Asakada qabriston uchun ajratilgan yerga molxona qurildi. Bu ishda prokurorning «qo‘li» borligi aytilmoqda
Asaka tumanida qabriston uchun ajratilgan yer maydoni molxonga aylantirilgan. Shu kunlarda holat Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Andijon viloyat kengashiga saylangan deputatlar o‘rganmoqda. O‘rganish jarayonida noqonuniy holatlar ko‘rina boshlangan va bunda Asaka tuman prokurorining qo‘li borligi aytilmoqda, deya yozmoqda mahalliy bloger Otabek Nuritdinov.
Deputatlarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, qabristonga tegishli yer maydoniga molxona qurishga ruxsat berish haqidagi hokimning qarori qonuniy ekani katta shubha tug‘dirmoqda. Molxona egasi esa qo‘liga hali tegishli qaror tegmayoq qurilish ishlarini boshlab yuborgani, bunga asos tariqasida «prokurornining shaxsan o‘zi molxona quraver», deya og‘zaki ruxsat berganini bildiribdi.
Molxona qurilishida silos uchun betondan katta joy qilingan. Uning (molxonaning) devoridan o‘n metr nariroqda qabrlarda marhumlar yotibdi. «Siz o‘zingiz molxona bilan yonma-yon qabrda yotarmidingiz? Shu ishingiz to‘g‘rimi? Xalqimiz qabriston uchun berishga harakat qilsa, sizni qabriston yerini egallab olishingiz qanchalik to‘g‘ri?» mazmunidagi savollarga javob ololmaganini bildirgan bloger «Deputatlarimiz shunchaki piar uchun kelishganmi yoki haqiqatan xalq manfaati uchun kurashgani kelishganmi, buni yaqin kunlarda bilamiz», deya gapiga yakun yasaydi.
Demak, biz ham kutamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter