Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolani mehribonlik uyiga topshirish oxirgi chora — jahonda va bizda vaziyat qanday?

Bolani mehribonlik uyiga topshirish oxirgi chora — jahonda va bizda vaziyat qanday?

Konstitutsiyamizning 64-moddasida «Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar», — deb belgilangan bo‘lsada, aksariyat hollarda fuqarolar o‘z ota-onalik majburiyatlarini unutib qo‘yganliklari kuzatilmoqda. Oilaning moddiy  axvolini  yaxshilash, boylik orttirish va o‘zining orzu-havaslarini amalga oshirish maqsadida chet ellarga ishlashga ketayotgan oilalarning ko‘pchiligi farzandlarini yaqin qarindoshlari vasiyligiga qoldirib ketayotgan bo‘lsa, ba’zilari davlat internat tipidagi muassasalarga qoldirib ketish holatlari ham tez-tez uchramoqda.

Statistik ma’lumotlarga  ko‘ra, O‘zbekistonda 4 ta «Bolalar shaharchasi», 16 ta «Mehribonlik» uylari hamda 4 ta «Oilaviy bolalar uylari» mavjud. Bugungi kunda «Mehribonlik uy»larini Bolalar shaharchasiga o‘zgartirish (modernizatsiya qilish) ishlari boshlab yuborilgan.

Xalqaro tajriba shuni  ko‘rsatadiki, AQSh,  Buyuk Britaniya XX asrning ikkinchi yarmidan, Rossiya XXI asr boshlaridan bunday muassasalarni tugatishga bo‘lgan  harakatlarni amalga oshirib kelmoqda.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, o‘tgan asrning o‘rtalariga qadar, Amerika Qo‘shma shtatlarida yashovchi yetimlarning aksariyati davlat qaramog‘ida bo‘lib, bolalar uylarida yashagan. Ammo keyinchalik bunday ta’lim muassasalari tizimi samarasiz deb topildi. Shu sababli, bugungi kunda Amerika Qo‘shma Shtatlarida uzoq muddatli yashash uchun mo‘ljallangan bolalar uylari mavjud emas. Ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni vaqtincha saqlash uchun maxsus muassasalar mavjud bo‘lib, ularning maqsadi har bir bola uchun imkon qadar tezroq yangi oilani topishdir.

O‘zbekistonda bolalar uylari asosan xalq ta’limi tizimining bir qismi bo‘lsa, AQShda yetim bolalarga g‘amxo‘rlik asosan hukumat shartnomalari asosida ishlaydigan va doimiy ravishda huquq bo‘yicha davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan nodavlat tashkilotlariga yuklatilgan bo‘lib, davlat ushbu yo‘nalishni moliyalashtiradi va o‘ziga xos nazorat qilish tizimini yarata olgan. Amerika Qo‘shma Shtatlarining bu boradagi asosiy farqli jihatlaridan biri hozirgi kunda ushbu mamlakatda «Bolalar uyi» va «Mehribonlik uy»larining yo‘qligidir.AQShda noinstitutsionallashtirish jarayoni 1941-1980 yillar oralig‘ida boshlangan. Ushbu jarayon mamlakatda 1935 yilda qabul qilingan «Ijtimoiy ta’minot to‘g‘risida»gi  Qonundan so‘ng boshlandi. Bugungi kunda qariyb 428 ming amerikalik bola go‘daklikdan 18 yoshgacha homiylik ostida  foster oilalarda  yashashadi.  «Foster care» bolani tarbiyalashga ixtisoslashgan oilalar hisoblanadi. Bunday oilalardagi ota-onalar professional tayyorgarlikdan o‘tgan bo‘lib, ularga bola tarbiyasi uchun nafaqalar belgilanadi. Buyuk Britaniyada ham «Foster care» tizimi shakllangan bo‘lib, ushbu tizimning quyidagi «emergency foster»,  «long term»,«permanent care»     turlari mavjud.   «Yemergency foster»da  bolalar ixtisoslashgan oilalarga bir necha soatdan bir necha kungacha joylashtiriladi. Bolaning oila a’zosi kutilmaganda kasalxonaga tushishi natijasida bola qarovsiz qolsa shu turdan foydalaniladi.  «long term»   da  bolalar ixtisoslashgan oilalarga 2 yilgacha bo‘lgan muddatga joylashtiriladi. «Rermanent care» – uzoq muddatli joylashtiruv bo‘lib, bunda bola vasiylar oilasida voyaga yetgunga qadar  tarbiyalanish uchun qoldiriladi.Vengriyada esa Parlament tomonidan 2007-2032 yillarga mo‘ljallangan Kompleks milliy strategiya  belgilangan bo‘lib, ushbu mamlakatda bolalarning muassasalarga joylashtirish jarayoni to‘xtatilgan hamda barcha qiyin hayotiy vaziyatga tushgan oilalar va bolalarni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash  ijtimoiy xizmatlar zimmasiga yuklatilgan.Ruminiyada bolalar himoyasi borasida yangi jarayon boshlangan bo‘lib, ushbu mamlakatda bolalarni mehribonlik uylariga   joylashtirish jarayoni to‘xtatilgan.

Internat  tipidagi bolalar uylarida  1990 yilda yuz ming nafar bola tarbiyalangan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib ularning soni 17 718 nafarni tashkil etadi. Ozarbayjonda  noinstitutsionallashtirish (deinstitutsionalizatsiya) va bolalarnin ijtimoiy himoyalash deportamenti tashki etilganligini ko‘rish mumkin. Ozarbayjon Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida» gi Qonuniga asosan «Ozarbayjon 2020: kelajakka qarash» rivojlanish konsepsiyasi va Ozarbayjon Respublikasida ta’limni rivojlantirishning davlat strategiyasi, shuningdek Ozarbayjon Respublikasida bolalarni davlat bolalar muassasalaridan oilalarga o‘tkazish (noinstitutsionallashtiri) va muqobil parvarish bo‘yicha davlat dasturi, Ozarbayjon Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida bolalarni huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq muammolar hal etilmoqda.  Xorijiy davlatlar tajribasi tahlili shuni ko‘rsatadiki, ko‘p mamlakatlarda yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar muammosi mavjud va ushbu muammolar yechimini topish maqsadida turli usullardan foydalanilmoqda.  Xorijda va ota-ona qaromog‘isiz qolgan bolalarni muassasaga joylashtirish eng oxirgi chora hisoblanadi. Bolani oila qaromog‘ida tarbiya topishiga alohida e’tibor qaratiladi.Shu o‘rinda O‘zbekistonda ushbu jarayon qanday kechmoqda, degan savol tug‘ilishi mumkin. Islohotlar davomi sifatida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashni tubdan yangilangan tizimini joriy etish hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab quvvatlashni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston  Respublikasi Prezidentining 2021 yil  9 avgustdagi PQ – 5215–son  «Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni  tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlarito‘g‘risida»gi hamda PQ – 5216-son «Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarorlari qabul qilindi.

So‘nggi o‘n yilda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilarining 51 foiziga uy-joy ajratilgan. Mehribonlik uylaridan tarbiyalangan yigit-qizlarning 64 foizi ish bilan ta’minlangan. Vasiylik va homiylik organlarida 79 ming bola ro‘yxatda turadi, shundan 35 ming nafari farzandlikka olingan. Lekin,  ular bilan shug‘ullanish uchun tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlarida bitta xodim biriktirilgan.

Mehribonlik uylaridagi bolalarni oilaga yaqin muhitda tarbiyalash, bilimli va ma’naviyatli, vatanparvar insonlar etib voyaga yetkazish zarurligini inobatga olib, bu borada yangi tizim joriy qilinishi belgilandi. Unga ko‘ra, 16 ta Mehribonlik uyi va 4 ta Bolalar shaharchalaridagi yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi mas’ul etib belgilandi. Buning uchun qo‘mondon o‘rinbosari lavozimi joriy etilib, alohida boshqarma tashkil etildi.

Yuqorida ta’kidlangan huquqiy hujjatlarga  asosan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Turizm va sport vazirligiga har bir Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchasiga oliy o‘quv yurti hamda sport maktablarini biriktirish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, sharoiti og‘ir bo‘lgan Mehribonlik uylari  Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi va viloyat hokimliklari tomonidan otaliqqa olinishi belgilandi.

Shuningdek, Milliy gvardiya, maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, mahalla va sektor vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, ularga vasiylik, homiylik va patronatga olingan bolalarning ahvoli, oilaviy sharoitidan har hafta xabar olish yuklatilganligi ahamiyatlidir.

«Temir daftar»ga kirgan oilalar farzandlari,  shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan va nogironligi bo‘lgan bolalarga maktabga chiqishi uchun 500 ming so‘mdan berilishi, vasiylik, homiylik va patronatga olinganlar ham oliy o‘quv yurtlariga kirishda Mehribonlik uylari bitiruvchilari uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotadan foydalanishi belgilangan.

Davlat bolaga g‘amxo‘rlik qiladi, uni zarur bo‘lgan hamma narsa bilan ta’minlaydi, ammo u hayotining ilk kunidan muhtoj bo‘lgani ona mehri va g‘amxo‘rligi bilan o‘rab ololmaydi. Bolani institutsional muassasaga joylashtirish keyinchalik boshqa choralarni qo‘llash — asrab olish, vasiylikka olish, taribiyalanishi uchun boshqa oila (patronat)ga berish choralarini amalga oshirish bilan eng qisqa vaqtga mo‘ljallanishi kerak va oxirgi chora sifatida qo‘llanilishi zarur.

Jahon amaliyoti ko‘rsatib turibdiki, davlatga bolani muassasada boqishi emas, balki u o‘sayotgan oilaga yordam berish ancha foydalidir. Bu oilalarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini va bolali oilalar uchun xizmat turlarini kengaytirish choralari bo‘lishi kerak.

Shuningdek, aholining huquqiy savodxonligini oshirish kerak. BMT qo‘mitasi tavsiyalariga ko‘ra, inson huquqlari bo‘yicha majburiy o‘quv modullarini va bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani maktab o‘quv dasturlari va o‘qituvchilar malakasini oshirish dasturlariga kiritishni ko‘rib chiqish, ommaviy axborot vositalarini faol jalb qilish va aholini axborotlashtirish ishlarida qatnashish, ijtimoiy sheriklik, ishonch va konstruktiv muloqot asosida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro munosabatlarni hamda hamkorlikni kuchaytirish zarur.

Kulturayev Shohjahon Zarqorayevich,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)
Kotibiyati xodimi,

 Bozorova Ra’no Achilovna,
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi
markazi yetakchi mutaxassisi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring