Sud Asakaning yana ikki sobiq mansabdoriga hukm o‘qidi
Bir muddat oldin jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtaobod tuman sudining 2023-yil 27-yanvardagi hukmi bilan Andijon viloyati Asaka tumanining sobiq hokimi Mansur Alixonovga nisbatan ozodlikdan cheklash jazosi qo‘llanilgani haqida xabar berilgan edi. U Jinoyat kodeksining 167, 205, 209 hamda 229-4-moddalari bilan aybli deb topilgan.
Oliy sud axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, sobiq hokim va uning jinoiy sherigi, Asaka tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan U. S. sud hukmidan norozi bo‘lib apellyatsiya tartibida shikoyat kiritgan va shu asosda jinoyat ishining ularga oid qismi 2023-yil 30-mart kuni Andijon viloyat sudining apellyasiya instansiyasida ko‘rib chiqiladi.
Sobiq mansabdor U.S. ham sud hukmi bilan Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan aybli deb topilgan va unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 3 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtaobod tuman sudining ushbu hukmi bilan yana bir mansabdor – Kadastrlar palatasi Asaka tumani filiali sobiq mutaxassisi O. Q. ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi bilan aybli deb topilgan. Unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, ish haqining yigirma foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter