Bojxona qo‘mitasi internetda tarqalgan maqolaga munosabat bildirdi
Yaqinda «Telegram»dagi «Jurnalizd», «Davletovuz» kabi axborot kanallari va boshqa ommaviy axborot vositalarida «Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash xalqni sog‘ish hisobigami?» sarlavhali material e’lon qilindi.
Unda chetda xarid qilingan va xalqaro pochta tizimlari orqali olib kelinayotgan tovarlarni olishda qator muammolarga duch kelinayotganligi qayd etilgan.
Ta’kidlash joizki, xorijiy davlatdan yuborilgan pochta va kurerlik jo‘natmalarini qabul qilmoqchi bo‘lganimizda, ushbu jo‘natmalar uchun bojxona to‘lovlari undirilmaydigan tegishli me’yorlar belgilangan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali kelayotgan tovarlar nazoratini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ushbu me’yorlar aniq belgilangan.
Keling, dastlab xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalarining bir-biridan farqini keltirib o‘tsak. Chunki, ilgari xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalarini qabul qilmagan har qanday kishi bu ikkala jo‘natmaning bir-biridan farqini bilmasligi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining «Pochta aloqasi to‘g‘risida»gi qonuniga binoan, pochta jo‘natmalari bu — manzili ko‘rsatilgan yozma xat-xabarlar, posilkalar va tegishli o‘rovdagi bosma nashrlar. Kurerlik jo‘natmalariga esa jo‘natilishi qisqa muddatlarda qo‘ldan-qo‘lga yetkazib berilgan (topshirilgan) holda amalga oshiriladigan pochta varaqchalari, xatlar, banderollar, posilkalar, bosma nashrlar kiradi.
Yuqoridagi qarorga muvofiq, xalqaro pochta jo‘natmalarini qabul qilayotgan jismoniy shaxslar 100 AQSh dollariga teng bo‘lgan qiymatdagi tovarlar uchun boj to‘lovlarini to‘lamaydilar.
Shuningdek, jismoniy shaxslar har chorakda bir marotaba kurerlik jo‘natmalari orqali 1 000 AQSh dollari qiymatiga teng bo‘lgan tovarlarni bojsiz qabul qilib olishlari mumkin.
Jismoniy shaxslar tomonidan olib o‘tilayotgan tovarlarning qanday maqsadga mo‘ljallanganligini aniqlashda tovarlarning miqdori hisobga olinadi va bunda tovarlarni olib o‘tayotgan jismoniy shaxs va uning oila a’zolari ehtiyojlaridan ortiq miqdordagi bir turdagi tovarlarga, agar tovarlarni olib o‘tayotgan shaxs aksini isbotlab bermasa, tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun olib kirilayotgan tovarlar deb qaraladi va qonun hujjatlariga binoan olib kirilayotgan tovarlarning barcha summasiga nisbatan bojxona rasmiylashtiruvining umumiy qoidalari qo‘llaniladi.
Ta’kidlash joizki, tovarlarni pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali qabul qilishda amaldagi bojsiz olib kirish me’yorlarini suiiste’mol qilishga bo‘lgan urinishlar ko‘plab uchramoqda. Masalan, yaqinda aniqlangan quyidagi holat ham fikrimizni tasdiqlaydi.
Singapurdan poytaxtimizda istiqomat qiluvchi fuqaro R.R. nomiga pochta jo‘natmasi orqali 1 dona «Replica Xiaomi Phone Mi 8 Snapdragon» markali telefon yuborilgan. Ushbu jo‘natmaga tegishli SN-23 shaklidagi bojxona deklaratsiyasida mazkur telefonning narxi 49 AQSh dollari qilib ko‘rsatilgan.
Ammo, tahlillar davomida bojxonachilar deklaratsiyadagi mazkur ma’lumot noto‘g‘ri ekanligini aniqlashgan. Jumladan, pochta jo‘natmasini qabul qiluvchi shaxs ushbu telefonga internetdagi «AliExpress Standard Shipping» onlayn do‘koniga 300 AQSh dollariga buyurtma bergani ma’lum bo‘ldi.
Ko‘rinib turibdi-ki, ushbu holatda qiymati 100 AQSh dollaridan yuqori bo‘lgan tovarning narxini asossiz ravishda pasaytirib, 49 AQSh dollari qilib ko‘rsatish orqali, ushbu telefonni bojsiz olib kirish me’yorlarini suiiste’mol qilish sodir etilgan.
Ushbu holatda bojxona xodimlari mazkur 300 AQSh dollarlik telefonning bojsiz olib kirishga ruxsat etilgan 100 AQSh dollarini chegirib tashlab, qolgan 200 AQSh dollari uchun belgilangan tartibda davlat budjetiga tegishli bojxona to‘lovlarini undirishgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalarini qabul qilayotgan jismoniy shaxslar uchun joriy qilingan tovarlarni bojsiz olib kirish me’yorlariga nisbatan turlicha yondashuvlar kuzatilmoqda.
Jumladan, kimdir buni ma’muriy cheklov sifatida baholasa, kimdir mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun qabul qilingan chora sifatida ta’kidlamoqda.
Aslida esa ushbu me’yorlar jismoniy shaxslarning manfaatlari har tomonlama inobatga olingan holda qabul qilingan deyishimiz mumkin.
Chunki, jismoniy shaxsning har chorakda 1000 AQSh dollari, yil davomida esa 4000 AQSh dollariga teng tovarlarni o‘z ehtiyoji uchun boj to‘lamasdan olib kirishi yurtimizda yashayotgan har bir shaxsning chetdan sifatli va arzon tovar olishini to‘liq kafolatlaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Davlat bojxona qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali kelayotgan tovarlar uchun joriy qilingan bojsiz olib kirish me’yorlari yuzasidan har qanday savol va murojaatlarga o‘z vaqtida javob berishga tayyor ekanligini ma’lum qiladi.
Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter