Bog‘chadagi bo‘shliq qachon to‘ladi?
— Keyingi paytlarda mamlakatimizda ko‘p yillardan buyon e’tibordan chetda qolib kelgan maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirishga doir ishlar odamlarning ko‘nglidagi gap bo‘ldi-da, — deb qoldi bir tanishim. — Ayniqsa, Prezidentning qishloqda voyaga yetayotgan farzandlarimizga ham bolalar bog‘chalarida barcha qulayliklarni yaratib berish haqidagi tashabbusi ota-onalarni qanchalar quvontirgan edi. Afsuski, bunday xayrli islohotlar biz istiqomat qilayotgan Samarqand tumani Ohalik qishlog‘idagi 12- va 6-maktabgacha ta’lim muassasalarigacha yetib kelmagan. Yoki ushbu bog‘chalar mutasaddilarning e’tiboridan chetda qolgan...
Kuyunchak suhbatdoshimiz mazkur ta’lim muassasalaridagi ayanchli holatlar haqida so‘z yuritar ekan, yaqinda o‘zi guvoh bo‘lgan bir voqeani aytib berdi.
— Yaqinda oilaviy sharoit sabab 12-maktabgacha ta’lim muassasasidan farzandimizni ertaroq olishga to‘g‘ri keldi. Bu ayni tush vaqtiga to‘g‘ri kelganligi bois bolalar uxlashga yotqizilgan ekan. Bolalar yotoqxonasiga ko‘zim tushdi-yu hayratdan qotib qoldim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, o‘n-o‘n besh chog‘li bola oyoqosti, polning ustida qator bo‘lib uxlashardi. Axir bu bolalar kimningdir ko‘z qorachig‘i-ku! Bundan ota-onalar xabardormikan, sohadagi «kattakon»lar-chi degan savol ich-etimni kemirdi. Axir Prezident sog‘lom va barkamol avlod kamolotiga shaxsan o‘zi g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan bir paytda bunday manzaraga tomoshabin bo‘layotgan quyi tizimdagi rahbarlar nima bilan band ekan?!
Muammoning yuki bolalarga(mi?)
Samarqand tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufidagi 12-maktabgacha ta’lim muassasasi tog‘-yon bag‘irlari bilan tutashib ketgan qishloqda joylashgan. Mazkur hududda istiqomat qilayotgan aholining farzandlari shu dargohda ta’lim-tarbiya olishadi. Muassasa 75 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bugungi kunda unda 100 nafar bola tarbiyalanmoqda. Keyingi paytlarda ota-onalarda farzandlarini bolalar bog‘chalariga berish ishtiyoqining ortganligi bois bugungi kunga kelib muassasada tarbiyalanuvchilar soni ko‘payib, shart-sharoitlar talabga javob bermay qolgan. To‘rtta guruhdagi bolalar sharoitlari haminqadar bo‘lgan ikkita xonaga joylashtirilgan. Natijada suhbatdoshimiz aytganidek, kimlarningdir aziz farzandlari polda yotib uxlashiga to‘g‘ri kelmoqda. Masalaga oydinlik kiritish maqsadida ta’lim muassasasi mudiri bilan suhbatlashdik.
— To‘g‘risi, muassasada bunday vaziyat yuzaga kelganidan o‘zim xijolatdaman, — deydi mudir Dildora Islomova. – Bog‘chamizda joy ham, jihozlar ham yetarli. Ammo xonalarda ta’mirlash ishlari borayotganligi sababli to‘rtta guruhning bolalari ikkita xonaga joylashtirilgan edi. Haqiqatan ham joy yetishmagan bolalar polga joy qilib yotqizilgan. Bu vaqtincha albatta. Xonalar ta’mirdan chiqarilgach ular o‘zlarining xonalari va alohida yotoq joylariga ega bo‘lishadi.
Chamalanayotgan kelajak
Xalqimizda «Bola tarbiyasi beshikdan» degan naql bejiz aytilmagan. Shu bois ta’limning ilk bosqichiga alohida e’tibor qaratilib, kerak bo‘lganida xalqaro tajribalarni ommalashtirish lozimligi e’tirof etilmoqda. Shu hududda faoliyat ko‘rsatayotgan 6-maktabgacha ta’lim muassasasidagi ahvol ham 12-bog‘chanikidan qolishmaydi.
Muassasadagi moddiy-texnik baza, zamonaviy shart-sharoitlar haqida gapirmaylik. Xodimlarning bola tarbiyasi yo‘lidagi loqaydliklari aslo kechirib bo‘lmas holat. Bola sonini oshirish maqsadida 70 o‘ringa mo‘ljallangan bog‘chaga 100 ta bola qabul qilingan. Aksariyat guruhlarda mashg‘ulot xonasi bilan yotoq joylar bitta xonada tashkil etilganligi uchun palapartishlik yuzaga kelgan. Qizig‘i, tizim uchun dasturilamal bo‘lgan «Bolajon» tayanch dasturi haqida birorta ham tarbiyachi yetarli bilimga ega emas. Ayni paytda yuz nafar bolani o‘z quchog‘iga olgan ushbu ta’lim muassasasidagi ahvoldan nahotki tizimning tuman, viloyatdagi rahbarlari bexabar bo‘lsa?!
Eng achinarli tomoni shundaki, muassasada bolalarning sog‘lig‘ini nazorat qilish, ularga zarur holatlarda birinchi yordam ko‘rsatish uchun umuman shart-sharoit yo‘q. Tibbiyot hamshirasi muassasa rahbarining xonasida o‘tirib ishlaydi. Belgilangan tartib-qoidalar bo‘yicha har kuni ertalab tarbiyalanuvchilarning harorati maxsus uskuna orqali o‘lchanishi, og‘iz bo‘shlig‘i tekshirilishi lozim. Ammo muassasada zarur tibbiy asbob-uskunalar yo‘qligi tufayli hamshira tomonidan chamalab tekshiruvdan o‘tkazilib qabul qilinmoqda. Ushbu holatga hamshira imkoniyat va sharoitdan kelib chiqib ish yuritayotganini e’tirof etdi.
— Ta’lim muassasasiga yaqinda rahbar bo‘lib kelganman, — deya gap boshladi muassasa mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nodira G‘aniyeva. – Bu yerga kelganimda muassasaga bor-yo‘g‘i 17 nafar bola qatnar edi. Ota-onalar bilan olib borgan muloqotlarimiz samara berib bugun tarbiyalanuvchilar soni yuztaga yetdi. Tashkiliy ishlar bilan bo‘lib tarbiyachilarning bilimiga e’tibor bermabmiz. Nasib etsa kelgusida bu masala bo‘yicha ham jiddiy ishlaymiz. Tibbiyot xonasi, zarur tibbiy asbob-uskunalar muammosini ham bartaraf etish choralarini ko‘ramiz. Farzandlarimizning har tomonlama rivojlanishi uchun xodimlarimiz sidqidildan ishlashlari lozim.
Aslida ota-onalarga katta va’dalarni berib, muassasada bola qamrovini oshirish orqali tashkilot hisobiga pul tushirish uchun qayg‘urayotgan bog‘cha opalar avvalo bolalarga qulay shart-sharoit yaratish, ularning salomatligi haqida tashvishlansalar foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, shunda bilimli, sog‘lom va barkamol avlod shakllanadi. Bilmay qolibmiz, ko‘rmay qolibmiz degan bahonalar bola tarbiyasi uchun muhim ahamiyat kasb etadigan sohada o‘tmaydi.
Rejalar bisyor, ular qachon amalga oshadi?
Samarqand tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Dilfuza Azizova bilan tizimda qilinayotgan ishlar haqida ancha suhbatlashdik. Xususiy sektorni rivojlantirish yuzasidan tumanda olib borilayotgan ishlar yaqin kelajakda samara berishi to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdi. Kadrlarni tanlash, ularning malakasini oshirish borasida ham tizimli rejalar ishlab chiqilganini e’tirof etib, muammolarga yechim topilayotganini ta’kidladi. Yuqoridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida yuzaga kelgan muammolar ham tezda hal etilishini bildirdi.
Ishondik.
Ishonib to‘g‘ri qildikmi-yo‘qmi, vaqti kelganda bilib olamiz.
Shuhrat Qarshiyev, «Jamiyat» muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter