Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bilamiz: sizlar «zo‘r»sizlar!» – deputat Rasul Kusherbayev «hokimi mutlaq» haqida

«Bilamiz: sizlar «zo‘r»sizlar!» – deputat Rasul Kusherbayev «hokimi mutlaq» haqida

Foto: Xabar.uz

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning ovozi ekani aytilayotgan audio tarqalgandi.

Audioda hokim jurnalistlar bilan qanday gaplashishi, shuningdek, Marhamat tumanidagi «shallaqi» murojaatchilarga qanday chora ko‘rganini aytib maqtangani anglashiladi.

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati audioyozuv Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonovga tegishli ekanligi qayd etib, u bundan ikki yil muqaddam yozib olinganligini bildirdi.

Keng jamoatchilik muhokamasida bo‘lib turgan holatga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ham fikr bildirdi.

«Bir shaxsda vakolatlarning haddan ortiq ko‘p bo‘lishi atrofdagilarga qimmatga tushadigan xatolarga sabab bo‘ladi. Ustiga ustak, agar bunday vakolat egasi tarbiyadan yiroq, muomala madaniyati yo‘q, bilimi past, ikkiyuzlamachi bo‘lsa bu – chinakam fojia.

Ko‘plab amaldorlarning qo‘pol muomalasi va qonunlarga «tupurib qo‘yib» feodal zamon kabi kimni istasa o‘shani «15 sutkaga» qamatib yuborish prinsipi yaqin tarixda paydo bo‘lib qolgan boshqaruv uslubi emas. Men buni Lenin inqilobidagi «hokimiyat, boshqaruvni dehqon va yupunlarga ber», degan siyosatning oqibati, deb bilaman.

O‘z davrida bilim, odamlar bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan bir guruh zaif odamlarning boshqaruvga kelishi tabiiy ravishda ular tomonidan qo‘rqitish, so‘kish, do‘q-po‘pisa qilish orqali boshqarish «instituti»ga asos solinishiga sabab bo‘lgan. Va bu «institut»ning usullari bizda hali ham meva berishda davom etayapti.

Andijon hokimi masalasida esa hokim buni qachon aytgani muhimmas, muhimi u Lenin sabab boshlangan «boshqaruv maktabi»ning sodiq vorisi bo‘lib, vakillik, sud organlari ustidan amalda mutlaq hokimiyat o‘rnatib olgan feodal zamoniga mos insonligi.

O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish, majburiy mehnat va boshqalarga qarshi kurashib, dunyoga yuz tutib borayotgan bir vaqtda qanchalar xunuk va sharmandali holat: hech bo‘lmasa demokratiya hurmati uchun ham hokim janoblari Andijonning «hokimi mutlaq» ekanligini bildirib, maqtanmasa bo‘lardiku. Biz shundoq ham bilamiz: sizlar «zo‘r»sizlar!» – deb yozadi Rasul Kusherbayev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring