u bir necha yillik umrini omma oldida ma’ruzalar o‘qish bilan o‘tkazdi. Tushgan pullarni esa yetim-yesir hamda och-nahor kishilarga tarqatdi. Kanzas shahrida o‘z mablag‘i hisobidan beva ayollar hamda aroqxo‘rlarning bolalari uchun boshpana qurib berdi.
Kerri Neyshn Kanzas tekisliklarida o‘zining aroqxo‘rlikka qarshi jo‘shqin faoliyatini boshlaganida, bu harakat bilinar-bilinmas oqadigan irmoqqa o‘xshardi. Kerri Neyshn uni bo‘ronli oqimga aylantirib, keyinchalik bu hol mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritishni taqozo etdi.
Kanzas shtati o‘zining eng katta qatnovli ko‘chalaridan birini Kerri Neyshn sharafiga uning nomi bilan atagan. Mazkur ko‘cha Kerri boltasining surati bilan bezanib turadi.
Deyl Karnegining «Mashhurlar hayotidan
noma’lum sahifalar» kitobidan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter