Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Besh ming metrdan qulashdan keyingi hayot

Besh ming metrdan qulashdan keyingi hayot

Foto: «Kp.ru»

Larisa Savitskayaning tug‘ilgan kuni ikkita: birinchisida dunyoga kelgan, ikkinchisi — 24-avgustdagisi taqdir tuhfasi.

1981-yilning 24-avgust sanasida Uzoq Sharq osmonida Komsomolsk-Amurdan parvoz qilgan «An-24» samolyoti «Tu-16K» bombardimonchi samolyoti bilan to‘qnashib ketadi. Aviahalokat oqibatida 37 nafar inson halok bo‘lgan. Birgina 20 yoshli Larisa Savitskaya omon qolgan. 5200 metr balandlikdan yerga qulagan samolyot yo‘lovchilari orasida mo‘’jiza yuz berib o‘lmay qolgan yagona inson.

O‘sha qizning keyingi taqdiri qanday kechdi? «Ridus» bunga oydinlik kiritdi.

Halokat yuz bergan kuni Larisa turmush o‘rtog‘i bilan to‘y sayohatidan qaytayotgandi, qaylig‘i halok bo‘ldi, o‘zi esa uzoq vaqt kasalxonada qolib ketdi. Faqat oradan yigirma yil o‘tibgina rossiyalik ayol qalbidagi alamli og‘riq bilan yashashga ko‘nikdi, o‘sha fojiani iloji boricha unutishga harakat qiladi.

Larisani yaqinda Perm o‘lkasida suratga olinayotgan «Yolg‘iz» filmiga maslahatchilikka taklif etishibdi. Kino o‘sha halokat haqida.

«O‘shanda nima bo‘lganini faqat bir marta so‘zlab berishimni aytdim, ortig‘iga kuchim yetmaydi. Hissiyotlarni yozib oluvchi datchiklar, ikkita poligraf, ikkita kamera o‘rnatishdi», — dedi Larisa suratga olish jarayonlariga to‘xtalarkan.

Halokatdan omon qolgan qizni yerda boshqa bir dahshatli sinov kutayotgandi, to qutqaruvchilar topib kelgunlaricha uch kunni o‘lgan yo‘lovchilar orasida o‘tkazadi.

«Hamma yuztuban ag‘darilib yotar, ko‘zlarim erimdan boshqa hech kimning yuzini ko‘rmasdi. Eng oxiri bo‘lib bizni topishdi, qarindoshlar allaqachon go‘rimizni qazib qo‘yishgan ekan», — eslaydi Savitskaya.

Mudhish tarix, ammo usiz yashash mumkinmas. Larisa qalbining bir bo‘lagi o‘sha halokatda chilparchin bo‘lganini aytadi.

«Qayerda samolyot halokatga uchraganini eshitsam, o‘zimni shu samolyotda o‘tirgandek his etaman. Hammasi tugagan, hayot to‘xtab qolgan chorasiz vaziyat. Halok bo‘lganlarga aza tutaman», — deydi Larisa.

Larisa Savitskaya hozirgi turmush o‘rtog‘i bilan. Shaxsiy arxivdan «Ridus»ga taqdim etilgan foto

Larisa Savitskaya hamma qatori yashashga urinadi, baxtli ekanini aytadi: hozir sevimli turmush o‘rtog‘i, o‘g‘li, nevarasi bor. Yagona qiynaydigani — salomatligi. Hech qanaqa qo‘rquvlarsiz samolyotlarda ham uchyapti, ammo aviahalokatlar haqidagi filmlarni yoqtirmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring